Rossiya va NATO: Yevropada urush xavfi qanchalik real?
Urushning oldini olayotgan asosiy omil NATO shartnomasining 5-moddasi hisoblanadi. Unga koʻra, bir aʼzo davlatga qilingan hujum barcha aʼzolarga qilingan hujum sifatida baholanadi. Bu Rossiya uchun alohida davlat bilan emas, balki dunyodagi eng qudratli harbiy ittifoq bilan toʻqnashuv xavfini anglatadi.

Shu kunlarda Rssiya va NATO oʻrtasida ehtimoliy harbiy toʻqnashuv masalasi Yevropa xavfsizligining eng muhim mavzularidan biri boʻlib qolmoqda. NATO davlatlari hududiga uchib kirib qolayotgan dronlar xuddi "sovuq urush" davrida bӯlgani kabi "Rossiya tahdidi" borasidagi xavotirlarni kuchaytirmoqda.
"Bugunoq urushga tayyormiz"
Ӯtgan haftada Germaniya Harbiy-havo kuchlari (Lyuftvaffe) qoʻmondoni Xolger Noymanning The Telegraph gazetasiga bergan intervyusi kuzatuvchilarda kuchli hissiyot uygʻotdi. U Germaniya «hatto bugun tundayoq jangga kirishga tayyor» ekanini va NATO hududining har bir santimetrini himoya qilishini taʼkidladi.
Shuningdek, Rossiya NATO davlatlariga hujum qilgan taqdirda javob zarbalari berilishi mumkin boʻlgan harbiy obʼektlarni va hududlarni ham sanab oʻtdi.
Ӯtgan yili yanvarda esa Rossiya OAVlari tarqatgan xabarga kӯra, Estoniyada rossiyalik harbiy asirlar uchun qamoqxona tayyorlanadi. Oʻtgan yil yanvar oyida Estoniya rasmiylari Yixvi shahridagi Viru qamoqxonasini yopmasliklarini maʼlum qilgan edi, deya xabar bergan RT.
Mazkur qamoqxona deyarli boʻshab qolgan, ammo Estoniya adliya va raqamli rivojlanish vaziri Liyza Pakosta kelajakda shahardagi qamoqxona yopilmasligini maʼlum qildi — u rossiyalik harbiy asirlar uchun kerak boʻlishi mumkin.
«Biz Ukraina tajribasidan koʻp narsani oʻrganyapmiz va hozirda urushni imkoni boricha kechiktirish uchun barcha choralarni koʻrayotganimizni ayta olamiz», — degan edi Pakosta.
Aslida mazkur bayonotlar kengroq tendensiyani aks ettiradi. Yevropadagi koʻplab harbiy rahbarlar Ukraina urushi tugagach yoki muzlatilgach, Rossiya oʻz qurolli kuchlarini tiklashi va NATOning sharqiy qanotiga bosim oʻtkazish imkoniyatlarini kengaytirishga urinishi mumkin deb hisoblamoqda.
Germaniya quruqlikdagi qoʻshinlari qoʻmondoni Kristian Froydingning bayonoti ayniqsa eʼtiborga molik boʻldi. Uning aytishicha, Rossiya 2029 yilga borib yoki undan ham oldin NATO aʼzolaridan biriga hujum qilish imkoniyatiga ega boʻlishi mumkinligi haqidagi baho NATOning barcha 32 aʼzo davlati razvedka xizmatlari tomonidan muhokama qilinmoqda.
Shu bilan birga, bu baholar yaqin orada urush boshlanishini anglatmaydi. Rossiya hali ham Ukrainadagi urushga chuqur jalb qilingan va katta harbiy hamda iqtisodiy xarajatlarga pul ajratmoqda. Shunday bӯlsada, koʻpchilik ekspertlar hozirgi paytda Rossiya butun NATOga qarshi keng koʻlamli urush olib borish uchun yetarli resurslarga ega emas degan fikrda.
NATOning Yevropadagi Oliy qoʻmondoni general Aleksus Grinkevich ham shunga oʻxshash fikr bildirdi. Uning soʻzlariga koʻra, mavjud razvedka maʼlumotlari Rossiyaning NATO bilan toʻgʻridan-toʻgʻri mojaro izlayotganini koʻrsatmaydi. Shu bilan birga, Rossiya rahbariyati NATOning harbiy ustunligini va ittifoqning tiyib turish salohiyatini yaxshi tushunishadi.
Ehtimoliy inqirozning eng zaif nuqtasi sifatida Kalinigrad shahri, Estoniya, Latviya va Litva koʻrilmoqda. Shu sababli NATO aynan Boltiq mintaqasida qoʻmondonlik tizimlarini kuchaytirmoqda, qoʻshimcha kuchlarni joylashtirmoqda va kollektiv mudofaa rejalarini takomillashtirmoqda.
Yevropa Rossiya bilan ehtimoliy urushga qanday tayyorgarlik koʻrmoqda?
Estoniya: birinchi mudofaa chizigʻidagi davlat
Estoniya soʻnggi yillarda mudofaa salohiyatini sezilarli darajada kuchaytirdi. Mamlakat Rossiya bilan chegara boʻylab yuzlab mudofaa bunkerlari qurish dasturini boshladi. Shuningdek,tanklarga qarshi xandaqlar va muhandislik toʻsiqlari barpo etmoqda; NATO kuchlarini qabul qilish uchun yangi harbiy infratuzilmalar qurmoqda;
Shuningdek, yirik xalqaro harbiy mashqlarni muntazam oʻtkazmoqda;. Shuningde, ehtimoliy harbiy inqiroz holatida davlat boshqaruvi, safarbarlik va harbiy asirlar bilan ishlash tartiblarini rejalashtirmoqda.
Estoniya rahbariyatining taʼkidlashicha, mamlakat NATOning asosiy kuchlari yetib kelguniga qadar kamida 30 kun mustaqil mudofaa olib borish imkoniyatiga ega boʻlishi lozim.
Polsha: Yevropadagi eng yirik qayta qurollanish dasturi
Polsha hozirgi vaqtda Yevropadagi eng katta harbiy modernizatsiya dasturlaridan birini amalga oshirmoqda: yuzlab yangi tanklar sotib olmoqda, zamonaviy artilleriya tizimlarini joriy qilmoqda, havo mudofaasi tizimlarini kengaytirmoqda.
Shuningdek, yangi jangovar samolyotlar va vertolyotlar qabul qilmoqda, qurolli kuchlar sonini sezilarli darajada oshirmoqda. Polsha rasmiylari mamlakatni Yevropadagi eng kuchli quruqlikdagi armiyalardan biriga aylantirish maqsadini bir necha bor maʼlum qilgan.
Finlyandiya: Rossiya bilan qoʻshnichilik tajribasi
NATOga aʼzo boʻlganidan keyin Finlyandiya ham mudofaa tayyorgarligini kuchaytirdi. Mamlakatning asosiy afzalliklari - katta safarbarlik zaxirasi, yaxshi tayyorlangan rezerv kuchlar, minglab yerosti panohgohlari, aholini favqulodda holatlarga tayyorlash tizimida ӯz ifodasini topgan. Finlyandiya uzoq yillar davomida Rossiya bilan qoʻshnichilik sharoitida yashab kelgani sababli fuqarolik mudofaasi sohasida katta tajribaga ega.
Germaniya: harbiy tayyorgarlikka qaytish
Sovuq urush tugaganidan keyin Germaniya mudofaa xarajatlarini qisqartirib kelgan edi. Biroq Ukraina urushi boshlanganidan soʻng mamlakat siyosati keskin oʻzgardi.
Bugun Germaniya Bundesverni modernizatsiya qilish uchun yuz milliardlab yevro ajratmoqda, harbiy texnika parkini yangilamoqda, NATOning sharqiy qanotidagi ishtirokini kuchaytirmoqda,, mamlakatni ehtimoliy katta harbiy mojaroga tayyorlash boʻyicha rejalar ishlab chiqmoqda. Shu sababdan nemis harbiy rahbarlari 2029 yil atrofidagi xavflar haqida tobora koʻproq gapirmoqda.
Boltiq mudofaa chizigʻi
Estoniya, Latviya va Litva Rossiya hamda Belarus bilan chegaralar boʻylab yagona mudofaa tizimini yaratish boʻyicha kelishuvga erishgan.
Loyiha doirasida bunkerlar, muhandislik toʻsiqlari, tanklarga qarshi jihozlar, mudofaa pozitsiyalari qurilishi rejalashtirilgan. Bu choralar Ukraina urushi davomida mustahkam mudofaa inshootlarining samaradorligi isbotlanganidan keyin yanada dolzarb ahamiyat kasb etdi.
Bu nimani anglatadi?
Yevropa davlatlarining bunkerlar qurishi, armiyalarni kengaytirishi yoki ehtimoliy harbiy asirlarni saqlash tartiblarini ishlab chiqishi urush muqarrar degani emas. Aksincha, NATO mamlakatlari mantigʻi - qanchalik yaxshi tayyorgarlik koʻrilsa, ehtimoliy raqib uchun hujum qilish shunchalik qimmatga tushadi va shunchalik xavfli boʻladi.
Shuning uchun bugungi kunda Yevropa sovuq urush tugaganidan beri kuzatilmagan darajada mudofaa salohiyatini oshirmoqda. Buning asosiy maqsadi urush boshlash emas, balki uning oldini olish va har qanday ehtimoliy agressiyani tiyib turish hisoblanadi.
Urushning oldini olayotgan asosiy omil NATO shartnomasining 5-moddasi hisoblanadi. Unga koʻra, bir aʼzo davlatga qilingan hujum barcha aʼzolarga qilingan hujum sifatida baholanadi. Bu Rossiya uchun alohida davlat bilan emas, balki dunyodagi eng qudratli harbiy ittifoq bilan toʻqnashuv xavfini anglatadi.
Shu bilan birga, xavfni butunlay inkor etish ham mumkin emas. NATO mamlakatlari razvedka xizmatlari Rossiyaning harbiy salohiyatini tiklash jarayonini diqqat bilan kuzatmoqda. Agar Ukrainadagi urush tugasa yoki faolligi pasaysa, Rossiya ozod boʻlgan resurslarni boshqa strategik yoʻnalishlarga yoʻnaltirishi mumkin.
Ammo bugungi kunda Rossiya uchun NATOga qarshi toʻgʻridan-toʻgʻri hujum qilishning ehtimoliy foydasi uning ehtimoliy xarajatlaridan ancha past koʻrinadi. Bunday qaror Rossiyani AQSh, Germaniya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Polsha va boshqa NATO davlatlarining birlashgan harbiy qudratiga qarshi qoʻyadi. Bundan tashqari, har ikki tomondagi yadroviy qurollar har qanday keng koʻlamli mojaroning nazoratdan chiqib ketish xavfini keskin oshiradi.
Yaqin yillarda toʻliq urushdan koʻra gibrid kurash, chegaraviy provokatsiyalar, kiberhujumlar, razvedka faoliyati va mahalliy insidentlar ehtimoli yuqoriroq hisoblanadi.
Xulosa
2026 yil oʻrtalari holatiga koʻra Rossiya va NATO oʻrtasida toʻliq masshtabli urush muqarrar emas. Biroq Yevropa xavfsizlik tizimi sovuq urush tugaganidan beri kuzatilmagan darajadagi taranglik davrini boshdan kechirmoqda.
Yevropa davlatlari bugun faqat diplomatik bayonotlar bilan cheklanib qolmayapti. Ular armiyalarni kengaytirmoqda, mudofaa xarajatlarini oshirmoqda, chegaralarni mustahkamlamoqda, bunkerlar qurmoqda va aholini ehtimoliy inqirozlarga tayyorlamoqda. Bu harakatlar urush boshlash uchun emas, balki uning oldini olish uchun amalga oshirilmoqda.
Abulfayz Sayidasqarov
