Xalqaro qidiruvda boʻlgan ikki shaxs Turkiyadan Oʻzbekistonga ekstraditsiya qilindi
Ular Toshkentda keyingi protsessual harakatlarni oʻtkazish uchun Oʻzbekiston huquqni muhofaza qiluvchi organlari xodimlariga topshirildi.

Oʻzbekiston IIV Interpol Milliy markaziy byurosi va Turkiya vakolatli organlari hamkorligida oʻtkazilgan tadbirlar natijasida xalqaro qidiruvda boʻlgan ikki nafar fuqaro aniqlanib, qoʻlga olindi.
Ular Oʻzbekistonga deportatsiya qilindi.
Tezkor axborot almashinuvi, oʻtkazilgan muzokaralar va ikki davlatning huquqni muhofaza qiluvchi organlari oʻrtasidagi yaqin hamkorlik tufayli Turkiya tomoni qidiruvdagi shaxslarni deportatsiya qilish toʻgʻrisida qaror qabul qildi.
Qoʻlga olinganlarning biri qasddan badanga ogʻir shikast yetkazganligi (JK 104-moddasi), ikkinchisi esa firibgarlik (JK 168-moddasi) sodir etganligi uchun Oʻzbekiston Respublikasi huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan qidiruvda boʻlgan.
Bugun qidiruvdagi bu ikki shaxs Istanbul shahridan aviareys orqali Islom Karimov nomidagi xalqaro aeroportga olib kelindi va mamlakatimiz qonunchiligiga muvofiq keyingi protsessual harakatlarni oʻtkazish uchun Oʻzbekiston Respublikasi huquqni muhofaza qiluvchi organlari xodimlariga topshirildi.
Oʻzbekiston IIV Interpol Milliy markaziy byurosi mamlakat tashqarisida tergov va sud idoralaridan yashirinib yurgan shaxslarni qidirish, shuningdek, transchegaraviy jinoyatchilikka qarshi kurashda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash ishlarini davom ettirmoqda.
