Soliq kadrlari boʻyicha Prezident qarori eʼlon qilindi
Soliq oliy maktabida soliqlar va soliqqa tortish, raqamli maʼmurchilik, soliq huquqi va moliyaviy nazorat kabi yoʻnalishlarda kadrlarni tayyorlash yoʻlga qoʻyiladi.

“Soliq sohasida malakali kadrlar tayyorlashning yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ–227-son, 16.06.2026 y.) qabul qilindi.
Maʼlumot uchun: Prezidentning 2026 yil 19 maydagi PF–95-son Farmoniga asosan:
- Soliq qoʻmitasi huzurida Soliq oliy maktabi (Oliy maktab);
- Oliy maktab tarkibida Malaka oshirish va kompetensiyalarni rivojlantirish markazi hamda Soliqqa oid tadqiqotlar markazi tashkil etilgan.
Qarorga koʻra, Oliy maktabda:
- 2026/2027 oʻquv yilidan oʻqish davomiyligi kamida 3 yil boʻlgan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga talabgorlar oʻqishga qabul qilinadi;
- 2027/2028 oʻquv yilidan magistratura va oliy taʼlimdan keyingi taʼlim bosqichi joriy etiladi.
Oliy maktabda soliqlar va soliqqa tortish, raqamli soliq maʼmurchiligi, soliq huquqi va moliyaviy nazorat kabi yoʻnalishlarda kadrlarni tayyorlash yoʻlga qoʻyiladi.
Oliy maktab bitiruvchilariga davlat namunasidagi diplom bilan birga soliq maslahatchisi va auditor malaka sertifikatini olish uchun oʻquv kurslarini oʻtaganligi toʻgʻrisidagi hujjat beriladi.
Buxgalteriya hisobi va audit sohasidagi xalqaro tashkilotlarning sertifikatlarini (ACCA, DipIFR, CAP/CIPA, CIA, ASA) olgan Oliy maktab talabalariga ushbu sertifikatlarni olish boʻyicha oʻqish xarajatlari Oliy maktab tomonidan qoplanadi.
