Prezident Shavkat Mirziyoyev Vladimir Putinni Rossiya kuni bilan tabrikladi
“Oʻzbekiston Respublikasining koʻp millatli xalqi va shaxsan oʻz nomimdan Sizni hamda doʻst Rossiya Federatsiyasi xalqini milliy bayram – Rossiya kuni bilan samimiy muborakbod etaman”, – deyiladi maktubda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinga Rossiya kuni munosabati bilan tabrik yoʻlladi.
“Oʻzbekiston Respublikasining koʻp millatli xalqi va shaxsan oʻz nomimdan Sizni hamda doʻst Rossiya Federatsiyasi xalqini milliy bayram – Rossiya kuni bilan samimiy muborakbod etaman”, – deyiladi maktubda.
Davlatimiz rahbari ushbu qutlugʻ sana Rossiya xalqining chuqur tarixiy ildizlari, boy maʼnaviy va madaniy merosi, salmoqli yutuqlari hamda davlatchilikni mustahkamlash va har tomonlama taraqqiyot sari intilishini oʻzida yaqqol aks ettirishini taʼkidladi.
Maktubda Prezident Vladimir Putin rahbarligida Rossiya umummilliy taraqqiyotga qaratilgan keng koʻlamli dasturlarni izchil amalga oshirayotgani qayd etildi. Ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi salmoqli muvaffaqiyatlar va ilgʻor ilmiy-texnik yutuqlar fuqarolar hayoti sifati va farovonligini yanada oshirish uchun mustahkam asos boʻlib xizmat qilayotgani taʼkidlandi.
Oʻzbekiston bilan Rossiya oʻrtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarining misli koʻrilmagan yuksak darajasiga alohida eʼtibor qaratildi.
“Ochiq va ishonchli muloqot tufayli mamlakatlarimiz oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlik barcha yoʻnalishlarda jadal surʼat bilan rivojlanmoqda”, – deyiladi maktubda.
Investitsiya, sanoat, energetika va transport-logistika sohalarida yirik kooperatsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani taʼkidlandi. Hududlararo aloqalarga katta surʼat berilgani, ikki xalqning yanada yaqinlashishiga xizmat qilayotgan madaniy-gumanitar va taʼlim almashinuvlari anʼanaviy ravishda faol rivojlanayotgani qayd etildi.
Davlatimiz rahbari, shuningdek, goʻzal Sankt-Peterburg shahrida boʻlib oʻtgan soʻnggi uchrashuv va muzokaralar ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishda muhim bosqich boʻlganini hamda Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi oʻzaro ishonchning yuksak darajasi va anʼanaviy doʻstona munosabatlarini yana bir bor tasdiqlaganini taʼkidladi.
“Ishonamanki, erishilgan kelishuvlar Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi doʻstlik va oʻzaro manfaatli hamkorlik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish, mamlakatlarimiz va xalqlarimiz farovonligi yoʻlida koʻp qirrali sheriklikning ulkan salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun mustahkam asos boʻlib xizmat qiladi”, – deyiladi maktubda.
Yakunda Prezident Shavkat Mirziyoyev Prezident Vladimir Putinga mustahkam sogʻliq va masʼuliyatli davlatchilik faoliyatida yangi muvaffaqiyatlar, doʻst Rossiya xalqiga esa farovonlik va ravnaq tiladi.
