Oʻzbekistondagi bank aktivlarning 80 foizi 12 ta bank hissasiga toʻgʻri keladi
Kredit portfelining asosiy qismi ham aynan yirik banklarda jamlangan. Bank tizimidagi jami 629,0 trln soʻmlik kreditlarning 83 foizi aktivlari 30 trln soʻmdan yuqori boʻlgan banklar hissasiga toʻgʻri keladi.

Aktivlar va kreditlar boʻyicha asosiy koʻrsatkichlar qaysi banklar hissasiga toʻgʻri kelmoqda?
2026 yil 1 may holatiga Oʻzbekistonda faoliyat yuritayotgan 34 ta tijorat bankining jami aktivlari 962,8 trln soʻmni tashkil etdi. Aktivlar hajmi boʻyicha eng yirik 12 ta bank (aktivlari 30 trln soʻmdan yuqori) hissasiga bank tizimi aktivlarining qariyb 80 foizi yoki 767,6 trln soʻmi toʻgʻri kelmoqda.
Kredit portfelining asosiy qismi ham aynan yirik banklarda jamlangan. Bank tizimidagi jami 629,0 trln soʻmlik kreditlarning 521,5 trln soʻmi yoki 83 foizi aktivlari 30 trln soʻmdan yuqori boʻlgan banklar hissasiga toʻgʻri keladi.
Kreditlar tarkibida uzoq muddatli kreditlar ustunlik qilmoqda. Jami 552,8 trln soʻmlik uzoq muddatli kreditlarning 459,6 trln soʻmi yirik banklar tomonidan ajratilgan. Bu esa iqtisodiyotning investitsion loyihalari va uzoq muddatli moliyalashtirishida yirik banklarning muhim oʻrin tutayotganini koʻrsatadi.
Bank tizimining kapital bazasi ham yuqori darajada shakllangan. Jami kapital 144,0 trln soʻmni tashkil etib, uning 111,0 trln soʻmi aktivlari 30 trln soʻmdan yuqori boʻlgan banklar hissasiga toʻgʻri keladi.
Banklar faoliyatining moliyaviy natijalari ham ijobiy boʻlib qolmoqda. 2026 yil 1 may holatiga bank tizimining sof foydasi 6,9 trln soʻmni tashkil etdi. Kapital monandligi koʻrsatkichi 18,4 foiz darajasida shakllangan boʻlib, bu amaldagi prudensial talablardan yuqori darajada saqlanib qolmoqda.
Depozitlar hajmi ham oʻsishda davom etmoqda. Aholi omonatlari 170,2 trln soʻmga, yuridik shaxslar depozitlari esa 274,2 trln soʻmga yetdi. Mazkur mablagʻlarning asosiy qismi yirik banklarda jamlangan boʻlsa-da, oʻrta va kichik banklar segmentida ham depozit bazasi bosqichma-bosqich kengayib bormoqda.
Bank tizimida aktivlar, kreditlar va depozitlarning asosiy qismi yirik banklar hissasiga toʻgʻri kelayotgan boʻlsa-da, turli hajmdagi banklarning faoliyati moliyaviy vositachilikni kengaytirish, aholi va biznesning moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
