Saylovlar oʻtdi, muammolar boshlandi
Buyuk oʻzbek adibi Alisher Navoiy aytganidek, “ikki kemaning boshini tutgan – gʻarq boʻladi”. Biroq ayrim siyosatchilar buning uddasidan chiqishiga ishonadi. Pashinyan ham shunday oʻylayotgan boʻlsa ajab emas.

Parlament saylovlaridan keyin Armaniston Gʻarb bilan integratsiya jarayonlariga yanada jiddiyroq kirishib bormoqda. Jumladan, bu yerda NATO davlatlari qoʻshinlari ishtirokidagi Eagle Partner-2026 harbiy mashgʻulotlari boshlandi. Mashgʻulotlarda AQSh, Fransiya va Gretsiya harbiy xizmatchilari ishtirok etyapti.
Asosiy maqsadlar nima?
Rasmiy maʼlumotga koʻra, tinchlikparvarlik operatsiyalari doirasida xalqaro missiyalarda ishtirok etuvchi boʻlinmalarning oʻzaro muvofiqlik darajasini oshirish, boshqaruv va taktik aloqa sohasida ilgʻor tajribalar almashish, Armaniston tinchlikparvar boʻlinmalarining tayyorgarligini takomillashtirish - mashgʻulotlarning asosiy maqsadlaridir.
Armaniston Mudofaa vazirligi maʼlumotiga koʻra, mashgʻulotlarda Armaniston tomonidan tinchlikparvar brigadasining 250 nafar harbiy xizmatchisi ishtirok etadi. AQSh tomonidan Yevropada va Afrikada joylashgan Qoʻshma Shtatlar quruqlik qoʻshinlarining 58 nafar harbiysi hamda Kanzas milliy gvardiyasi vakillari qatnashadi. Shuningdek, Fransiya va Gretsiya qurolli kuchlari mos ravishda 24 va 11 nafar ishtirokchini Armanistonga yuboradi.
Taʼkidlash kerak, Armaniston va AQSh harbiylari turli formatlarda muntazam ravishda qoʻshma mashgʻulotlar oʻtkazib keladi. 2024 yil dekabr oyida Armaniston mudofaa vaziri Suren Papikyan armyan-amerika mudofaa hamkorligida Armaniston qurolli kuchlarini transformatsiya qilish hamda AQSh armiyasi bilan oʻzaro hamkorlik darajasini oshirishga qaratilgan yoʻnalishlarni ustuvor deb atagan edi.
Uning taʼkidlashicha, bu yoʻnalishlarga harbiy taʼlim, jangovar tayyorgarlik, xalqaro tinchlikparvar missiyalarda ishtirok doirasidagi mashgʻulotlar, professional serjantlar va instruktorlar malakasini oshirish, shuningdek Armaniston qurolli kuchlarining oʻquv-mashq salohiyatini rivojlantirish kiradi.
Bundan tashqari, Armaniston bilan NATO davlatlari oʻrtasida 2005 yil dekabr oyida imzolangan Individual hamkorlik rejasi amal qilib kelmoqda. Ushbu dasturda ishtirok etish Armaniston uchun mintaqaviy xavfsizlik boʻyicha NATO bilan muntazam maslahatlashuvlar oʻtkazishni, xavfsizlik strategiyasini ishlab chiqishni, Armanistonning harbiy doktrinasini takomillashtirishni, mudofaa va byudjet rejalashtirish jarayonlarini yaxshilashni hamda boshqa masalalarni nazarda tutadi.
2024 yil mart oyida NATOning oʻsha paytdagi bosh kotibi Yens Stoltenberg Armaniston va NATO yangi hamkorlik dasturi boʻyicha kelishuvga yaqinlashganini maʼlum qilgan edi.
Rossiya har doimgidek norozi
Armanistonning NATO bilan birgalikda oʻtkazayotgan harbiy mashgʻulotlari Yerevanning KXShTdagi aʼzoligini muzlatib qoʻygani fonida afsus uygʻotadi. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Mariya Zaxarova 18 iyun kuni boʻlib oʻtgan brifingda maʼlum qildi.
Bu bayonot aynan oʻsha kuni KXShT bosh kotibi Taalatbek Masadikov Armaniston tashkilot byudjetiga uch yildan beri badal toʻlamayotganini aytganidan keyin yangradi. Uning soʻzlariga koʻra, amalda Armaniston KXShT faoliyatida deyarli ishtirok etmayapti, biroq yuridik jihatdan tashkilot aʼzosi boʻlib qolmoqda. Qarzdorlik masalasi Qozon shahrida boʻlib oʻtgan tashkilot Tashqi ishlar vazirlari kengashi yigʻilishida muhokama qilingan.
Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan KXShTdagi ishtirokini muzlatish haqida 2024 yil aprel oyida maʼlum qilgan edi. 2026 yil iyun oyida esa u tashkilotdan chiqishni keyingi «mantiqiy qadam» deb atadi va agar Armanistonni tashkilotdan chiqarish toʻgʻrisida qaror qabul qilinsa, Yerevan bu holatni «inobatga olishga majbur boʻlishini» bildirdi.
Pashinyan qachongacha “ikki kemaning boshini tutmoqchi”?
Buyuk oʻzbek adibi Alisher Navoiy aytganidek, “ikki kemaning boshini tutgan – gʻarq boʻladi”. Biroq ayrim siyosatchilar buning uddasidan chiqishiga ishonadi. Pashinyan ham shunday oʻylayotgan boʻlsa ajab emas.
Parlament saylovlarida ovoz berganidan soʻng Pashinyan mamlakat kelajagini qanday koʻrishi haqidagi savolga javob berib, Armaniston bundan keyin ham Rossiya va Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlarda muvozanatli tashqi siyosat olib borishini taʼkidlagan edi.
Bosh vazirning fikricha, hatto Armaniston Yevropa Ittifoqiga aʼzo boʻlmasa ham, agar mamlakat Yevropa standartlariga mos kelsa, baribir yutuqqa erishadi. Shuningdek, u Armanistonni YeOII aʼzoligidan mahrum qilish mumkin emasligini taʼkidladi, chunki mazkur tuzilmada barcha qarorlar konsensus asosida qabul qilinadi.
Pashinyan Armanistonning ayrim tovarlarini Rossiyaga eksport qilish boʻyicha joriy etilgan cheklovlarni «oddiy ishchi masalalar» deb baholadi. Uning taʼkidlashicha, YeOII boʻyicha hamkor davlatlar «biroz notoʻgʻri yoʻl tutmoqda» va oʻz bayonotlari bilan Armanistonda Ittifoqning ijobiy imijini mustahkamlash oʻrniga, aksincha, uning nufuzini pasaytirishga xizmat qilmoqda.
Rossiya bilan munosabatlar hozircha saqlab qolinadi
Rossiya bilan munosabatlarga toʻxtalgan Pashinyan ular oʻzaro hurmat asosida qurilganini va mustahkam institutsional poydevorga ega ekanini taʼkidlagan edi. Uning soʻzlariga koʻra, hozirgi taranglik «sunʼiy xususiyatga ega». Pashinyan yana bir bor saylovlardan keyin Moskvaga hamda dunyoning boshqa bir qator poytaxtlariga tashrif buyurish niyatida ekanini maʼlum qildi.
Yaqinda esa - Vazirlar Mahkamasi yigʻilishidan keyin hukumatda jurnalistlarga bergan bayonotida, Pashinyan 6–7 avgust kunlari Qirgʻizistonda boʻlib oʻtadigan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi Hukumatlararo kengashining navbatdagi yigʻilishida ishtirok etishini aytdi. Bu esa Pashinyan hozircha yangi uy qurilmasdan turib eski uyni buzishga shoshilmayotganini anglatadi.
Yerevanda hammayoq tinch emas
Saylovlarda Pashinyan partiyasi gʻalaba qozongan boʻlsa-da, koʻpchilik ovozini qoʻlga kirita olmadi — partiya 49,7 foiz ovoz toʻpladi. Bu esa Pashinyan hukumatni mustaqil ravishda shakllantira olmasligini anglatadi. U Rossiyaga moyil muxolifat bilan hisoblashishga majbur boʻladi. Muxolifat esa allaqachon faol harakatlarni boshlab yubordi.
Jumladan, aholi qoʻllab-quvvatlovini qozonish maqsadida armyan muxolifati keng koʻlamli miting oʻtkazishni rejalashtirmoqda. Bu haqda «Kuchli Armaniston» partiyasi rahbari Samvel Karapetyan maʼlum qildi. Ammo u mitingning aniq sanasini hozircha ochiqlamagan.
Bundan avval Karapetyan mamlakatda muxolifat kuchlarini birlashtirish jarayoni boshlanganini va hamkorlikda ishlash zarurligini taʼkidlagan edi. U muvofiqlashtiruvchi kengash tuzish, toʻgʻridan-toʻgʻri efirlar oʻtkazish hamda jamiyatdagi mavjud muammolarni ochiq muhokama qilishni taklif qildi.
«Saylovlargacha koʻplab muxolifat kuchlari bilan kelishuvga erisha olmagan edik. Shuning uchun bugungi birlashuv mamlakatimiz va xalqimiz uchun nihoyatda muhim ahamiyatga ega», — dedi u mahalliy OAVga bergan intervyusida.
Biroq Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan yangi parlament saylovlari oʻtkazilishi ehtimolini qatʼiy rad etdi.
«Albatta, yoʻq. Biz yangi saylovlar oʻtkazishni rejalashtirayotganimiz yoʻq», — dedi u jurnalistlarga mamlakatdagi saylov jarayoni soxtalashtirilgani haqidagi muxolifat ayblovlariga munosabat bildirar ekan. Shuningdek, u Karapetyanning muxolifat kuchlarini birlashtirish va saylovdan keyingi koalitsiya tuzish haqidagi bayonotiga ham izoh berdi.
«Birlashuv ancha avval sodir boʻlgan. Faqat xalq xafa boʻlmasligi uchun bu haqda eʼlon qilinmagan edi», — dedi Pashinyan.
Eslatib oʻtamiz, 17 iyun kuni Pashinyan raqiblarini «maqsadli tarzda tor-mor qilish» niyati haqida bayonot bergan edi. Keyinchalik u «tor-mor qilish» deganda ularning siyosiy taʼsirini nol darajaga tushirishni nazarda tutganini taʼkidladi.
Yevropa sari yoʻl: Pashinyan uchun oson boʻlmaydi
2025 yilda Armaniston hukumati mamlakat mustaqilligi tarixidagi Yevropa integratsiyasi yoʻlidagi eng jiddiy qadamni tashladi.
Parlament Yevropa Ittifoqiga aʼzo boʻlish jarayonini boshlash haqidagi qonunni qabul qildi. Biroq Yerevan hozircha rasman nomzod davlat maqomini olmagan va aʼzolik boʻyicha rasmiy ariza ham taqdim etilmagan.
Bosh vazir Nikol Pashinyan ham bir necha bor bu uzoq va murakkab jarayon ekanini, u koʻp yillarni talab qilishi mumkinligini taʼkidlagan.
Rossiyaning geosiyosiy qarshiligi
Armanistonning Yevropa Ittifoqiga qoʻshilishi yoʻlidagi asosiy tashqi toʻsiq Rossiyaga boʻlgan qaramlik boʻlib qolmoqda.
Armaniston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) aʼzosi hisoblanadi. Bu tuzilma yagona bojxona makoni va muvofiqlashtirilgan savdo siyosatini nazarda tutadi. Shu bilan birga, Yevropa Ittifoqiga toʻlaqonli aʼzo boʻlish Yevropa bojxona va savdo qonunchiligini qabul qilishni talab etadi. Rossiya rahbariyati esa Yevropa Ittifoqi va YeOIIga bir vaqtning oʻzida aʼzo boʻlish mumkin emasligini allaqachon maʼlum qilgan.
Bundan tashqari, Rossiya Armaniston iqtisodiyotiga bir necha sohalar orqali sezilarli taʼsir koʻrsatib kelmoqda. Energetika sektori, mehnat muhojirlari yuborgan pul oʻtkazmalari, savdo va investitsiyalar va transport infratuzilmasi shular jumlasidandir.
Yevropa Ittifoqi tomon keskin burilish Moskva tomonidan iqtisodiy bosimga sabab boʻlishi mumkin. 2025–2026 yillardayoq Armanistonning ayrim tovarlariga nisbatan savdo cheklovlari joriy qilindi. Bu esa Yevropa Ittifoqini armyan eksportini qoʻllab-quvvatlash choralarini muhokama qilishga majbur qildi.
Rossiya bozoriga iqtisodiy qaramlik
Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlik kengayib borayotganiga qaramay, Armaniston iqtisodiyoti hamon Rossiya bozori bilan chambarchas bogʻliq boʻlib qolmoqda.
Yevropa Ittifoqi Armanistonning muhim savdo hamkorlaridan biri hisoblanadi. Biroq Armaniston tashqi savdosida uning ulushi Rossiya va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan iqtisodiy aloqalarning umumiy hajmiga nisbatan ancha pastdir. Qolaversa, Yevropadagi raqobat Armaniston eksporti uchun jiddiy toʻsiq boʻlishi mumkin.
Shuningdek, Yevropa standartlariga oʻtish uchun Armaniston bir necha vazifalarni amalga oshirishiga toʻgʻri keladi.
Masalan, savdo oqimlarini qayta shakllantirish, ishlab chiqarishni Yevropa Ittifoqi talablariga moslashtirish, texnik tartibga solish tizimini isloh qilish, Rossiya energetika resurslariga qaramlikni kamaytirish kerak boʻladi.
Bunday transformatsiya katta moliyaviy resurslarni talab qiladi va qisqa muddatli iqtisodiy yoʻqotishlar bilan birga kechishi mumkin.
Hal etilmagan xavfsizlik masalalari va Ozarbayjon bilan nozik munosabatlar
Yevropa Ittifoqi anʼanaviy ravishda hududiy yoki siyosiy mojarolari toʻliq hal etilmagan davlatlarni qabul qilish masalasida juda ehtiyotkor yondashadi.
Togʻli Qorabogʻ ustidan nazorat yoʻqotilganidan keyin vaziyat nisbatan kamroq mojaroli tus olgan boʻlsa-da, Armaniston va Ozarbayjon oʻrtasidagi munosabatlar hamon tarangligicha qolmoqda.
Hozirga qadar yakuniy tinchlik shartnomasi, davlat chegarasini delimitatsiya qilish, transport kommunikatsiyalari, chegaraoldi hududlar aholisi xavfsizligi masalalarini hal qilish dolzarb boʻlib turibdi.
Yevropa Ittifoqining koʻplab davlatlari uchun Janubiy Kavkazda barqaror tinchlik oʻrnatilishi Armanistonning aʼzolik boʻyicha arizasi ilgarilashida muhim shartlardan biri hisoblanadi.
Keng koʻlamli ichki islohotlar zarurati
Yevropa Ittifoqiga aʼzolikka nomzod maqomini olish uchun Armaniston “Kopengagen mezonlari”ga javob berishi lozim.
Buning uchun avvalo, sud tizimining haqiqiy mustaqilligi taʼminlanishi kerak.
Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurash, inson huquqlarini himoya qilish, davlat institutlarini mustahkamlash, davlat boshqaruvi shaffofligini oshirish, raqobatbardosh iqtisodiyotni rivojlantirish sohalarida ham jiddiy oʻzgarishlar talab etiladi.
Garchi Armaniston 2018 yilgi siyosiy voqealardan keyin demokratlashuv sohasida sezilarli yutuqlarga erishgan boʻlsa-da, Yevropa institutlari mamlakatda yanada chuqur islohotlar oʻtkazish zarurligini taʼkidlab kelmoqda.
Nomzod maqomining yoʻqligi
Armanistonning Yevropa Ittifoqi tomon harakatlanish haqidagi siyosiy qarori avtomatik ravishda aʼzolik muzokaralarining boshlanishini anglatmaydi.
Jarayon odatda quyidagi bosqichlardan iborat boʻladi:
1. Rasmiy ariza topshirish.
2. Nomzod davlat maqomini olish.
3. Yevropa Ittifoqi qonunchiligining 35 ta boʻlimi boʻyicha muzokaralarni boshlash.
4. Har bir boʻlim boʻyicha majburiyatlarni bajarish.
5. Aʼzolik shartnomasini Yevropa Ittifoqiga aʼzo barcha davlatlar tomonidan ratifikatsiya qilish.
Bolqon mamlakatlari tajribasi shuni koʻrsatadiki, mazkur jarayon oʻnlab yillarga choʻzilishi mumkin. Masalan, ayrim davlatlar 10–15 yil avval nomzod maqomini olgan boʻlsa-da, hozirgacha Yevropa Ittifoqining toʻlaqonli aʼzosiga aylangan emas.
Yevropa Ittifoqining oʻzidagi «kengayishdan charchoq»
Yevropa Ittifoqiga aʼzo barcha davlatlar ham tashkilotning yanada kengayishini bir xil darajada qoʻllab-quvvatlamaydi.
Ayn paytda Ukraina, Moldova, Gruziya (siyosiy sharoitlar oʻzgargan taqdirda), Gʻarbiy Bolqon mamlakatlari Yevropa Ittifoqiga kirish eshigi oldida “depsinib turibdi”.
Cheklangan resurslar va murakkab xalqaro vaziyat sharoitida ayrim Yevropa davlatlari hukumatlari yangi keng koʻlamli kengayish yoʻnalishini ochishdan koʻra, allaqachon nomzod maqomiga ega mamlakatlarga ustuvor ahamiyat berishlari mumkin. Bu esa Armanistonning Yevropa Ittifoqiga aʼzolik boʻyicha arizasi ilgarilashini sezilarli darajada sekinlashtirishi mumkin.
Geografik omil
Armaniston Yevropa Ittifoqi bilan umumiy chegaraga ega emas va amalda Janubiy Kavkazdagi yarim izolyatsiyalangan davlat hisoblanadi.
Turkiya bilan chegaraning hozircha yopiqligi hamda Ozarbayjon bilan murakkab munosabatlar savdo aloqalari va umumevropa bozoriga integratsiyalashuv uchun muayyan logistik cheklovlarni yuzaga keltiradi.
Qolavresa, Yevropa Ittifoqi ekspertlari mamlakatning transport jihatidan bogʻlanganlik darajasi hamon asosiy tizimli muammolardan biri boʻlib qolayotganini muntazam taʼkidlab kelishadi.
Xulosa
Barcha jihatlarni umumlashtiradigan boʻlsak, bugungi kunda Armanistonning Yevropa Ittifoqiga aʼzo boʻlishi yoʻlidagi asosiy toʻsiq - Bryusseldagi rasmiy protseduralardan koʻra koʻproq quyidagi uch omilning birlashuvi hisoblanadi.
Bu omillar - Rossiyaga iqtisodiy va energetik qaramlik, mintaqaviy xavfsizlik muammolari hamda Ozarbayjon bilan munosabatlar va chuqur ichki islohotlarni amalga oshirish va milliy qonunchilikni Yevropa Ittifoqi meʼyorlariga moslashtirish zarurati timsolida namoyon boʻladi.
Koʻpchilik tahlilchilarning baholashicha, hatto Pashinyan hukumati hozirgi Yevropaga yoʻnalgan siyosiy yoʻnalishini saqlab qolgan taqdirda ham, Armanistonning Yevropa Ittifoqiga ehtimoliy aʼzoligi bir necha yil emas, balki kamida bir-ikki oʻn yillik istiqbol masalasi hisoblanadi.
Yaqin istiqbolda esa toʻlaqonli aʼzolikni tezda qoʻlga kiritishdan koʻra, Yevropa siyosiy, iqtisodiy va huquqiy mexanizmlariga bosqichma-bosqich integratsiyalashuv ancha real maqsad sifatida koʻrinmoqda.
Va nihoyat muhim bir omilni ham yoddan chiqarmaslik kerak: bugun Pashinyan va uning partiyasi Armanistonni Yevropa sari yetaklayapti. Biroq ertaga hukumat tepasiga keladigan kuchlar uchun bu maqsad ustuvorligini yoʻqotishi ham mumkin. Xuddi YeIga yoʻnalgan Gruziyada rossiyaparast hukumat tepaga chiqib olib, Yevropa bilan integratsiya jarayoni toʻxtatilgani kabi.
Lekin Pashinyan yana besh yil hukumatni boshqaradi. Agar oqilona ish tutilsa, shu besh yil ham mamlakat ichki va tashqi siyosatida keskin transformatsiyalar yasash uchun yetarli boʻlishi mumkin.
Abulfayz Sayidasqarov
