Saida Mirziyoyeva Oliy sudning yangi raisini tanishtirdi
Tizim alohida shaxslarga bogʻlanib qolmasdan, kadrlar almashinuvidan qatʼi nazar, soat mexanizmi kabi aniq va uzluksiz ishlashi kerakligi taʼkidlandi.

Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva 22 iyun kuni Oliy sudning yangi raisi Robaxon Anvarovna Maxmudovani sudyalar hamjamiyati hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlariga tanishtirdi.
“Prezidentimiz odamlar uchun eng muhim qadriyatlardan biri — adolat ekanini koʻp bor taʼkidlaganlar. Jamiyatimizda qonunsizlik va korrupsiyaga aslo oʻrin qolmasligi shart. Zero, rivojlanish va farovonlikka qaratilgan har qanday islohot faqat mustaqil sudning ishonchli himoyasidagina chinakam kuchga ega boʻladi.
Hozirda Toshkent xalqaro moliya markazida Angliya huquqiga asoslangan sud tizimini shakllantiryapmiz. Amaldagi sudlarimiz ham ana shunday yangi tajribalarga ochiq boʻlishi, dunyoning ilgʻor namunalarini oʻz faoliyatida dadil joriy qilishi juda muhimdir”, deb yozdi Saida Shavkatovna.

Tizim alohida shaxslarga bogʻlanib qolmasdan, kadrlar almashinuvidan qatʼi nazar, soat mexanizmi kabi aniq va uzluksiz ishlashi kerakligi, har bir sudya sharafi va shaʼnini yuksak darajada saqlagan holda egnidagi mantiyasiga munosib boʻlishi lozimligi taʼkidlandi.
Saida Mirziyoyeva Robaxon Anvarovnaga mustahkam iroda hamda doimo oqilona, halol va adolatli qarorlar qabul qilishida ulkan muvaffaqiyatlar tiladi.
