platina.uz
Jamiyat

Konstitutsiyaviy sud advokaturaga oid muhim masalani muhokama qildi

Mavjud normada advokatni tadbirkorlik subʼektlari va nodavlat notijorat tashkilotlari bilan shartnomaviy-huquqiy asosda ularning yuridik xizmati xodimi sifatidagi faoliyati nazarda tutilmagan.

Konstitutsiyaviy sud advokaturaga oid muhim masalani muhokama qildi

10 iyun kuni Oʻzbekiston Konstitutsiyaviy sudining majlisi boʻlib oʻtdi. Unda Inson huquqlari boʻyicha Milliy markazning “Advokatura toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 3-moddasi uchinchi qismi beshinchi xatboshisini Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 29, 65 va 141-moddalariga muvofiqligini aniqlash haqidagi masala muhokama qilindi.

Konstitutsiyaviy sud raisi Mirzo-Ulugʻbek Abdusalomov majlisda raislik qildi.

Majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, Prezident Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman), Bola huquqlari Ombudsmani, Biznes Ombudsman, Inson huquqlari boʻyicha Milliy markazi, Oliy sud, Bosh prokuratura, Adliya vazirligi, Odil sudlov Akademiyasi, Toshkent davlat yuridik universiteti vakillari, shuningdek Konstitutsiyaviy sud huzuridagi Ilmiy-maslahat kengashi aʼzolari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Konstitutsiyaviy sudning sudyasi A.Rahimov oʻz maʼruzasida Inson huquqlari boʻyicha Milliy markaz murojaatining mohiyati, ish koʻrilishiga sabab boʻlgan holatlar yuzasidan majlis ishtirokchilariga maʼlumot berdi.

Inson huquqlari boʻyicha Milliy markazning murojaatida bayon etilganidek, “Advokatura toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 3-moddasining uchinchi qismiga koʻra, advokat quyidagilardan tashqari haq toʻlanadigan boshqa turdagi faoliyat bilan shugʻullanishga haqli emas:

-ilmiy va pedagogik faoliyat; Oʻzbekiston Respublikasi Advokatlar palatasidagi (bundan buyon matnda Advokatlar palatasi deb yuritiladi) va uning hududiy boshqarmalaridagi faoliyat; patent vakili va mediator sifatidagi faoliyat;

-shartnomaviy-huquqiy asosda davlat organlarining, xoʻjalik boshqaruvi organlarining, davlat muassasalari va tashkilotlarining yuridik xizmati xodimi sifatidagi faoliyat;

-hakamlik sudlarida va xalqaro tijorat arbitrajlarida (sudlarida) sudya sifatidagi faoliyat;

-sud boshqaruvchisi sifatidagi faoliyat (fuqarolik va iqtisodiy sud ishlarini yuritishni amalga oshirish boʻyicha advokatlik faoliyati uchun litsenziya olgan advokatlar uchun).

Lekin, koʻrsatilgan normada advokatni tadbirkorlik subʼektlari va nodavlat notijorat tashkilotlari bilan shartnomaviy-huquqiy asosda ularning yuridik xizmati xodimi sifatidagi faoliyati nazarda tutilmagan.

Inson huquqlari boʻyicha Milliy markazning fikricha “Advokatura toʻgʻrisida”gi Qonun 3-moddasi uchinchi qismining beshinchi xatboshisini Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyada belgilangan har kimga malakali yuridik yordam olish huquqi kafolatlanadi (29-modda), Oʻzbekiston Respublikasida barcha mulk shakllarining teng huquqliligi va huquqiy jihatdan himoya qilinishi taʼminlanadi (65-modda), degan konstitutsiyaviy normalarga muvofiqligini aniqlash lozim.

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida har kimga malakali yuridik yordam olish huquqi kafolatlanadi (29-moddaning birinchi qismi), Oʻzbekiston Respublikasida barcha mulk shakllarining teng huquqliligi va huquqiy jihatdan himoya qilinishi taʼminlanadi (65-moddaning ikkinchi qismi), shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarga malakali yuridik yordam koʻrsatish uchun advokatura faoliyat koʻrsatadi (141-moddaning birinchi qismi).

Sud majlisida Inson huquqlari boʻyicha Milliy markazi direktorining birinchi oʻrinbosari M.Tillaboyev va boʻlim boshligʻi O.Norboyev Konstitutsiyaviy sudga mazkur masalani kiritishga asos boʻlgan holatlar, shuningdek boshqa vajlar, dalillar va maʼlumotlarni bayon qildi.

Koʻrib chiqilgan masala yuzasidan Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qoʻmitasi raisi J.Shirinov, Adliya vazirligi Notariat, advokatura va mediatsiya boshqarmasi boshligʻi M.Hatamov, Advokatlar palatasi raisi Sh.Sadikov, “FORSE OF JUSTICE” advokatlik byurosi direktori A.Vaxabov, “Yuristkadr” advokatlik firmasi rahbari S.Muxtaraliyev, Konstitutsiyaviy sud huzuridagi Ilmiy-maslahat kengashi aʼzosi F.Otaxonovlar oʻzlarining fikr va mulohazalarini bildirishdi.

Konstitutsiyaviy sud muhokama qilinayotgan masala yuzasidan tomonlar, mutaxassislar va ekspertlarning fikr-mulohazalarni eshitib, masalani chuqurroq oʻrganish va ishga oid materiallarni har tomonlama tahlil qilish va shundan keyingina bir toʻxtamga kelish mumkin degan xulosaga keldi.

Raislik qiluvchi tomonidan Konstitutsiyaviy sud majlisi 2026 yil 12 iyun kuni davom etishi maʼlum qilindi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid