Xalqaro qidiruvdagi shaxs Misrdan Oʻzbekistonga olib kelindi
U tovlamachilik jinoyatini sodir etganlikda ayblangan. Qohira va Toshkent oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnov mavjud emasligi sababli, uni olib kelish yoʻnalishi Rossiya orqali tranzit tarzida tashkil etildi.

Oʻzbekiston Interpol Milliy markaziy byurosi hamda Misr Arab Respublikasi Interpol Milliy markaziy byurosining kelishilgan saʼy-harakatlari natijasida tovlamachilik jinoyatini sodir etganlikda ayblanib, xalqaro qidiruvga berilgan fuqaro Oʻzbekistonga ekstraditsiya qilindi.
Qidiruvdagi shaxs Misr hududida aniqlanib, qoʻlga olindi. Vakolatli organlar tomonidan tegishli materiallar koʻrib chiqilib, zarur ekstraditsiya choralari yakunlangach, uni Oʻzbekiston tomoniga topshirish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.
Qohira va Toshkent oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnov mavjud emasligi sababli, uni olib kelish yoʻnalishi Rossiya Federatsiyasi orqali tranzit tarzida tashkil etildi.
Domodedovo xalqaro aeroporti orqali toʻsiqsiz tranzitni taʼminlashda Rossiya Federatsiyasi Interpol Milliy markaziy byurosi muhim yordam koʻrsatdi.
Ekstraditsiya qilingan shaxs Oʻzbekiston Respublikasiga olib kelingach, mamlakat qonunchiligiga muvofiq jinoiy javobgarlikka tortish uchun vakolatli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshirildi.
