platina.uz
Iqtisod

Prezident: bu yil Oʻzbekiston iqtisodiyoti 180 mlrd dollardan oshishi kutiladi

Mamlakat nufuzli “Iqtisodiy erkinlik indeksi”da 14 pogʻona yuqorilab, ilk bor “iqtisodiyoti moʻtadil erkin” davlatlar qatoridan joy oldi. 

Prezident: bu yil Oʻzbekiston iqtisodiyoti 180 mlrd dollardan oshishi kutiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumining yalpi majlisida nutq soʻzlamoqda.

Jahon iqtisodiyoti va global kapital xaritasi keskin oʻzgarayotgan, savdo ziddiyatlari avj olayotgan hozirgi sharoitda har qanday investor tadbirkorlarning huquq va erkinliklari ishonchli himoya qilinayotgan, iqtisodiyot jadal surʼatlar bilan oʻsib borayotgan, keng imkoniyatlar mavjud boʻlgan davlatlarga sarmoya kiritishga intilishi tabiiy.

Shu bois, Yangi Oʻzbekistonda investitsiya muhitini tubdan yaxshilash yoʻlida tizimli chora-tadbirlar olib borilmoqda.

Oʻtgan yili yalpi ichki mahsulotimiz 7,7 foizga oʻsdi, iqtisodiyotga 43 milliard dollar investitsiya jalb qilindi. Milliy valyutamizning barqarorligi taʼminlanib, xalqaro zaxiralarimiz hajmi 70 milliard dollardan ortdi.

“Koʻpchilikning yodida, biz toʻrt yil avval boʻlib oʻtgan ilk forumda 2026 yil yakuniga kelib, Oʻzbekistonning yalpi ichki mahsulotini 100 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilgan edik. Jadal surʼatlarda oʻsib borayotgan iqtisodiyotimiz bu yil 180 milliard dollardan oshishi kutilmoqda!”, – dedi Prezidentimiz.

Shu bilan birga, Oʻzbekiston xalqaro kredit reytingi yil sayin yaxshilanib bormoqda.

Joriy yilda mamlakatimiz nufuzli “Iqtisodiy erkinlik indeksi”da 14 pogʻona yuqorilab, ilk bor “iqtisodiyoti moʻtadil erkin” davlatlar qatoridan joy oldi.

Bularning barchasi Oʻzbekiston iqtisodiyoti yangi surʼat va yangi imkoniyatlar bosqichiga chiqayotganiga yorqin misoldir.

Prezidentimiz koʻp qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish uchun bir qator ustuvor yoʻnalishlarga toʻxtalib oʻtildi.

Birinchi yoʻnalish – investorlar uchun huquqiy kafolat tizimini yanada kuchaytirish.

Investorlar huquqlarini kuchli institutlar, eʼtirof etilgan xalqaro mexanizmlar orqali taʼminlash hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Bu borada mart oyidan Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish boʻyicha ishlar boshlandi. Markazning huquqiy asoslari Konstitutsiyaviy qonun bilan mustahkamlanadi.

Ushbu markaz ishtirokchilari uchun jozibador soliq tizimi yaratiladi. Foyda soligʻi, qoʻshilgan qiymat soligʻi, mol-mulk soligʻi va bojxona bojlari nol foiz etib belgilanadi. Kapitalning erkin harakati, istalgan valyutada hisob-kitob qilish imkoniyati soʻzsiz kafolatlanadi. Moliyaviy texnologiyalar, raqamli aktivlar, “yashil” moliya uchun zamonaviy tizim yaratiladi.

Markaz hududida normativ hujjatlarni qabul qilish vakolatiga ega mustaqil moliyaviy regulyator ham tashkil etiladi.

Dastlabki bosqichda bu kabi imtiyozlarning amal qilish muddati 50 yil etib belgilanadi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid