Murojaatlar bilan eng yomon ishlaydigan banklar roʻyxati eʼlon qilindi
Bunday banklar roʻyxatida birinchi oʻrinni "Biznesni Rivojlantirish banki" egallagan. Keyingi oʻrinlarda esa "Anorbank" va "Mikrokreditbank" turibdi.

Markaziy bank tomonidan 2026 yil I chorak yakuniga koʻra, murojaatlar bilan eng yomon ishlaydigan banklar indeksi eʼlon qilindi.
Regulyator isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish hamda bank xizmatlari sifatini oshirish maqsadida Markaziy bank va boshqa davlat idoralariga banklar faoliyati yuzasidan kelib tushayotgan murojaatlarni muntazam tahlil qilib bormoqda.
Markaziy bank maʼlumotlariga koʻra, mijozlar murojaatlari boʻyicha eng yomon ishlaydigan banklar roʻyxatida birinchi oʻrinni "Biznesni Rivojlantirish banki" egallagan. Keyingi oʻrinlarda esa "Anorbank" va "Mikrokreditbank" turibdi.
Shuningdek, "AVO bank" va "TBC bank" ham murojaatlar boʻyicha salbiy koʻrsatkichga ega banklar roʻyxatida toʻrtinchi va beshinchi oʻrinlardan joy olgan.

Markaziy bank mijozlar soniga nisbatan murojaatlar ulushi yuqori boʻlgan banklar quyidagi masalalarga alohida eʼtibor qaratishi lozimligini bildirdi:
— bank mahsulotlari va xizmatlari boʻyicha mijozlarga yetarli tushuntirish berilmasligi;
— murojaatlarga oʻz vaqtida va sifatli javob taqdim etilmasligi;
— takroriy shikoyatlarga sabab boʻlayotgan tizimli kamchiliklarning saqlanib qolishi;
— masofaviy xizmatlar, toʻlovlar, kreditlar va boshqa bank operatsiyalari bilan bogʻliq muammolarning oʻz vaqtida hal etilmasligi;
— isteʼmolchilar huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha ichki nazorat mexanizmlarini yanada takomillashtirish zarurligi.
