Qurilish inspeksiyasi mansabdori va bank menejeri qoʻlga olindi
Menejer 3 mlrd 650 mln soʻm miqdorida kredit olishida yordam berish evaziga 8 ming AQSh dollari talab qilgan.

Zararni kamaytirish va kredit ajratish bilan bogʻliq noqonuniy holatlar aniqlandi.
Andijon viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasining shoʻba boshligʻi xizmat mavqeini suiisteʼmol qilgan holda oʻzganing pul mablagʻini oʻzlashtirmoqchi boʻldi.
Xususan, Andijon shahrida joylashgan savdo doʻkonida ichimlik suvidan noqonuniy foydalanilib, davlatga qariyb 680 mln soʻmlik zarar yetkazilganligi yuzasidan “Andijon suv taʼminoti” AJ tomonidan dalolatnoma rasmiylashtirilgan.
Shoʻba boshligʻi esa mansabdor tanishlari orqali zarar miqdorini qayta hisoblatib, kamaytirish va maʼmuriy chora koʻrilishida yordam berish evaziga 30 mln soʻm talab qilgan.
DXX, IJQKD va IIB xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda mansabdor shaxs doʻkon egasidan soʻralgan pul mablagʻini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Boshqa holatda esa aksiyadorlik tijorat banklaridan birining Asaka tuman filiali Mahallabay ishlash boʻlimi bosh menejeri tadbirkorlik bilan shugʻullanmoqchi boʻlgan fuqaroga 3 mlrd 650 mln soʻm miqdorida kredit olishida yordam berish evaziga 8 ming AQSh dollari talab qilgan. Shu tariqa u joriy yilning aprel-may oylarida fuqarodan jami 7800 AQSh dollari olgan.
Lekin, bosh menejer vaʼdasini bajara olmasdan, ushbu pul mablagʻi hisobidan 1000 AQSh dollarini qaytarib bergan vaqtida DXX va IIB xodimlari tomonidan qoʻlga olindi.
Hozirda har ikki holat boʻyicha qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
