Toshkent investitsiya forumi: global maydondan mahalliy rivojlanish sari
Forum hududlardagi iqtisodiy ehtiyojlar va imkoniyatlarni ham xalqaro investorlarga tanitish maydoniga aylandi. Masalan, Dehqonobod tumani investorlar uchun eng qiziqarli yoʻnalishlardan biri boʻlgan togʻ-kon va geologiya sohasida katta salohiyatga ega.

Poytaxtimizda 16–18 iyun kunlari V Xalqaro investitsiya forumi (TIIF-2026) boʻlib oʻtdi. Forumda dunyoning qariyb 100 ta davlatidan 8000 dan ortiq ishtirokchilar, yirik investorlar, xalqaro moliya institutlari va biznes doiralari vakillari qatnashdi.
Bu yilgi tadbirda energetika, raqamli iqtisodiyot, logistika, sanoat, qishloq xoʻjaligi va yuqori texnologiyalar sohalarida oʻnlab milliard dollarlik loyihalar taqdim etildi.
Forumning asosiy maqsadi – Oʻzbekiston iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, xalqaro biznes bilan hamkorlikni kengaytirish va mamlakat hududlarining investitsiya salohiyatini namoyish etishdan iborat boʻldi.
Bu yilgi forumning asosiy voqealaridan biri Prezident Shavkat Mirziyoyevning chiqishi boʻldi. Davlat rahbari mamlakatda iqtisodiy islohotlar izchil davom ettirilayotganini taʼkidlab, Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish rejasini maʼlum qildi. Ushbu markaz xalqaro investorlar uchun alohida huquqiy va soliq rejimlari asosida faoliyat yuritishi koʻzda tutilmoqda.
Forumda yana bir muhim yangilik sifatida Amazon Leo sputnik internet tarmogʻi bilan hamkorlik masalasi eʼlon qilindi. Loyiha amalga oshirilsa, mamlakatning olis va chekka hududlarini yuqori tezlikdagi internet bilan taʼminlash imkoniyatlari kengayadi. Bu raqamli iqtisodiyot va zamonaviy xizmatlarning hududlarga kirib borishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, forumda umumiy qiymati 75 milliard yevroga teng boʻlgan investitsiya loyihalari xalqaro investorlarga taqdim etildi. Ular energetika obʼektlari qurilishi, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, sanoat korxonalari, transport infratuzilmasi, kritik minerallarni qayta ishlash va raqamli texnologiyalarni rivojlantirish kabi yoʻnalishlarni qamrab oldi.
Bu yerda eng muhim jihat shundaki, forum nafaqat respublika darajasidagi yirik loyihalar, balki hududlardagi aniq iqtisodiy ehtiyojlar va imkoniyatlarni ham xalqaro investorlarga tanitish maydoniga aylandi.
Shunday hududlardan biri Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumani boʻldi. Forumda ishtirok etgan tuman hokimi oʻrinbosari-investitsiyalar, sanoat va savdo boʻlimi boshligʻi Temur Abdurahmonovning taʼkidlashicha, tuman vakillari Toshkentga aniq maqsadlar bilan kelgan.
«Mazkur forumga Dehqonobod tumanidagi salohiyatli va istiqbolli loyihalarni amalga oshirish uchun investorlar topish, shuningdek, zamonaviy texnikalar xarid qilish boʻyicha tegishli xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlik oʻrnatishni maqsadida keldik. Tuman iqtisodiyoti uchun muhim boʻlgan loyihalarni ishga tushirish va koʻproq investitsiya jalb qilish niyatidamiz», — deydi u.

Dehqonobod bugun investorlar uchun eng qiziqarli yoʻnalishlardan biri boʻlgan togʻ-kon va geologiya sohasida katta salohiyatga ega. Tumanda dolomit, bentonit va kaliy xomashyosi zaxiralari mavjud. Shu bilan birga, eksport salohiyati yuqori boʻlgan dorivor va ziravor oʻsimlik - kavrak yetishtirish va qayta ishlash sohasiga ham investitsiyalar jalb etish rejalashtirilgan.
Temur Abdurahmonovning aytishicha, ayniqsa kaliy oʻgʻitlari ishlab chiqarishni kengaytirish dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi.
«Hozir tumanda bitta kaliy zavodi faoliyat koʻrsatmoqda. Ammo jahon bozorida kaliy oʻgʻitlariga talab yuqori boʻlgani uchun yana ikki-uchta shunday korxona tashkil etishni rejalashtirganmiz. Mavjud quvvatlar eksport talabini toʻliq qondirishga ulgurmayapti», — deydi Abdurahmonov.
Dehqonobod tumanida sanoatning yana bir istiqbolli yoʻnalishi toʻqimachilik sohasi hisoblanadi. Hozirda faoliyat koʻrsatayotgan fabrika tayyor kiyim-kechak ishlab chiqaradi. Kelgusida bunday korxonalar sonini koʻpaytirish orqali yangi ish oʻrinlari yaratish va eksport hajmini oshirish maqsad qilingan.

Investorlar uchun yaratilgan sharoitlar ham Dehqonobodning muhim ustunliklaridan biri sanaladi.
«Dehqonobod tumanida potensial investorlar uchun yer, daromad va mol-mulk soliqlari boʻyicha katta imtiyozlar beriladi. Xususan, ijtimoiy soliq - 1%, investorlar uchun foyda soligʻi – 1%, aylanmadan olinadigan soliq – 1 % miqdorida belgilangan.
Loyihalarni amalga oshirish uchun yer maydonlari va konlar ajratiladi, hokimiyat esa loyiha toʻliq yoʻlga qoʻyilguncha har tomonlama koʻmak beradi», — deydi suhbatdoshimiz.
Forumning eng muhim natijalaridan biri esa investorlar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot qilish imkoniyati boʻldi. Dehqonobod delegatsiyasi qisqa vaqt ichida bir qator mamlakatlar biznes vakillari bilan muzokaralar oʻtkazishga muvaffaq boʻlgan.
«Bu platforma 99 ta davlatdan 8000 dan ortiq ishtirokchilarni birlashtirgani bilan ahamiyatli. Biz uchun ham katta imkoniyatlar eshigi ochildi. Natijada Hindistonlik tadbirkorlar bilan 20 million dollarlik, oʻmonlik investorlar bilan 10 million dollarlik, Ukraina vakillari bilan 15 million dollarlik va Polsha tadbirkorlari bilan yana 15 million dollarlik memorandumlar imzolandi», — deya maʼlum qildi hokim oʻrinbosari.
Albatta, memorandumlar hali investitsiya degani emas. Ammo aynan shunday kelishuvlar kelajakda yangi zavodlar, ishlab chiqarish quvvatlari va ish oʻrinlariga asos boʻladi.
V Toshkent xalqaro investitsiya forumi yana bir bor shuni koʻrsatdiki, investitsiya siyosati faqat poytaxt yoki yirik shaharlar manfaati uchun emas. Forumda muhokama qilingan global tashabbuslar, xalqaro kelishuvlar va investitsiya loyihalari mamlakatning eng chekka hududlarigacha yetib borishi mumkin. Dehqonobod tumani misoli esa bu jarayonning amaldagi ifodasi boʻlib xizmat qilmoqda.
Abulfayz Sayidasqarov
