platina.uz
Siyosat

Shavkat Mirziyoyev Si Szinpinni tavallud kuni bilan tabrikladi

Oʻtgan yillar davomida barcha asosiy sohalarda oʻzaro manfaatli va koʻp pogʻonali hamkorlik mexanizmlari shakllantirilgani, “Bir makon — bir yoʻl” tashabbusi doirasida katta amaliy natijalarga erishilgani qayd etildi. 

Shavkat Mirziyoyev Si Szinpinni tavallud kuni bilan tabrikladi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinga tavallud kuni munosabati bilan tabrik yoʻlladi.

Maktubda Xitoy Xalq Respublikasi va Xitoy Kommunistik partiyasining ulugʻ siyosiy namoyandasi sifatida Si Szinpin Vatan va xalqqa boʻlgan cheksiz mehr-muhabbat, ulkan masʼuliyat hissi va uzoqni koʻra olishga asoslangan strategik tafakkur bilan mamlakat xalqini yangi marralar sari boshlab borayotgani taʼkidlandi.

“Sizning oqilona rahbarligingiz ostida Xitoy modernizatsiyasi izchil davom etmoqda, millatning buyuk tiklanishi va yuksalishiga qaratilgan siyosatingiz mamlakatingiz tarixiga yorqin sahifa sifatida yozilmoqda”, – deyiladi maktubda.

Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi munosabatlarning bugungi yuksak surʼatiga alohida eʼtibor qaratildi. Soʻnggi yillarda ikki mamlakat oʻrtasidagi doʻstlik, oʻzaro ishonch va barcha sharoitlardagi har tomonlama strategik sheriklik munosabatlari yil sayin mustahkamlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan taʼkidlandi.

“Biz Yangi Oʻzbekistonda olib borayotgan jadal islohotlarimizda Xitoy Xalq Respublikasi va shaxsan Sizning doimiy koʻmagingiz hamda qoʻllab-quvvatlovingizni yaqindan his qilib kelyapmiz”, – deyiladi maktubda.

Oʻtgan yillar davomida barcha asosiy sohalarda oʻzaro manfaatli va koʻp pogʻonali hamkorlik mexanizmlari shakllantirilgani, “Bir makon — bir yoʻl” tashabbusi doirasida katta amaliy natijalarga erishilgani qayd etildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev umumiy saʼy-harakatlar va oliy darajadagi tashriflar davomida erishilgan barcha kelishuvlarni toʻliq amalga oshirish orqali Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi hamkorlikni yangi sifat bosqichiga koʻtarish mumkinligiga ishonch bildirdi.

Yakunda davlatimiz rahbari Si Szinpinga mustahkam sogʻliq, oilaviy baxt-saodat, masʼuliyatli davlatchilik faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar, doʻst Xitoy xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik va bardavom taraqqiyot tiladi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid