Shavkat Mirziyoyev AQSh yetakchi kompaniyalari vakillari bilan uchrashdi
Mamlakat yetakchisi ikki davlat oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan bir qator dolzarb yoʻnalishlarni belgilab berdi.

Toshkent xalqaro investitsiya forumi tadbirlari doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSh Eksimbanki prezidenti va raisi Jon Yovanovich hamda Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi (DFC) bosh ijrochi direktori Ben Blek bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Uchrashuv avvalida yuqori martabali mehmonlar davlatimiz rahbariga AQSh Prezidenti Donald Trampning samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.

Muzokaralar davomida mazkur institutlarning Oʻzbekistonda infratuzilmani rivojlantirish, muhim minerallarni oʻzlashtirish, energetika, sunʼiy intellektni joriy etish hamda raqamlashtirish kabi yuqori texnologiyali strategik loyihalarni moliyalashtirishda ishtirok etishi bilan bogʻliq masalalar atroflicha koʻrib chiqildi.
AQSh Eksimbanki bilan hamkorlik yoʻnalishida energetika tarmogʻini modernizatsiya qilish boʻyicha qoʻshma loyihalarni jadallashtirish yuzasidan kelishuvga erishildi. Mahalliy tadbirkorlarning ustuvor sohalardagi tashabbuslari uchun eksport kreditlarini taqdim etishni yanada rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi.
“DFC” korporatsiyasining sogʻliqni saqlash sohasidagi loyihalarni qoʻllab-quvvatlash, energetika tarmogʻi va infratuzilmani modernizatsiya qilishga qaratilgan qoʻshma investitsiya platformasini ishga tushirish boʻyicha tashabbuslari qoʻllab-quvvatlandi.

Toshkentda yangi xalqaro aeroportni qurish, Fargʻona viloyatida zamonaviy tibbiyot majmuasini tashkil etish, raqamli bankni ishga tushirish, data-markazlar va quruq portlarni barpo qilish kabi yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirishning amaliy bosqichiga oʻtish zarurligi taʼkidlandi.
Uchrashuv yakunida muhokama qilingan investitsiyaviy va texnologik loyihalarni ilgari surish boʻyicha qoʻshma “yoʻl xaritasi”ni qabul qilishga kelishib olindi.
Shavkat Mirziyoyev beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi arafasida Shavkat Mirziyoyev beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi arafasida AQShning yetakchi kompaniyalari delegatsiyasi bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Uchrashuvda AQSh Eksimbanki prezidenti va raisi Jon Yovanovich, Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi (DFC) bosh ijrochi direktori Ben Blek, AQSh – Oʻzbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm hamda “Air Products”, “Cove Capital”, “Templeton Global Investments”, “Boeing”, “77 Construction”, “BlackRock”, “FLS”, “Visa”, “JP Morgan”, “Meta”, “GULF” korporatsiyalari rahbarlari va yana bir qator kompaniyalar vakillari ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbari mazkur uchrashuv oxirgi yillarda vujudga kelgan yaxshi anʼananing davomi, AQSh ishbilarmonlarining Oʻzbekistondagi faoliyatini kengaytirishga qiziqishi ortib borayotganining tasdigʻi ekanini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Iqtisodiy hamkorlik Oʻzbekiston bilan AQSh oʻrtasidagi strategik sheriklikning asosiy tayanch nuqtalaridan biri ekani alohida taʼkidlandi.
Mamlakat yetakchisi ikki davlat oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan bir qator dolzarb yoʻnalishlarni belgilab berdi.
Muhim minerallarni oʻzlashtirish va qayta ishlash, energetika, metallurgiya, moliya, sunʼiy intellekt, raqamli texnologiyalar va boshqa koʻplab sohalarda aniq loyihalarni ilgari surishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
AQShning yirik kompaniyalari rahbarlari investorlar samarali faoliyat yuritishiga yaratilgan qulay sharoitlar uchun Oʻzbekiston Prezidentiga minnatdorlik bildirib, oʻzlarining aniq taklif va rejalarini bayon etdilar.
Davra suhbati yakunida AQShning yetakchi kompaniyalari bilan ikki tomonlama hujjatlarni almashish marosimi boʻlib oʻtdi.
