platina.uz
Maqola

Amerika 250 yillik chegarada: bir qutbli dunyoning tugashi va yangi global davrning boshlanishi

SSSR parchalanganidan keyin esa AQSh yagona superdavlatga aylandi. Uning taʼsiri jahon iqtisodiyoti, texnologiyasi, madaniyati va harbiy sohalarga keng tarqaldi. Bu davr koʻpincha "bir qutbli dunyo" deb ataladi.

Amerika 250 yillik chegarada: bir qutbli dunyoning tugashi va yangi global davrning boshlanishi

Bu yil 4 iyul kuni AQSh oʻzining 250 yilligini nishonlaydi. 1776 yilda mustaqillikka erishgandan soʻng, AQSh uzoq vaqt davomida asosan ichki rivojlanish va gʻarbiy tomonga hududiy kengayishga eʼtibor qaratgan mintaqaviy davlat boʻlib qoldi.

AQShning jahon gegemoniyasiga aylanish yoʻli taxminan ikki asr davom etdi va u hududiy kengayish, sanoatlashuv, jahon urushlarida ishtirok hamda global institutlar orqali taʼsir oʻrnatish kabi omillar uygʻunligiga asoslandi.

SSSR parchalanganidan keyin esa AQSh yagona superdavlatga aylandi. Uning taʼsiri jahon iqtisodiyoti, texnologiyasi, madaniyati va harbiy sohalarga keng tarqaldi. Bu davr koʻpincha «bir qutbli dunyo» deb ataladi.

Bir qutbli dunyo tizimiga putur yetdimi?

Amerika siyosiy tafakkurida tobora koʻproq shunday fikr yangramoqdaki, u yaqingacha deyarli rad etib boʻlmaydigan haqiqatga aylandi: SSSR parchalanganidan keyin shakllangan bir qutbli dunyo endi mavjud emas. The National Interest kabi nashrlardagi tahlillar buni oddiy vaqtinchalik qiyinchilik sifatida emas, balki butun jahon tizimining tuzilmaviy oʻzgarishi sifatida baholamoqda.

AQShning 250 yillik yubileyi arafasida bu ayniqsa ramziy maʼno kasb etadi: uzoq vaqt davomida global tartibni shakllantirgan davlat endi oʻsha tartibning oʻzi asoslarini qayta koʻrib chiqishga majbur boʻlmoqda. Bu yerda gap Amerika qudratining «yoʻqolishi» haqida emas. Balki tarixiy noyob davr — bir davlat butun dunyo qoidalarini belgilay olgan bir qutbli bosqichning tugashi haqida gap ketmoqda.

1776 yildan 1991 yilgacha: Amerika qanday qilib markazga aylandi

Mazkur jarayonni tushunish uchun AQShning tarixiy yoʻlini koʻrib chiqish zarur.

1776 yilda mustaqillik eʼlon qilinganidan keyin AQSh bosqichma-bosqich ichki rivojlanish va kengayish yoʻlidan bordi.

Mustaqillikdan soʻng AQSh hududiy jihatdan faol kengaydi: Fransiyadan Luiziana hududi sotib olindi (1803 yil), shuningdek Meksika bilan urush natijasida (1846–1848) katta yerlar qoʻlga kiritildi. XIX asr oxiriga kelib mamlakat kuchli sanoat bazasiga va dunyodagi eng yirik ichki bozorlardan biriga ega boʻldi.

1898 yilgi ispan-amerika urushi burilish nuqtasi boʻldi: urushdan soʻng AQSh Filippin, Puerto-Riko va Guam kabi dengiz orti hududlariga ega boʻldi hamda jahon siyosatida faol ishtirok eta boshladi. Shu bilan birga mamlakatning iqtisodiy qudrati va Amerika kapitali ekspansiyasi kuchaydi.

Birinchi jahon urushi davrida AQSh Yevropaga asosiy kreditor va taʼminotchiga aylandi. Ikkinchi jahon urushidan soʻng esa mamlakat gʻolib davlat sifatida chiqdi: Yevropa va Yaponiya vayron boʻlgan holda AQShga iqtisodiy jihatdan bogʻliq edi. AQSh sanoati deyarli zarar koʻrmadi va harbiy-iqtisodiy qudrati keskin oshdi. AQSh Gʻarb dunyosining markaziga aylandi.

1945 yil hal qiluvchi burilish nuqtasi boʻldi: vayron boʻlgan Yevropa va zaiflashgan imperiyalar AQSh uchun global yetakchilik maydonini ochib berdi. Sovuq urush ikki qutbli tizimni mustahkamladi — AQSh va SSSR butun dunyo muvozanatini belgilab turdi.

Biroq haqiqiy burilish 1991 yilda yuz berdi. Sovet Ittifoqining parchalanishi «bir qutbli lahza» deb atalgan davrni boshlab berdi. AQSh yagona superqudratli davlat sifatida xavfsizlik, iqtisodiyot, moliya, texnologiya va mafkuraga bir vaqtning oʻzida taʼsir oʻtkaza oladigan davlatga aylandi. Aynan shu paytda liberal xalqaro tartib shakllandi — Vashington uning asosiy kafili va boshqaruvchisiga aylandi.

Liberal tartib: eng yuqori choʻqqi va birinchi jarlik

1990–2000-yillar Amerika yetakchiligining eng yuqori davri boʻldi. Globallashuv Gʻarb qoidalari asosida kechdi, xalqaro institutlar kuchaydi, koʻplab davlatlar Vashington modelini qabul qildi. Biroq aynan shu davrda kelajakdagi ziddiyatlar ham shakllana boshladi.

Birinchidan, NATO kengayishi va Iroq hamda Afgʻonistondagi urushlar Amerika yetakchiligiga boʻlgan ishonchni susaytirdi.

Ikkinchidan, globallashuv AQSh bilan birga uning kelajakdagi raqiblarini ham, ayniqsa Xitoyni ham kuchaytirdi.

Uchinchidan, liberal tartib AQSh iqtisodiy ustunligiga tayangan edi, bu ustunlik esa vaqt oʻtishi bilan pasayib bordi.

Yangi dunyoning uch qutbi: AQSh, Xitoy va Rossiya

Bugungi xalqaro tizim tobora koʻproq katta davlatlar raqobati sifatida koʻrilmoqda. Xitoy AQSh uchun eng asosiy tizimiy raqibga aylandi. Bu raqobat faqat harbiy emas, balki texnologiya va iqtisodiyot sohasida ham kechmoqda. Sunʼiy intellekt, mikroelektronika, global taʼminot zanjirlari va kamyob metallar nazorati asosiy maydonga aylangan.

Rossiya esa nisbatan kichik iqtisodiy kuch boʻlsa-da, Yevropa, Yaqin Sharq va postsovet makonidagi geosiyosatga taʼsir oʻtkaza oladigan davlat sifatida qayta paydo boʻldi. Shu tariqa, dunyo na bir qutbli, na ikki qutbli — balki ancha murakkab tizimga aylanmoqda.

Global Janubning yuksalishi: «vertikal dunyo» tugayapti

XXI asrning eng muhim oʻzgarishlaridan biri — Global Janub mamlakatlarining mustaqillashuvidir.

Hindiston, Turkiya, Braziliya, Fors koʻrfazi davlatlari, Janubi-Sharqiy Osiyo va Afrika mamlakatlari endilikda Gʻarbga ergashish modelidan voz kechmoqda. Ular koʻp vektorli siyosat olib bormoqda. BRIKS kabi formatlar shu tendensiyani aks ettiradi, ammo bu yagona blok emas. Bu — dunyoda «markaz va periferiya» tizimi yoʻqolayotganining belgisidir.

Taʼsir doiralariga qaytish

Hozirgi xalqaro tizim XIX asr va Sovuq urush davrining aralash modelini eslatadi.

Bir tomondan xalqaro institutlar saqlanib qolmoqda. Ikkinchi tomondan esa qarorlar tobora koʻproq katta mintaqaviy kuchlar oʻrtasidagi kelishuvlar asosida qabul qilinmoqda. Dunyo asta-sekin taʼsir doiralari mantigʻiga qaytmoqda — universal qoidalar oʻrniga kuchlar muvozanati asosiy omilga aylanmoqda.

Amerika yetakchiligining xatolari

Bir qutbli tizim inqirozi faqat raqiblar kuchayishi bilan emas, AQShning oʻzidagi qator xatolar bilan ham bogʻliq. Bu yerda bir necha asosiy omillarga eʼtibor qaratish lozim.

Bu avvalo Iroq va Afgʻonistondagi uzoq urushlar, Eron bilan ziddiyatdagi nisbatan muvaffaqiyatsizlikka uchrashi bilan bogʻliq. Shuningdek, sanksiyalarni asosiy bosim vositasiga aylantirish, demokratiya modelini majburiy eksport qilish urinishlari, ichki siyosiy qutblanishning kuchayishi, ishlab chiqarishning Osiyoga koʻchishi bu jarayonlarga katta taʼsir koʻrsatdi. Natijada AQSh yetakchilikni saqlab qoldi, ammo qoidalarni yakka oʻzi belgilash imkoniyatini yoʻqotdi.

Xitoy: asosiy raqib

SSSRdan farqli ravishda, Xitoy mafkuraviy muqobillikni emas, balki amaliy raqobatni taklif qilmoqda. U texnologik farqni qisqartirmoqda, sanoat zanjirlarini nazorat qilmoqda va global infratuzilmaga sarmoya kiritmoqda. Bu raqobatni yanada murakkab qiladi — u bir vaqtning oʻzida iqtisodiyot, texnologiya va geosiyosatda kechmoqda.

Shu oʻrinda taʼkidlash kerak, baʼzilar hamon Rossiyani AQShning asosiy raqibi sifatida koʻradi. Bu tarixiy inersion tafakkur bilan bogʻliq. Aslida Rossiya hozir AQSh tugul Xitoy bilan ham teng raqobat va hamkorlik qila olmaydi. Ayniqsa Ukrainaga bostirib kirishi va 5 yildan beri davom etayotgan urush va u bilan bogʻliq sanksiyalar bois Rossiya taʼsirining pasayib ketishi tufayli Vashington Moskvani oʻzi uchun jiddiy raqib sifatida koʻrmaydi. Hozirda asosiy raqib – kuchayib borayotgan Xitoy.

AQSh kelajagi: moslashuv yoki inersiya?

Vashington uchun asosiy savol — u oʻz rolini saqlab qoladimi yoki uning mohiyatini oʻzgartiradimi.

Ekspertlar bu borada 2 xil ssenariyni tasavvur qilishadi.

Birinchisi — moslashuv ssenariysi. AQSh koʻp qutblilikni tan oladi va asosiy raqobat — Xitoyga qarshi strategiyaga oʻtadi.

Ikkinchisi — inersion ssenariy. AQSh eski global yetakchi modelida qolib ketadi, bu esa ichki va tashqi bosimni kuchaytiradi.

Amalda esa bu ikki model aralash holda rivojlanishining ehtimoli baland.

2050 yilgacha dunyo: uch ehtimoliy ssenariy

Xoʻsh, dunyo oʻzgarayotgan ekan, nisbatan yaqin istiqbolda, aytaylik 2050 yilgacha qanday tizim shakllanadi?

Koʻpgina taxminlarga koʻra — uch qutbli tizim - AQSh, Xitoy, Hindiston/Yevropa uchligi shakllanadi.

Boshqa bir ssenariyga koʻra, koʻp qutbli dunyoga qaytiladi.

Ayrimlar esa mintaqaviy bloklar va fragmentlangan (parchalangan tizim) barpo boʻladi.

Eng ehtimoliy variant — aniq iyerarxiyasiz koʻp qutbli dunyo barpo boʻladi.

Xulosa: istisno davrining tugashi

Xulosa qilib aytganda, AQSh 250 yillik yubileyga qudrati yoʻqolgan davlat sifatida emas, balki oʻzining «istisno» maqomidan voz kechishga majbur boʻlgan mamlakat sifatida yaqinlashmoqda. Bir qutbli dunyo 1991 yildan keyin paydo boʻlgan tarixiy anomaliya edi. U toʻsatdan yoʻqolmayapti — balki asta-sekin yangi iqtisodiy markazlar va geosiyosiy kuchlar taʼsiri ostida erimoqda.

XXI asrning asosiy savoli — AQShni kim almashtiradi emas, balki dunyo yagona markazsiz qanday ishlay oladi, degan masaladir. Aynan shu savolga berilgan javob kelajak oʻn yilliklar xalqaro siyosat arxitekturasini belgilab beradi.

Abulfayz Sayidasqarov

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid