platina.uz
Jamiyat

Toshkentda Bosh prokuratura soxta xodimi ushlandi

U fuqarolar ishonchiga kirgan holda arzon narxda bugʻdoy mahsulotini sotib olib, uni qayta ishlash orqali katta miqdorda daromad olish mumkinligini aytgan va 1,7 mlrd soʻmni qoʻlga kiritgan. Yer boʻyicha qarorni tiklash vaʼdasi evaziga esa 95 ming dollar olgan. 

Toshkentda Bosh prokuratura soxta xodimi ushlandi

Bosh prokuratura Shaxsiy xavfsizlik boshqarmasi tomonidan olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida fuqaro A.A. oʻzini Bosh prokuratura xodimi sifatida tanishtirib, bir nechta fuqarolarning mol-mulkini firibgarlik yoʻli bilan qoʻlga kiritganligi aniqlangan.

Jumladan, tergov maʼlumotlariga koʻra, A.A. jabrlanuvchilar B.M. va S.Sh.ga arzon narxda bugʻdoy mahsulotini sotib olib, uni qayta ishlash orqali katta miqdorda daromad olish mumkinligini aytib, ularning ishonchiga kirgan hamda 1,7 mlrd soʻm pul mablagʻini firibgarlik yoʻli bilan qoʻlga kiritgan.

Bundan tashqari, A.A. jabrlanuvchi M.T.ga tegishli MChJga Yakkasaroy tumani, Yunus Rajabiy mahallasi hududida joylashgan 50 sotix yer maydoni ajratish toʻgʻrisidagi Toshkent shahar hokimining qarori Oliy sudning hal qiluv qarori bilan bekor qilinganidan xabar topib, mazkur qarorni qayta tiklab berish evaziga M.T.dan 95 ming AQSh dollarini firibgarlik yoʻli bilan qoʻlga kiritgan.

Shuningdek, A.A. fuqaro I.N. bilan «Facebook» ijtimoiy tarmogʻi orqali tanishib, unga Bosh prokuraturada ishlashini maʼlum qilgan holda uning ishonchiga kirgan. Keyinchalik u I.N.ga bahosi 8 500 AQSh dollari boʻlgan, 2014 yilda ishlab chiqarilgan «Cobalt» rusumli avtomashinasini yangi «Gentra» rusumli avtomashinasiga almashtirib berishini vaʼda qilib, avtomashinani firibgarlik yoʻli bilan qoʻlga kiritgan hamda uni boshqa shaxsga sotib yuborib, bergan vaʼdasini bajarmasdan, tushgan mablagʻni shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflab yuborgan.

Xuddi shunday, A.A. fuqaro A.K. bilan tanishib, unga Bosh prokuraturada ishlashini maʼlum qilgan holda uning ishonchiga kirgan. Tergov maʼlumotlariga koʻra, maʼlum vaqt davomida yaqin munosabatda boʻlgan mazkur shaxs A.K.ga tegishli Yunusobod tumani 9-mavze, 2-uy, 23-xonadon kalitining nusxasini qoʻlga kiritib, uning sayohatga ketganligidan foydalangan.

Shundan soʻng xonadonga noqonuniy ravishda kirib, A.K.ga tegishli juda koʻp miqdordagi tilla taqinchoqlarni yashirin ravishda oʻgʻirlab, voqea joyidan yashiringan.

2026 yil 18 iyun kuni A.A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi, 169-moddasi 4-qismi «a» bandi hamda boshqa moddalari bilan ayblov eʼlon qilinib, unga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanildi.

"Agarda shunga oʻxshash holatlar yuzasidan, yaʼni A.A. oʻzini prokuratura xodimi sifatida tanishtirib, pul mablagʻlarini oʻzlashtirganligi haqida maʼlumotga ega boʻlsangiz yoki ushbu shaxsning xatti-harakatlaridan jabr koʻrgan boʻlsangiz, zudlik bilan Bosh prokuraturaning 1161 raqamli Ishonch telefoniga qoʻngʻiroq qilib, xabar berishingizni soʻraymiz", deyiladi xabarda.

Murojaat qiluvchilarning shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid