Shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirish asoslari belgilandi
Turar va noturar joylarning eskirganligi, yashash va foydalanish uchun yaroqsiz boʻlib, avariya holatiga kelib qolganligi renovatsiyaga sabab boʻla oladi.

Shaharsozlik renovatsiyasi sohasidagi munosabatlar tartibga solindi.
“Shaharsozlik renovatsiyasi toʻgʻrisida”gi Qonun (OʻRQ–1149-son, 10.06.2026 y.) qabul qilindi.
Qonunga koʻra, shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirish uchun quyidagilar asos boʻladi:
- shaharsozlik renovatsiyasi hududida joylashgan turar va noturar joylarning eskirganligi, yashash va foydalanish uchun yaroqsiz boʻlib, avariya holatiga kelib qolganligi;
- hudud aholisining ijtimoiy hayotiga jiddiy taʼsir qiladigan holatlarning mavjudligi.
Shaharsozlik renovatsiyasi quyidagi turlardan iborat:
- mavjud obʼektni asosiy konstruksiyasini oʻzgartirmasdan rekonstruksiya qilish;
- mavjud obʼektni buzish va boʻshagan yer uchastkasida buzilgan obʼekt toifasidagi yangi obʼektni qurish;
- yashil hududlarni va boshqa hududiy zonalarni tashkil etish.
Shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirish boʻyicha taklif quyidagi subʼektlar tashabbusiga koʻra kiritilishi mumkin:
- davlat tashabbusiga koʻra;
- huquq egalarining tashabbusiga koʻra;
- uchinchi shaxslarning tashabbusiga koʻra.
Vazirlar Mahkamasi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzurida shaharsozlik renovatsiyasini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmalari tashkil etiladi.
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran 6 oy oʻtgach kuchga kiradi. Renovatsiyani amalga oshirishda mulk egalarining roziligi olinishi lozim.
Qonunga koʻra, huquq egalari bilan ochiq muhokama renovatsiya loyihasining konsepsiyasi ishlab chiqilgan kundan eʼtiboran 2 oy ichida oʻtkaziladi.
Ochiq muhokamada obʼektlarni renovatsiya loyihasiga kiritish uchun har bir obʼekt egalarining kamida 4/5 qismining notarial tasdiqlangan yozma roziligini olish renovatsiyani amalga oshirishning majburiy shartlaridan biridir.
Huquq egasi renovatsiya loyihasini amalga oshirishda oʻz xohishiga koʻra kompensatsiya olishi yoki hissa qoʻshuvchi sifatida ishtirok etishi mumkin.
Kompensatsiya quyidagi shakllarga ega boʻlgan ketma-ketlikda boʻlishi mumkin:
- shaharsozlik renovatsiyasi amalga oshiriladigan hududda yangi quriladigan turar va noturar joy toifasidagi obʼektni mulk qilib berish;
- boshqa joydan turar va noturar joy toifasidagi obʼektni mulk qilib berish;
- pul mablagʻlari;
- kelishuv bitimida nazarda tutilgan boshqa shakllar.
Maʼlumot uchun: huquq egasi – shaharsozlik renovatsiyasi hududida joylashgan koʻchmas mulk obʼektlarining egalari boʻlgan jismoniy yoki yuridik shaxs.
