50 ming dollar talab qilgan hokimlik mansabdori ushlandi
Guliston shahar hokimligining masʼul xodimi tadbirkordan yer ajratish evaziga pul soʻragan.

Sirdaryoda okimlikning masʼul xodimiga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Sirdaryo viloyati prokuraturasi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda korrupsion holatga chek qoʻyildi.
Jumladan, Guliston shahar hokimligining masʼul xodimi xizmat mavqeidan foydalanib, tadbirkorlik bilan shugʻullanmoqchi boʻlgan fuqaroning ishonchiga kirgan.
U shaharning Oʻzbekiston shoh koʻchasida joylashgan va davlat zaxirasida boʻlgan 2 sotix yer maydonini oziq-ovqat doʻkoni tashkil etish uchun mansabdor tanishlari orqali olib berish evaziga 50 ming AQSh dollari talab qilgan.
Dastlab masʼul xodim 50 ming dollar hisobidan fuqaroning “Lasetti” avtomashinasini 12 ming AQSh dollariga baholab, boshqarish huquqini beruvchi ishonchnoma rasmiylashtirgan holda olib qolgan.
Oʻtkazilgan tezkor tadbirda hokimiyat vakili talab qilingan pul mablagʻi hisobidan 8 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda unga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
