Rossiya gazi va Xitoy ultimatumi: tomonlar nega kelisha olmayapti?
"Sibir kuchi–2" boʻyicha muzokaralar Pekinning qatʼiy pozitsiyasi tufayli boshi berk koʻchaga kirib qolgan. Xitoy tomoni endi Rossiya gazini faqat oʻz shartlari asosida sotib olishga tayyor ekanini yashirmayapti.

Xitoy "Sibir kuchi–2" loyihasi boʻyicha ochiq ultimatumlarga oʻtdi.
Energetika sohasidagi manbalarning aytishicha, "Sibir kuchi–2" boʻyicha muzokaralar Pekinning qatʼiy pozitsiyasi tufayli boshi berk koʻchaga kirib qolgan. Xitoy tomoni endi Rossiya gazini faqat oʻz shartlari asosida sotib olishga tayyor ekanini yashirmayapti. Moskva esa kelishuvni bir necha yil avval imzolashni rejalashtirgan edi. Ammo shartnoma oʻrniga yangi talablar va savdolashuvning navbatdagi bosqichiga duch kelmoqda.
Asosiy bahs - narx atrofida
Pekin taklif etayotgan narx darajasini Rossiya energetika sohasidagi koʻplab mutaxassislar ochiqchasiga noqulay deb hisoblaydi. Xitoy Rossiyaning Yevropa bozorining katta qismini yoʻqotganidan keyingi ahvolini yaxshi tushunadi va aynan shu holatni asosiy dalil sifatida ishlatmoqda.
Taʼkidlash kerak, Moskva ham, Pekin "Sibir kuchi–2" boʻyicha muzokaralarda muhokama qilinayotgan narxlarni rasman oshkor qilmayapti. Shuning uchun mavjud baholar asosan turli manbalardan “sizib” chiqqan maʼlumotlar, Gʻarb va Rossiya ommaviy axborot vositalaridagi publikatsiyalar hamda muzokaralarga yaqin manbalarning bayonotlariga tayanadi.
Qator manbalar maʼlumotlariga koʻra, Xitoy gaz narxi Rossiyaning ichki bozoridagi narxlarga yaqin boʻlishini talab qilmoqda. Eksport formulasiga qayta hisoblaganda bu taxminan har 1000 kub metr uchun 60–100 dollar atrofidagi narxni anglatadi.
Rossiya esa narx birinchi "Sibir kuchi" loyihasi doirasida Xitoyga yetkazib berilayotgan quvur gazi narxiga yaqin boʻlishini istaydi. Turli yillarda bu narx har 1000 kub metr uchun taxminan 220–280 dollar darajasida baholangan, ayrim hollarda esa neft narxlariga bogʻlangan formula tufayli bundan ham yuqori boʻlgan.
Boshqacha qilib aytganda, tomonlar oʻrtasidagi narx boʻyicha farq ikki barobardan ham ortiq boʻlishi mumkin. Muzokaralar qancha choʻzilsa, Rossiyaning bitta xaridorga qaramligi shuncha ortib bormoqda. Shu bois amaldorlar tobora koʻproq «texnik detallar» va «logistika masalalari» haqida gapirmoqda. Goʻyoki aynan shu masalalar muzokaralarga toʻsqinlik qilayotgandek. Aslida esa haqiqiy mojaro pul atrofida kechmoqda. Xitoy koʻproq toʻlashni istamayapti. Rossiya esa arzonroq sotishni xohlamaydi. Ammo vaqt Pekin foydasiga ishlamoqda.

Tashqi siyosat dastagi
Rossiya va Yevropa munosabatlari keskin yomonlashganidan soʻng "Sibir kuchi–2" loyihasi shunchaki navbatdagi gaz quvuri boʻlib qolmadi. Moskva uchun u energetik siyosatning Sharqqa burilish ramziga va yangi eksport strategiyasining muhim elementiga aylandi.
Biroq yillar davom etgan muzokaralarga qaramay, loyiha hozircha faqat katta maqsadlardan iborat reja boʻlib qolmoqda. Soʻnggi xabarlar esa tomonlar murosaga hali ancha uzoq ekanini koʻrsatmoqda.
Bugun "Sibir kuchi–2" atrofidagi bahs oddiy tijoriy tortishuv doirasidan chiqib ketgan. Gap Xitoy asta-sekin xaridordan shartlarni belgilab beruvchi tomonga aylanayotgan ulkan geoiqtisodiy oʻyin haqida ketmoqda.
Yevropa bozori oʻrnini bosishi kerak boʻlgan gaz quvuri
Loyihaning tarixi 2010-yillar oʻrtalariga borib taqaladi. "Sibir kuchi" gaz quvurining birinchi bosqichi boʻyicha shartnoma imzolangandan keyin Rossiya rahbariyati Xitoyni kelajakdagi asosiy bozor sifatida koʻra boshladi. Biroq amaldagi marshrut Rossiya gaz sohasining asosiy muammosini hal qilishda cheklangan ahamiyatga ega.
Birinchi "Sibir kuchi" Sharqiy Sibirdagi konlardan gaz oladi. Bu konlar tarixan Yevropa eksporti bilan bogʻliq boʻlmagan. Yaʼni mazkur gaz dastlab Germaniya, Fransiya yoki Italiyaga yetkazib berish uchun moʻljallanmagan edi.
"Sibir kuchi–2" esa mutlaqo boshqa ahamiyatga ega. Bu loyiha boʻyicha har yili 50 milliard kub metrgacha gaz Gʻarbiy Sibirdan yetkazib berilishi rejalashtirilgan. Bu aynan oʻnlab yillar davomida Yevropani taʼminlab kelgan konlardir.
Mohiyatan, bu Yevropa bozoriga yoʻnaltirilgan eksportning katta qismini Xitoy tomonga burishga urinish hisoblanadi. Shu sababli loyiha strategik ahamiyatga ega deb baholanmoqda. Agar birinchi «Sibir kuchi» Xitoy eshigini ochgan boʻlsa, ikkinchisi Yevropa bozorining yoʻqotilishini qoplashi kerak edi.
Putinning Pekinga safari: nega "Sibir kuchi–2" yana imzolanmadi?
Mazkur loyiha taqdirida Rossiya prezidenti Vladimir Putinning 2026 yil 19–20 may kunlari Xitoyga qilgan soʻnggi tashrifi alohida ahamiyat kasb etdi. Koʻplab kuzatuvchilar aynan shu safar muzokaralarda hal qiluvchi burilish nuqtasi boʻladi, deb oʻylagan edi.
Darhaqiqat, Rossiya delegatsiyasi Pekinga katta iqtisodiy tarkib bilan keldi, energetika mavzusi esa muzokaralarning markaziy masalalaridan biri boʻldi. Biroq natija kutilgandan ancha kamtarona boʻldi. Safar doirasida Putin Xitoy raisi Si Szinpin bilan muzokaralar oʻtkazdi. Tomonlar sheriklikni yanada mustahkamlash haqida qoʻshma bayonot qabul qildi hamda turli sohalarda hamkorlikka oid qariyb 40 ta hujjatni imzoladi. Ammo koʻp soatlik muzokaralardan keyin ham "Sibir kuchi–2" boʻyicha toʻliq shartnoma imzolangani haqida eʼlon qilinmadi. Koʻplab ekspertlar bu holatni tomonlar oʻrtasida jiddiy kelishmovchiliklar saqlanib qolayotganining belgisi sifatida baholadi. Hatto tashrifdan oldin Rossiya amaldorlari sezilarli ilgarilash boʻlishi mumkinligiga ishora qilgan boʻlsalar-da, yakuniy hujjatlar toʻplamida loyiha deyarli tilga olinmadi.
Muzokaralarga yaqin manbalarning maʼlum qilishicha, asosiy toʻsiq hamon gaz narxi boʻlib qolmoqda. Moskva quvur qurilishi xarajatlarini qoplash va Yevropa bozorining yoʻqotilgan qismini kompensatsiya qilish imkonini beradigan uzoq muddatli shartnomadan manfaatdor. Pekin esa narxning Rossiya ichki tariflariga yaqin darajada boʻlishini talab qilishda davom etmoqda.
Kreml vakillari muzokaralardan keyin asosan marshrutning asosiy parametrlari boʻyicha tushuncha mavjudligi va texnik tafsilotlarni yanada ishlab chiqish zarurligi haqida gapirdi. Bu esa tomonlar loyihaga qiziqish bildirsa-da, shartnoma imzolanadigan aniq muddat haqida gapirishdan qochayotganini koʻrsatadi.
Rossiya uchun kelishuvga erishilmagani sezilarli signal boʻldi. Bir necha yil avval Moskva ikki mamlakat oʻrtasidagi siyosiy yaqinlashuv energetik loyihalarni avtomatik tarzda tezlashtiradi, deb hisoblagan edi. Lekin Xitoy juda pragmatik yondashuvni namoyon qilmoqda. Strategik sheriklikka qaramay, Pekin qarorlarni faqat siyosiy mulohazalar asosida qabul qilishni istamayapti va eng qulay tijoriy shartlarga erishishga harakat qilmoqda.
Bundan tashqari, muzokaralarning choʻzilishi ikki davlat oʻrtasidagi kuchlar muvozanati oʻzgarayotganini koʻrsatmoqda. Agar 2014 yilda birinchi "Sibir kuchi" shartnomasi Rossiya energetik diplomatiyasining katta gʻalabasi sifatida qabul qilingan boʻlsa, bugun vaziyat boshqacha. Rossiya Xitoy bozoriga Xitoy yangi Rossiya gaz quvuriga muhtoj boʻlganidan koʻra koʻproq muhtoj. Shuning uchun har bir yangi uchrashuv muzokaralarda ilgarilash haqidagi bayonotlar bilan yakunlanadi, ammo uzoq kutilgan shartnoma hali ham yoʻq.
Nega muzokaralar samarasiz kechdi?
Rasman tomonlar texnik masalalar, marshrutlar va infratuzilma haqida gapirishda davom etmoqda. Biroq aksariyat ekspertlar asosiy mojaro faqat narx bilan bogʻliq ekaniga ishonadi.
Rossiya milliardlab dollarlik investitsiyalarni qoplaydigan uzoq muddatli shartnoma istaydi. Xitoy esa gazni imkoni boricha arzon sotib olmoqchi.
Pekin nuqtai nazaridan qaraganda, vaziyat juda oddiy: Rossiya oʻzining eng yirik eksport bozorini yoʻqotdi. Yevropa yoʻnalishida qurilgan infratuzilmaning katta qismi toʻliq ishlamayapti.
Shuning uchun bitimdan Xitoyga qaraganda Moskva koʻproq manfaatdor. Demak, yon berish ham Moskvadan kutilmoqda.
Nega Xitoy “kibrlanyapti”?
Oʻn yil avval vaziyat boshqacha edi. Xitoy energiya resurslari importini jadal oshirayotgan va dengiz yoʻllariga qaram boʻlib qolishdan xavotirlanayotgan edi.
Bugun esa Xitoy dunyodagi eng diversifikatsiyalashgan gaz taʼminoti tizimlaridan birini shakllantirdi.
Pekin Qatar, Avstraliya, Malayziya va boshqa davlatlardan suyultirilgan tabiiy gaz sotib olmoqda. Markaziy Osiyodan kelayotgan gaz quvurlari ishlashda davom etmoqda. Turkmanistondan ham katta hajmda gaz kelmoqda.
Eng muhimi, Xitoy strategiyasi biror-bir yetkazib beruvchiga haddan tashqari qaram boʻlib qolmaslikka qaratilgan.
Shu sababli Rossiya gazi muhim boʻlsa-da, uning oʻrnini bosib boʻlmaydigan resurs emas.
Sharqqa burilish va yangi nomutanosiblik
Yaqin vaqtgacha Rossiya–Xitoy energetik hamkorligi teng huquqli davlatlar ittifoqi sifatida tasvirlanar edi. Bugun esa savol tugʻilmoqda: bu sheriklik haqiqatan ham tengmi?
Iqtisodiyotning oddiy qonuni bor: koʻproq muqobil variantga ega tomon kuchliroq boʻladi. Xitoyda bunday variantlar bor. Rossiyada esa ancha kam. Natijada yangi nomutanosiblik paydo boʻlmoqda. Xitoy Rossiya xomashyosining eng yirik xaridoriga aylanmoqda, Rossiya esa Xitoy talabiga tobora koʻproq bogʻlanib qolmoqda.
Loyihada Moʻgʻuliston omili ham alohida oʻrin tutadi. Gaz quvurining asosiy qismi aynan uning hududidan oʻtishi rejalashtirilgan. Ulan-Bator uchun bu milliardlab dollarlik investitsiyalar, tranzit daromadlari va infratuzilma rivoji demakdir. Biroq Moskva va Pekin oʻrtasidagi muzokaralarning choʻzilishi Moʻgʻuliston rejalarini ham kechiktirmoqda.
Endi nima boʻladi?
Bugun uchta asosiy ssenariy mavjud.
Birinchi ssenariy - Rossiya Xitoy shartlariga rozi boʻladi. Bu holda loyiha yaqin yillarda amalga oshishi mumkin. Ammo Moskva oʻzini uzoq muddatli va nisbatan past narxli kelishuvga bogʻlab qoʻyishi xavfi bor.
Ikkinchi ssenariy – oʻzaro murosa va yonbosish. Tomonlar oʻrtacha narx formulasiga kelishib olishadi. Bu eng real variant hisoblanadi.
Uchinchi ssenariy - loyihani muzlatib qoʻyish. Muzokaralar yana bir necha yil davom etadi, ammo shartnoma imzolanmaydi.
Gaz quvuridan ham kattaroq muammo
Qayd etish joiz, "Sibir kuchi–2" tarixi quvurlar yoki kompressor stansiyalari haqida emas. Bu loyiha jahon iqtisodiyotidagi oʻzgarishlarning oʻziga xos indikatoriga aylandi.
Yaqin vaqtgacha Rossiya Yevropaning asosiy gaz yetkazib beruvchilaridan biri boʻlib, muzokaralarda kuchli pozitsiyaga ega edi. Bugun esa u eksportni Sharqqa yoʻnaltirishga harakat qilmoqda va Xitoyning qattiq pragmatizmiga duch kelmoqda. Shuning uchun "Sibir kuchi–2" atrofidagi bahs aslida Yevroosiyoda iqtisodiy taʼsir markazlarining qayta taqsimlanishini aks ettirmoqda.
Loyihaning taqdiri nafaqat energetiklar va amaldorlarni qiziqtiradi. U Rossiya va Xitoy oʻrtasidagi kelajakdagi kuchlar muvozanati qanday boʻlishi mumkinligini ham koʻrsatib beradi. Agar loyiha Pekin shartlari asosida amalga oshsa, bu XXI asrda iqtisodiy hokimiyat qanday oʻzgarayotganining eng yorqin misollaridan biriga aylanadi. Agar tomonlar kelisha olmasa, bu hatto strategik sheriklik ham milliardlab dollar va milliy manfaatlar toʻqnashuvi oldida chegaralarga ega ekanini koʻrsatadi.
Abulfayz Sayidasqarov
