Shavkat Mirziyoyev Donald Trampni tavallud kuni bilan tabrikladi
Prezident amerikalik hamkasbini Oʻzbekistonga ilk tarixiy tashrif bilan kelishga taklif etdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Amerika Qoʻshma Shtatlari Prezidenti Donald Trampga tavallud kuni – yubiley ayyomi munosabati bilan tabrik yoʻlladi.
“Sizni boy tajribaga ega, oʻz xalqining hurmat va ehtiromiga sazovor boʻlgan atoqli davlat arbobi sifatida yaxshi bilamiz. Sizning qatʼiy siyosiy yetakchiligingiz va mustahkam irodangiz tufayli Amerika Qoʻshma Shtatlarining xalqaro maydondagi obroʻ-eʼtibori va qudrati tobora mustahkamlanib borayotganini alohida taʼkidlashni istar edim”, – deyiladi maktubda.
Oʻzbekiston va AQSh oʻrtasidagi munosabatlarning bugungi surʼatiga alohida eʼtibor qaratildi. Oʻzaro hurmat, ishonch va mushtarak manfaatlarga asoslangan aloqalar soʻnggi yillarda izchil rivojlanib, sifat va mazmun jihatidan yanada boyib borayotgani qayd etildi.
“Bugun Oʻzbekiston – AQSh aloqalari har qachongidan ham mustahkam va amaliy ruh kasb etayotgani ham ayni haqiqatdir”, – deyiladi maktubda.
Davlatimiz rahbari ochiq va konstruktiv hamkorlikka intilayotgan mamlakat sifatida Oʻzbekiston AQSh bilan koʻp qirrali va strategik sheriklikka asoslangan aloqalarni yanada chuqurlashtirishdan manfaatdor ekanini bildirdi. Jumladan, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga alohida ahamiyat qaratilayotgani qayd etildi.
Prezidentimiz Donald Trampning tinchlik va barqarorlikni taʼminlashga qaratilgan xalqaro saʼy-harakatlarini yuksak qadrlashini taʼkidladi.
Turli xalqaro va mintaqaviy platformalar doirasidagi koʻp tomonlama hamkorlik bundan keyin ham rivojlanib, yangi amaliy natijalar bilan boyib borishiga ishonch bildirildi.
Strategik sheriklikning istiqbolli yoʻnalishlarini batafsil muhokama qilish maqsadida Prezidentimiz amerikalik hamkasbini Oʻzbekistonga ilk tarixiy tashrif bilan kelishga taklif etdi.
Yakunda Prezidentimiz Donald Trampga mustahkam sihat-salomatlik, oilaviy baxt-saodat, masʼuliyatli davlatchilik faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar, doʻst Amerika xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik va farovonlik tiladi
