platina.uz
Siyosat

Shavkat Mirziyoyev Belarus, Qirgʻiziston va Tojikiston hukumati rahbarlarini qabul qildi

Savdo-iqtisodiyot, transport, suv-energetika sohalarida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, shuningdek, madaniy-gumanitar dasturlar va hududlararo almashinuvlarni ilgari surishga alohida eʼtibor qaratildi. 

Shavkat Mirziyoyev Belarus, Qirgʻiziston va Tojikiston hukumati rahbarlarini qabul qildi

Beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Belarus Respublikasi Bosh vaziri Aleksandr Turchinni qabul qildi.

Uchrashuv avvalida yuqori martabali mehmon davlatimiz rahbariga Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Oʻzbekiston – Belarus koʻp qirrali sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirishning dolzarb masalalari boʻlajak oliy darajadagi tadbirlarga tayyorgarlik nuqtai nazaridan koʻrib chiqildi.

Joriy yil may oyida Toshkent viloyatida boʻlib oʻtgan Hukumatlararo komissiya yigʻilishining samarali natijalari mamnuniyat bilan qayd etildi.

Tovar ayirboshlash hajmi joriy yil boshidan buyon 32 foizga ortib, barqaror oʻsib bormoqda. Qishloq xoʻjaligi, mashinasozlik va boshqa tarmoqlarda kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.

Savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish, shuningdek, madaniy-gumanitar va hududlararo aloqalarni faollashtirish boʻyicha muvofiqlashtirilgan choralar koʻrish muhim ekani taʼkidlandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Qirgʻiz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Raisi – Prezident Administratsiyasi rahbari Adilbek Kasimaliyevni qabul qildi.

Uchrashuv avvalida yuqori martabali mehmon davlatimiz rahbariga Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.

Ikki mamlakat yetakchilari oʻrtasida savdo-iqtisodiyot, transport, suv-energetika sohalarida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, shuningdek, madaniy-gumanitar dasturlar va hududlararo almashinuvlarni ilgari surishga alohida eʼtibor qaratildi.

Oʻzaro hamkorlik va boʻlajak oliy darajadagi tadbirlar kun tartibini boyitish maqsadida Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashining navbatdagi yigʻilishlari davomida hamda boshqa sheriklik mexanizmlari doirasida yangi loyiha va tashabbuslarni ishlab chiqish muhimligi alohida taʼkidlandi.

Beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Respublikasi Bosh vaziri Qohir Rasulzodani qabul qildi.

Uchrashuv avvalida yuqori martabali mehmon davlatimiz rahbariga Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Oʻzbekiston – Tojikiston doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va ittifoqchilik munosabatlarini oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.

Ikki tomonlama sheriklikning barcha yoʻnalishlaridagi yuqori surʼat mamnuniyat bilan qayd etildi. Tovar ayirboshlash hajmi oʻsib bormoqda, energetika, sanoat, qishloq va suv xoʻjaligi sohalaridagi kooperatsiya loyihalari faol bosqichda.

Yangi tashabbuslarni, jumladan, hududlararo va madaniy-gumanitar almashinuvlar doirasida ishlab chiqish muhimligi taʼkidlandi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid