platina.uz
Maqola

Eron–AQSh kelishuvi. Kimlar xursand va kimlar norozi?

AQSh-Eron kelishuvi Isroil rahbariyati tomonidan sovuq kutib olindi. Isroil uchun Eron masalasi tashqi siyosatning bir qismi emas — bu milliy xavfsizlik konsepsiyasining markazi sanaladi. 

Eron–AQSh kelishuvi. Kimlar xursand va kimlar norozi?
Fotokollaj: Platina.uz

Bir narsa Yaqin Sharq siyosatini yaxshi taʼriflaydi: bu yerda tinchlik haqidagi har bir xabar, koʻpincha, yangi keskinlikning boshlanishi boʻlib chiqadi.

Shu maʼnoda, 2026 yil bahorida tarqalgan AQSh va Eron oʻrtasidagi “memorandum” haqidagi maʼlumotlar ham odatiy diplomatik yangilik emas — bu butun mintaqaviy tizimni titratgan signal sifatida qabul qilindi.

Jumladan, 14 iyun kuni tunda prezident Donald Tramp AQSh va Eron kelishuvga erishilganini eʼlon qildi. Eron ham bu xabarni tasdiqladi. Tramp sulhni izdan chiqarishi mumkin boʻlgan har qanday harakatga, jumladan Isroil pozitsiyasiga ham keskin munosabat bildirdi. Kelasi 60 kun davomida tomonlar eng murakkab va bahsli masalalar yuzasidan yakuniy kelishuv shaklini ishlab chiqishi kerak. Gap Eronning mintaqadagi taʼsiri, qurolli guruhlar faoliyati, sanksiyalar taqdiri, Hoʻrmuz boʻgʻozidan erkin oʻtish va xavfsizlik kafolatlari kabi masalalar haqida ketmoqda.

Eron bilan murosa: Tramp va Obama usullari

Donald Tramp AQShning 44-prezidenti Barak Obama davrida 2015 yilda Eron bilan imzolangan yadroviy kelishuvni bir necha bor keskin tanqid qilgan.

Jumladan, 14 iyun kuni Tramp oʻzining Truth Social ijtimoiy tarmogʻida Eron bilan ehtimoliy kelishuvni eʼlon qilib, shunday deb yozgan edi:

"Obamaning Eron bilan kelishuvi (Qoʻshma har tomonlama harakat rejasi) — oson, chiroyli va muammosiz yoʻl edi, u Eronni yadroviy qurolga olib borardi; Eron uni 6 yil oldin qoʻlga kiritgan va ancha oldin qoʻllagan boʻlar edi. Mening Eron bilan kelishuvim esa buning mutlaq teskarisi: yadroviy qurolga toʻliq toʻsiq!".

Oʻz navbatida Barak Obama Donald Trampning, Obama davrida tuzilgan “Eron yadroviy kelishuvi” samarasiz boʻlgani va Eronga ham moliyalashtirish olish, ham yadroviy qurol ishlab chiqish imkonini bergani haqidagi bayonotlariga javob qaytardi.

"Tramp Eron bilan urushda muvaffaqiyat qozona olmadi. Biz qoʻrqitish va bombardimonlar orqali hech qanday natijaga erishmadik va eng yaxshi holatda biz avvalgi kelishuvga qaytamiz. Oxir-oqibat erishiladigan har qanday kelishuv SVPDga nisbatan yaxshilanish boʻlmaydi, chunki AQSh uni ahmoqona rad etgan va u bir necha yil davomida muvaffaqiyatli ishlab kelgan", — dedi Obama ABC News intervyusida.

Isroilning sovuq reaksiyasi: tinchlikdan qoʻrquv hissi

AQSh-Eron kelishuvi Isroil rahbariyati tomonidan sovuq kutib olindi. “Isroil oʻz qoʻshinlarini Livandan olib chiqmaydi va oʻzini Eron kelishuvidagi Livan bandiga bogʻlangan deb hisoblamaydi” degan Binyamin Netanyaxu.

Shuningdek Isroil Milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvirning "Isroil AQShga boʻysunmaydi" degan bayonoti ham Isroil oʻz xavfsizlik manfaatlarini Vashington diplomatiyasidan ustun qoʻyayotganini anglatadi.

Aslida bu mojaro Vashington va Tel-Aviv oʻrtasidagi munosabatlarning yangi bosqichga kirganidan darak berishi mumkin. AQSh hozirgi paytda Yaqin Sharqdagi keng koʻlamli harbiy qarama-qarshilikni tugatish va resurslarini boshqa geosiyosiy yoʻnalishlarga yoʻnaltirishga harakat qilmoqda.

Isroil esa xavfsizlik masalalarida har qanday murosani oʻz milliy manfaatlariga tahdid sifatida qabul qilmoqda.

Isroil uchun Eron masalasi tashqi siyosatning bir qismi emas — bu milliy xavfsizlik konsepsiyasining markazi. Shuning uchun Vashington va Tehron oʻrtasidagi har qanday yumshash Isroilda tinchlik emas, balki strategik noaniqlik sifatida qabul qilinadi.

Isroilning asosiy qoʻrquvi shuki, agar AQSh Eron bilan pragmatik kelishuvga kelsa, mintaqadagi oʻnlab yillar davom etgan siyosiy arxitektura oʻzgarishi mumkin. Isroil oʻzini Eronga qarshi “birinchi liniya”dagi davlat sifatida koʻradi. Bu rol esa faqat harbiy emas, balki diplomatik kapital ham beradi.

Eron bilan yaqinlashuv esa shu kapitalni pasaytirishi ehtimolini keltiradi. Boshqacha aytganda, Isroil uchun bu kelishuv tinchlik emas — geosiyosiy yakkalik xavfining kuchayishidir.

Hizbulloh: ittifoqchi emas, tizimning bir qismi

Eronning proksi kuchlaridan biri – “Hizbulloh” masalasi esa yanada murakkab. Ushbu tashkilot rahbariyati oʻzaro kelishuvga keyinroq imzxo qoʻyishini bildirdi. Ular Isroilning rostan ham urushni toʻxtatishga irodasi borligini koʻrish uchun bu sanani ortga surishdi. Haqiqatan ham “Hizbulloh” oddiy mintaqaviy guruh emas — u Livan siyosiy tizimi ichida ham, tashqi siyosiy muvozanatda ham alohida oʻringa ega kuch hisoblanadi.

Hizbullohning kuchliligi faqat qurolda emas, balki Eron bilan bogʻlangan moliyaviy, siyosiy va ideologik tuzilmada. Shuning uchun Tehron–Vashington yaqinlashuvi ular uchun ikki tomonlama signal boʻladi: bir tomondan Eronga tushayotgan bosim yumshashi mumkin, ikkinchi tomondan esa tashqi siyosiy nazorat kuchayishi ehtimoli paydo boʻladi.

Bu esa Hizbullohni noaniq holatga olib kiradi: u oʻzi tayanadigan markazning diplomatik yoʻnalishi oʻzgarsa, mintaqaviy rol ham avtomatik ravishda qayta shakllanadi.

HAMASning kutilmagan bayonoti: siyosatdagi pragmatizm

Eng koʻp eʼtibor tortgan jihatlardan biri — HAMAS tomonidan bildirilgan ijobiy munosabat boʻldi. Bu tashqi koʻrinishda ziddiyatli tuyuladi: urush sharoitida turgan harakat nega geosiyosiy yumshashni qoʻllab-quvvatlaydi?

Javob mafkurada emas, real siyosiy hisob-kitobda yashiringan. Eron–AQSh oʻrtasidagi har qanday yumshash mintaqadagi umumiy bosimni pasaytiradi, gumanitar va diplomatik kanallarni ochishi mumkin. Eng muhimi, HAMAS uchun xalqaro bosim muhitining oʻzgarishi siyosiy manyovr imkoniyatlarini kengaytirishi ehtimolini yaratadi. Shu maʼnoda, ularning bayonoti “ittifoqchilik” emas, balki siyosiy realizm namunasi, deyish mumkin.

Eronning asosiy oʻyini: bosim va muzokara oʻrtasidagi muvozanat

Eron tashqi siyosati uzoq yillar davomida bir paradoksga tayanadi: bir tomondan qattiq qarshilik ritorikasi, ikkinchi tomondan esa doimiy diplomatik eshikni ochiq qoldirish.

Sanksiyalar, yadroviy dastur va mintaqaviy taʼsir Eron uchun faqat tahdid emas — ular muzokaradagi instrumentlarga aylangan. Shuning uchun Vashington bilan ehtimoliy kelishuv Tehron uchun tizimni oʻzgartirish emas, balki uni qayta sozlash vositasidir.

Eron real siyosatida asosiy maqsad — gʻalaba emas, barqarorlikni saqlab qolish.

Vashington nuqtai nazari: toʻliq gʻalaba emas, boshqaruv

AQShning Eron siyosatida ham ideal ssenariydan koʻra amaliy yondashuv ustun. Yaqin Sharqda bir vaqtning oʻzida bir necha inqirozlar saqlanib turgan sharoitda, Vashington uchun eng muhim vazifa — konfliktni boshqariladigan darajada ushlab turish.

Eron bilan kelishuv ehtimoli ham shu mantiqqa mos: u muammoni hal qilish emas, uni nazorat qilinadigan holatga keltirish imkoniyati sifatida koʻriladi.

Tinchlik emas, qayta taqsimlanish

Eron–AQSh yaqinlashuvi haqidagi hozirgi muhokamalarni oddiy diplomatik yangilik deb qarash qiyin. Bu koʻproq Yaqin Sharqdagi kuchlar muvozanatining qayta shakllanish jarayoniga oʻxshaydi.

Bu jarayonda hech kim toʻliq yutqazmaydi yoki toʻliq yutadi deb boʻlmaydi. Isroil strategik noaniqlikka kirib boradi, Hizbulloh oʻz tayanchlarini qayta hisoblaydi, HAMAS esa yangi diplomatik boʻshliqni sinab koʻradi. Eron esa oʻzining eng qadimiy strategiyasiga qaytadi — tashqi bosim ostida yashashni takomillashtirishda davom etadi. Shu maʼnoda, hozirgi “yaqinlashuv” tinchlik emas. Bu — mintaqaning yangi siyosiy geometriyasi shakllanayotgan davrning boshlanishidir.

Abulfayz Sayidasqarov

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid