platina.uz
Iqtisod

Toshkent xalqaro moliya markazi toʻgʻrisidagi qonun qabul qilinadi

Valyuta aylanmasidagi monitoring jarayonlarini yengillashtirish, islomiy sugʻurta, “yashil” kredit, bank aktivlari bozorini yoʻlga qoʻyish kabi yangi moliyaviy mexanizmlarni joriy qilish muhimligi taʼkidlandi. 

Toshkent xalqaro moliya markazi toʻgʻrisidagi qonun qabul qilinadi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Xorijiy investorlar kengashining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtmoqda.

“Eʼtiborli tomoni, barcha aʼzolarimizning kengashdagi faolligi tobora oshmoqda. Bu mazkur investitsiya platformasiga boʻlgan yuksak ishonchning yaqqol dalilidir.

Sizlar bilan oʻtgan yili ham uchrashib, koʻp masalalarni muhokama qilgan edik. Avvalgi majlisda ilgari surilgan 21 ta tashabbus boʻyicha aniq yechimlar qabul qilindi.

Shuni alohida taʼkidlamoqchiman: investorlarning tashabbuslari davlat siyosatida oʻzining amaliy ifodasini topmoqda. Takliflarning salmoqli qismi asosida normativ-huquqiy hujjatlar takomillashtirildi”, – dedi Prezidentimiz.

Jumladan, Soliq kodeksiga investorlar uchun qulay oʻzgartirishlar kiritildi, kompaniyalar oʻrtasidagi ichki qarz bitimlari moliya nazoratidan chiqarildi, asosiy vositalarni tezlashtirilgan tartibda amortizatsiya qilish huquqi berildi, xalqaro standartlar asosida hisobot yurituvchi xorijiy shirkatlar uchun koʻplab majburiy talablar bekor qilindi.

Bundan tashqari, “Muqobil investitsiya jamgʻarmalari toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Masʼuliyatli biznes yuritish standartlarini joriy etish hamda 16 ta texnik reglamentni xalqaro meʼyorlarga muvofiqlashtirish dasturi tayyorlandi.

Shu bilan birga, xorijiy investorlarga teng va adolatli sharoit yaratish boʻyicha xalqaro majburiyatlarni zimmaga olishda yangi qadamlar tashlandi.

Yaqinda Oʻzbekiston Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining Xalqaro investitsiyalar va koʻp millatli korxonalar toʻgʻrisidagi Deklaratsiyasiga qoʻshilishi eʼlon qilindi.

Ushbu yoʻnalishdagi ishlarning mantiqiy davomi sifatida Toshkent xalqaro moliya markazi toʻgʻrisidagi Konstitutsiyaviy qonun qabul qilinishi kutilmoqda.

“Bularning barchasi gʻoyalaringiz amaliyotda izchil tatbiq etilayotganining yorqin dalilidir”, – dedi davlatimiz rahbari.

Oʻtgan davrda kengash huzuridagi ishchi guruhlar tomonidan investorlar uchun 50 dan ortiq foydali yigʻilishlar oʻtkazildi.

Natijada muqobil investitsiya jamgʻarmalari, garov qonunchiligi, masʼuliyatli biznes yuritish, professional kadrlar tayyorlash, soliq maʼmurchiligi, yer ajratish va energetika kabi ustuvor yoʻnalishlardagi masalalar xorijiy investorlar hamraisligida atroflicha muhokama qilindi.

Bugungi majlisga tayyorgarlik jarayonida 120 ta yangi taklif va tashabbus kelib tushdi. Ularning barchasi batafsil tahlil qilinib, yettita ustuvor yoʻnalishga birlashtirildi.

Bular investitsiya muhitini yaxshilash, soliq tizimi, kadastr, energetika, moliya va bank tizimi, korporativ boshqaruv, sunʼiy intellekt va raqamli iqtisodiyot masalalaridir.

Prezidentimiz, ayniqsa, quyidagi takliflar hozir har qachongidan ham dolzarbligini taʼkidladi.

Xususan, valyuta aylanmasidagi monitoring jarayonlarini yengillashtirish, islomiy sugʻurta, “yashil” kredit, bank aktivlari bozorini yoʻlga qoʻyish kabi yangi moliyaviy mexanizmlarni joriy qilish, korxonalarda atrof-muhit, ijtimoiy masʼuliyat va samarali boshqaruvni oʻz ichiga olgan ESG tamoyillarini qoʻllashni ragʻbatlantirish.

Shu bois, har bir yoʻnalish boʻyicha masʼullar belgilanib, aniq yechimlar ishlab chiqilishi qayd etildi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid