Bagʻdodda hammayoq tinch...mi?
Amerika boshchiligidagi harbiy amaliyotdan soʻng oʻtgan yigirma uch yildan keyin Iroq yana bir muhim savol qarshisida turibdi: davlat siyosiy guruhlar, qurolli tuzilmalar va tashqi taʼsir markazlaridan kuchliroq boʻla oladimi degan soʻroq qoʻyilgan.

Zamonaviy Iroq siyosiy tarixida yangi bosqich boshlanmoqda. Xavfsizlik sohasidagi kadrlar almashinuvi, milliy xavfsizlik boʻyicha maslahatchi Qosim al-Arajiyning lavozimidan ozod qilinishi, Milliy xavfsizlik xizmati rahbariyatining yangilanishi, Markaziy bank rahbarining ham tez orada almashtirilishi haqidagi xabarlar va davlat apparatidagi keng koʻlamli oʻzgarishlar oddiy byurokratik rotatsiya emas, balki Saddam Husayn rejimi agʻdarilganidan keyin shakllangan butun boshqaruv tizimini qayta qurishga qaratilgan chuqur siyosiy jarayonning bir qismi boʻlishi mumkin.
Amerika boshchiligidagi harbiy amaliyotdan soʻng oʻtgan yigirma uch yildan keyin Iroq yana bir muhim savol qarshisida turibdi: davlat siyosiy guruhlar, qurolli tuzilmalar va tashqi taʼsir markazlaridan kuchliroq boʻla oladimi?
Saddamdan keyingi koʻp qutbli Iroq
2003 yilda Saddam Husayn rejimi agʻdarilgach, mamlakat demokratik taraqqiyot uchun imkoniyatga ega boʻldi. Biroq shu bilan birga, avvalgi davlat boshqaruv tizimi ham parchalanib ketdi.
Amerika maʼmuriyati armiyani va davlat apparatining katta qismini tarqatib yubordi. Hokimiyat boʻshligʻi yuzaga kelgach, shialar, sunniylar va kurdlar oʻrtasida siyosiy kurash boshlandi. Keyingi yillarda Iroq fuqarolik toʻqnashuvlari, radikal guruhlar kuchayishi, IShID terrorchilik tashkilotining paydo boʻlishi va Eron taʼsirining ortishiga guvoh boʻldi.
Natijada mamlakatda oʻziga xos ikki qatlamli hokimiyat tizimi shakllandi. Rasman davlat institutlari mavjud va faoliyat yuritar edi. Biroq shu bilan birga, oʻz moliyaviy manbalariga, siyosiy vakillariga va tashqi aloqalariga ega boʻlgan turli qurolli guruhlarning taʼsiri ham ortib bordi. Soʻnggi yigirma yil davomida aynan shu tizim Bagʻdoddagi har bir hukumat uchun asosiy chaqiriq boʻlib keldi.
Nega al-Arajiyning isteʼfosi muhim?
Qosim al-Arajiyning lavozimdan olinishi soʻnggi yillardagi eng muhim siyosiy qarorlardan biri boʻldi. Al-Arajiy oddiy amaldor emas edi. U koʻp yillar davomida turli xavfsizlik idoralari, siyosiy kuchlar va tashqi sheriklar oʻrtasida vositachi vazifasini bajarib keldi. Shuningdek, u mintaqaviy xavfsizlik masalalari bilan shugʻullanib, Gʻarb davlatlari va qoʻshni mamlakatlar, jumladan Eron bilan ham aloqalarni muvofiqlashtirib turgan.
Shu bois uning isteʼfosi texnik oʻzgarish emas, balki mamlakat rahbariyatining yangi siyosiy ustuvorliklarini koʻrsatuvchi signal sifatida baholanmoqda. Ayniqsa, oʻzgarishlar bir vaqtning oʻzida Milliy xavfsizlik xizmatiga ham tegishli boʻlgani bosh vazir xavfsizlik sohasida yangi boshqaruv vertikalini shakllantirishga harakat qilayotganidan darak berishi mumkin.
Yangi bosh vazir va yangi strategiya
Uzoq davom etgan siyosiy inqirozdan keyin parlament Ali az-Zaidiy boshchiligidagi hukumatni tasdiqladi. Yangi hukumat faoliyatining ilk kunlaridanoq davlatning qurol ishlatish boʻyicha mutlaq huquqini tiklashni asosiy maqsadlardan biri sifatida belgiladi.
Aslida, bu IShIDga qarshi urush yakunlanganidan keyin xavfsizlik tizimini isloh qilishga qaratilgan eng jiddiy urinish hisoblanadi. Soʻnggi haftalarda mamlakat rahbariyati barcha qurollar faqat davlat nazorati ostida boʻlishi lozimligini bir necha bor taʼkidladi. Bu pozitsiyani nafaqat siyosiy rahbariyat, balki sud tizimi ham qoʻllab-quvvatladi.
Tashqaridan qaraganda bunday bayonotlar oddiy siyosiy shiorga oʻxshashi mumkin. Ammo Iroq uchun bu deyarli inqilobiy ahamiyatga ega. Chunki mamlakatda uzoq yillar davomida davlat muassasalari bilan bir qatorda taʼsiri rasmiy xavfsizlik idoralarinikidan kam boʻlmagan qurolli tuzilmalar ham faoliyat yuritib keldi. Bugun esa Bagʻdod ana shu muvozanatni oʻzgartirishga harakat qilmoqda.
Eron omili: taʼsir kamaymoqdami yoki qayta shakllanmoqdami?
Iroq siyosati haqida Eron taʼsirini hisobga olmasdan fikr yuritish deyarli mumkin emas. 2003 yildan keyin Tehron siyosiy partiyalar, diniy tashkilotlar va qurolli guruhlar orqali qoʻshni mamlakatdagi taʼsirini muntazam ravishda kuchaytirib keldi.
Biroq 2026 yildagi voqealar mintaqaviy vaziyatni oʻzgartirmoqda. Eron atrofidagi geosiyosiy bosimning kuchayishi va mamlakatning ichki muammolarga koʻproq eʼtibor qaratayotgani iroqlik elitalarga mustaqil qaror qabul qilish uchun kengroq imkoniyat yaratdi.
Ayrim tahlilchilar fikricha, hozirgi hukumat xavfsizlik sohasida islohotlar oʻtkazish uchun soʻnggi bir necha yildagi eng qulay sharoitga ega boʻlib turibdi. Shu bilan birga, Eron taʼsiri butunlay yoʻqolib ketdi, deyish ham erta. Parlamentdagi koʻplab siyosiy kuchlar hali ham Tehron bilan yaqin aloqalarni saqlab qolmoqda. Qolaversa, AQSh va Eron oʻrtasida tuzilgan tinchlik sulhidan keyin Eron yana mintaqada oʻz siyosiy-iqtisodiy taʼsirini kuchaytirish ehtimoli juda yuqori. Shuning uchun gap geosiyosiy burilish haqida emas, balki kuchlar muvozanatining qayta taqsimlanishi haqida ketmoqda.
AQSh yana katta siyosatga qaytmoqda
Iroqdagi jarayonlarga taʼsir koʻrsatayotgan yana bir muhim omil — Amerika Qoʻshma Shtatlaridir. Vashington Bagʻdodning qurollarni davlat nazorati ostiga oʻtkazish va nodavlat qurolli tuzilmalar taʼsirini cheklash siyosatiga ochiqdan-ochiq qoʻllab-quvvatlash bildirmoqda.
Shu bilan birga, yangi hukumat AQSh bilan iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga ham katta ahamiyat bermoqda. Yaqin oylarda bosh vazir Ali az-Zaidiyning Vashingtonga tashrifi kutilmoqda. U yerda investitsiyalar, infratuzilma loyihalari va iqtisodiyotni modernizatsiya qilish masalalari muhokama qilinishi rejalashtirilgan.
Bagʻdod uchun bu Amerika va Eron oʻrtasida tanlov qilish emas, balki mustaqil tashqi siyosat yuritishga boʻlgan intilishdir. Iroq rahbariyati mamlakatni mintaqaviy raqobat maydonidan mustaqil siyosiy oʻyinchiga aylantirishni maqsad qilgan.
Iqtisodiyot — islohotlarning ikkinchi fronti
Siyosiy oʻzgarishlar iqtisodiy muammolar fonida kechmoqda. Iroq hali ham dunyoda neft daromadlariga eng koʻp bogʻlangan mamlakatlardan biri hisoblanadi. Davlat byudjeti tushumlarining katta qismi neft eksporti hisobiga shakllanadi.
Mintaqadagi oxirgi beqarorliklar neft ishlab chiqarish hajmiga va iqtisodiy prognozlarga ham salbiy taʼsir koʻrsatdi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, Markaziy bank rahbariyatida ham oʻzgarish boʻlishi mumkinligi haqidagi xabarlar mantiqiy koʻrinadi. Hukumat moliya tizimini modernizatsiya qilish, korrupsiyaga qarshi kurashish va xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga tayyorligini namoyish etmoqda. Shuning uchun iqtisodiy sohadagi kadrlar siyosati xavfsizlik sohasidagi oʻzgarishlardan kam ahamiyatga ega emas.
Parlament saylovlari — oldindagi asosiy sinov
Bugun amalga oshirilayotgan barcha oʻzgarishlarga kelajakdagi parlament saylovlari nuqtai nazaridan baho beriladi.
Hukumat uchun bir nechta ehtimoliy ssenariy mavjud.
Birinchi ssenariy — muvaffaqiyatli ssenariy.
Agar Bagʻdod qurolli guruhlarni davlat tizimiga qisman boʻlsa ham integratsiya qilishga, iqtisodiy vaziyatni barqarorlashtirishga va investitsion muhitni yaxshilashga erishsa, bosh vazir oʻzini «yangi Iroq» qurilishini boshlagan siyosatchi sifatida namoyon qila oladi.
Ikkinchi ssenariy — murosa yoʻli.
Bunda islohotlar bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Davlat institutlari kuchayadi, ammo qarorlar qabul qilishda taʼsirli siyosiy va qurolli guruhlar bilan hisoblashishga toʻgʻri keladi.
Uchinchi ssenariy — inqirozli ssenariy.
Ayrim kuch markazlarining taʼsirini keskin cheklashga urinish yangi siyosiy qarama-qarshiliklarga va beqarorlikka sabab boʻlishi mumkin.
Iroq tarixi shundan dalolat beradiki, haddan tashqari tezkor islohotlar aks taʼsirni keltirib chiqarishi mumkin.
Davlat tizimga qarshi
2026 yilning asosiy intrigasi alohida shaxslar yoki lavozimlar atrofida emas. Bu yerda ancha katta masala hal boʻlmoqda. Soʻnggi yigirma yil davomida Iroq davlat institutlari, siyosiy koalitsiyalar, qurolli tuzilmalar va tashqi taʼsir markazlari oʻrtasidagi murakkab muvozanat sharoitida yashab keldi.
Bugun mamlakat rahbariyati ana shu tizimning oʻziga oʻzgartish kiritishga urinmoqda. Al-Arajiyning isteʼfosi, maxsus xizmatlardagi oʻzgarishlar, Markaziy bank atrofidagi muhokamalar va qurollarni davlat nazoratiga oʻtkazish siyosati — bularning barchasi bir-biridan alohida voqealar emas. Ular yagona siyosiy strategiyaning tarkibiy qismlaridir.
Iroq Saddamdan keyingi davr merosini ortda qoldirib, qaror qabul qilishning yagona markaziga ega boʻlgan haqiqiy suveren davlatga aylana oladimi? Bu savolga siyosatchilarning bayonotlari emas, balki kelgusi yillardagi voqealar javob beradi. Biroq hozirning oʻzida bir narsani aytish mumkin: 2026 yil tarixga Bagʻdod davlat hokimiyatini qayta tiklash yoʻlidagi ehtimol eng jiddiy urinishni boshlagan yil sifatida kirishi mumkin.
Abulfayz Sayidasqarov
