Sudlarni moliyalashtirish faqat davlat byudjeti hisobidan amalga oshiriladi
Endilikda Byudjet kodeksida mamlakatda iqtisodiy vaziyat yoki byudjet taqchilligi ortishidan qatʼi nazar, sudlar faoliyati uchun ajratiladigan mablagʻlarni qisqartirish taqiqlanadi.

Oliy Majlis Senatining oʻn oltinchi yalpi majlisida “Sud hokimiyati organlari faoliyatini moliyalashtirish toʻgʻrisida”gi Qonun muhokama qilindi.
Taʼkidlanganidek, ushbu Qonunning asosiy maqsadi sud hokimiyati organlari faoliyatini moliyalashtirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish hamda sudlarning Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan toʻliq va mustaqil ravishda faoliyat yuritishini taʼminlashdan iborat.
Hujjat bilan sudlarni moliyalashtirish faqat Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshirilishi va byudjet loyihasini tayyorlashda sudlarning mustaqil ishtiroki qatʼiy belgilab qoʻyilmoqda.
Endilikda Byudjet kodeksida mamlakatda iqtisodiy vaziyat yoki byudjet taqchilligi ortishidan qatʼi nazar, sudlar faoliyati uchun ajratiladigan mablagʻlarni qisqartirish taqiqlanmoqda. Shuningdek, navbatdagi yil uchun ajratiladigan mablagʻlar hajmi oʻtgan yildagidan kam boʻlmasligi kafolatlanmoqda.
Yangi tartibga koʻra, Konstitutsiyaviy sud, Oliy sud va Sudyalar oliy kengashi ajratilgan mablagʻlarni oʻzlari mustaqil ravishda tasarruf etadi, quyi sudlar tizimi boʻyicha esa buni Sudlar faoliyatini taʼminlash departamenti amalga oshiradi.
Bundan tashqari, “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonunga kiritilgan oʻzgartirishga muvofiq endilikda har bir sud alohida bino, qoʻriqlash tizimi va avtotransport bilan taʼminlanadi.
Senatorlarning fikricha, mazkur Qonunning hayotga tatbiq etilishi sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini taʼminlashga, sudyalarning va sud apparati xodimlarining moddiy va ijtimoiy taʼminotini yaxshilashga hamda yurtimizda odil sudlov sifatini xalqaro standartlar darajasiga koʻtarishga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida senatorlar Qonunni maʼqulladi.
