platina.uz
Iqtisod

Prezident xalqaro forumda olti yoʻnalishda muhim tashabbuslar bilan chiqdi

Investorlar uchun huquqiy kafolat tizimini yanada kuchaytirish taklif etildi. Quyosh va shamol elektr stansiyalari bilan bir qatorda energiya saqlash tizimlarini rivojlantirish, tarmoqlarni modernizatsiya qilish, “yashil” energiya asosida ishlaydigan data-markazlar barpo etish tashabbusi ilgari surildi. 

Prezident xalqaro forumda olti yoʻnalishda muhim tashabbuslar bilan chiqdi

Prezidentimiz koʻp qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish uchun bir qator ustuvor yoʻnalishlarga toʻxtalib oʻtildi.

Birinchi yoʻnalish – investorlar uchun huquqiy kafolat tizimini yanada kuchaytirish.

Investorlar huquqlarini kuchli institutlar, eʼtirof etilgan xalqaro mexanizmlar orqali taʼminlash hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Ikkinchi yoʻnalish – kapital bozorini rivojlantirish, muqobil moliya vositalariga keng yoʻl ochish.

Oʻzbekiston yangi avlod moliya texnologiyalari va sarmoya bozorlarini jadal rivojlantirmoqda.

Oʻtgan davrda xalqaro bozorlarda 16 milliard dollardan ziyod obligatsiyalar joylashtirildi. Shu bilan birga, milliy valyutadagi korporativ yevro-obligatsiyalar ham aylanmaga kiritildi.

Ilk bor 13 ta strategik korxona aktiviga ega Milliy investitsiya jamgʻarmasining 30 foiz aksiyalari Toshkent va London fond birjasiga chiqarildi. Eʼtiborli jihati, bu London birjasining oxirgi besh yildagi eng yirik IPOʼsiga aylandi.

Shu bilan birga, qator yirik kompaniyalarni ham IPOʼga chiqarishga tayyorgarlik koʻrilmoqda.

Bu kabi islohotlarning huquqiy negizini mustahkamlash uchun “Kapital bozori toʻgʻrisida”gi va “Muqobil investitsiya jamgʻarmalari toʻgʻrisida”gi qonunlar qabul qilinadi.

Uchinchi yoʻnalish – yuqori qoʻshilgan qiymat zanjirlarini kengaytirishga investitsiyalarni jalb etish.

Sanoatning barcha tarmoqlarida yangi texnologik bosqichga oʻtish va qoʻshilgan qiymatni yaratish boʻyicha katta dasturlar boshlangan.

“Yaxshi xabardorsiz, Oʻzbekiston boy tabiiy resurslar – oltin, mis, uran, volfram, gaz va boshqa noyob zaxiralarga ega. Strategik xomashyo boʻlgan yer osti boyliklarimizning umumiy qiymati 3 trillion dollar deb baholanmoqda”, – dedi Prezidentimiz.

Mazkur sohadagi imkoniyatlarni xorijiy investorlarga taqdim etish maqsadida ochiq raqamli geologiya maʼlumotlar bazasi yaratiladi, auksionga qoʻyiladigan konlar 4 karra koʻpaytiriladi, “qazib olishdan tayyor mahsulotgacha” boʻlgan loyihalarni amalga oshirish uchun Toshkent va Samarqandda barpo etilayotgan “Kelajak metallari” texnoparklariga xorijiy sarmoya keng jalb qilinadi.

Mashinasozlik, robototexnika, yengil sanoat, qurilish materiallari, elektrotexnika, farmatsevtika kabi “drayver” tarmoqlarda ham 20 milliard dollarlik investitsiya loyihalarini birgalikda amalga oshirish taklif qilindi.

Toʻrtinchi yoʻnalish – “yashil” energetika va sunʼiy intellekt sohalaridagi sheriklikni yanada chuqurlashtirish.

Investorlarga quyosh va shamol elektr stansiyalari bilan bir qatorda energiya saqlash tizimlarini rivojlantirish, tarmoqlarni modernizatsiya qilish, “yashil” energiya asosida ishlaydigan data-markazlar barpo etish taklif etildi.

Sunʼiy intellekt tarmogʻini rivojlantirish – davrimizning muhim talabi. Xorijiy ekspertlar Oʻzbekistonda kelgusi besh yilda ushbu yangi yoʻnalishda kamida 10 milliard dollarlik qoʻshimcha qiymat yaratilishini prognoz qilmoqda.

“Asosiy vazifamiz sunʼiy intellekt orqali aholining barcha qatlamlari hayotini yaxshilash, undan taʼlim, davlat xizmatlari va biznes jarayonlarida keng foydalanishdan iborat”, – dedi Prezidentimiz.

Qoraqalpogʻistonda sunʼiy intellekt loyihalari va data-markazlar uchun maxsus zona yaratildi. Bu hududda 2040 yilgacha investorlar barcha turdagi soliq va bojlardan ozod qilinadi, yoʻl, elektr, suv infratuzilmasi davlat hisobidan qurib beriladi, 1 kilovatt-soat elektr energiyasi uchun 5 sent miqdorida imtiyozli tarif belgilanadi.

Shu bilan birga, maxsus huquqiy rejimga ega boʻlgan Oʻzbekiston xalqaro raqamli texnologiyalar markazi ham tashkil etilmoqda.

Prezidentimiz investorlarni ushbu yoʻnalishlar boʻyicha jozibadorligi yuqori boʻlgan loyihalarda hamkorlikka taklif etdi.

Beshinchi yoʻnalish – mintaqaviy transport-logistika bogʻliqligini rivojlantirish.

Maʼlumki, investorlar uchun xalqaro savdo bozorlariga chiqish katta ahamiyatga ega. Soʻnggi yillarda Markaziy Osiyo oʻzaro bogʻliq va butun jahonga ochiq boʻlgan katta imkoniyatlar maydoniga aylanmoqda.

Jumladan, Xitoy va Qirgʻiziston bilan hamkorlikda strategik temir yoʻl qurilishi jadal davom ettirilmoqda. Shu bilan birga, janubiy dengiz portlariga toʻgʻridan-toʻgʻri chiqish imkonini beradigan Transafgʻon koridori loyihasi ustida faol ish olib borilmoqda. Bundan tashqari, Kaspiy dengizi orqali oʻtadigan “Oʻrta koridor” transport yoʻnalishi ham rivojlantirilmoqda.

Ushbu loyihalarni toʻliq roʻyobga chiqarish evaziga Oʻzbekiston Osiyo va Yevropani bogʻlaydigan transport magistrallar tarmogʻiga qoʻshiladi.

Oʻzbekistonda transport-logistika yoʻnalishida qator megaloyihalar ham boshlangan. Masalan, saudiyalik hamkorlar bilan yiliga 20 million yoʻlovchiga xizmat koʻrsatadigan yangi Toshkent xalqaro aeroporti qurilmoqda.

Investorlar forum doirasida taqdim etilayotgan tezyurar avtomobil yoʻllarini barpo etish, koʻp funksiyali logistika markazlari va “quruq portlar”ni qurish kabi loyihalarda faol ishtirok etishga taklif qilindi.

Oltinchi yoʻnalish – hududlarni rivojlantirishda investitsiyaviy hamkorlikni yangi bosqichga koʻtarish.

Oʻzbekiston aholisi qariyb 40 millionga yaqinlashdi. Jadal demografik va iqtisodiy oʻsish urbanizatsiya va shaharsozlik boʻyicha katta dasturlarni amalga oshirishni taqozo etmoqda.

Ular doirasida 2040 yilga qadar quriladigan uy-joylarning sonini 2 karra oshirib, urbanizatsiya darajasini hozirgi 51 foizdan 65 foizga yetkazish reja qilingan.

Poytaxtimizga tutash hududda 2 million aholiga moʻljallangan zamonaviy Yangi Toshkent megapolisi bunyod etilmoqda. Shuningdek, Andijon, Namangan va Samarqandni millionli shaharlarga aylantirish boʻyicha loyihalar boshlab yuborilgan. Umuman, yurtimizda uy-joy qurilishi loyihalari yiliga kamida 10 milliard dollarlik kafolatli bozorni taʼminlaydi.

Bunga qoʻshimcha ravishda Oʻzbekiston infratuzilmani barpo etishda 27 milliard dollarlik davlat-xususiy sheriklik loyihalarini investorlar bilan amalga oshirishga tayyor.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid