Namanganda qalbaki 80 ming dollarni sotishga uringanlar ushlandi
Tergovga qadar tekshiruv davomida xorijda tayyorlangan ushbu soxta valyutalar aylanma yoʻllar orqali olib kelinganligi maʼlum boʻldi.

Namangan viloyatida oʻtkazilgan tezkor tadbirda soxta pulfurushlar ushlandi.
Xususan, Yangiqoʻrgʻon tumanida yashovchi 1992 va 1995 yillarda tugʻilgan hamda Toʻraqoʻrgʻon tumanida istiqomat qiluvchi 1980 y.t. uch nafar fuqaro qalbaki 100 AQSh dollarlik kupyuralardan iborat jami 100 ming AQSh dollarini haqiqiy 40 ming AQSh dollariga sotishni rejalashtirishgan.
Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent va Namangan viloyatlari boʻyicha boshqarmalari hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda mazkur shaxslar qalbaki 80 ming AQSh dollarini haqiqiy 40 ming AQSh dollariga sotgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olindi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida xorijda tayyorlangan ushbu soxta valyutalar aylanma yoʻllar orqali olib kelinganligi maʼlum boʻldi.
Hozirda holat yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
