Sherzod Asadov boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi Rossiya prezidenti administratsiyasi vakillari bilan uchrashdi
Boshqaruv kadrlarini tayyorlashga ixtisoslashgan zamonaviy markaz – “Senej” boshqaruv ustaxonasi faoliyati bilan tanishuv katta qiziqish uygʻotdi.

Moskva shahriga uch kunlik tashrif davomida Oʻzbekiston delegatsiyasi qator uchrashuvlar oʻtkazdi.
Jumladan, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining birinchi oʻrinbosari Sergey Kiriyenko, Administratsiya rahbarining oʻrinbosari – Prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov, Prezidentning strategik sheriklik va hamkorlik boshqarmasi boshligʻi Vadim Titov, Prezidentning jamoat loyihalari boshqarmasi boshligʻi Sergey Novikov hamda Prezidentning AKT va aloqa infratuzilmasini rivojlantirish boshqarmasi boshligʻi Tatyana Matveyeva bilan uchrashuvlar oʻtkazdi.

Shuningdek, Rossiyaning qator jamoat va yoshlar tuzilmalari, kreativ va media tashkilotlari vakillari bilan ham uchrashuvlar boʻlib oʻtdi.
Asosiy eʼtibor muntazam professional muloqotni rivojlantirish, matbuot xizmatlari, tahlil markazlari va jamoat tashkilotlari oʻrtasidagi hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, qoʻshma taʼlim tadbirlarini oʻtkazish masalalari muhokama qilindi.

Boshqaruv kadrlarini tayyorlashga ixtisoslashgan zamonaviy markaz – “Senej” boshqaruv ustaxonasi faoliyati bilan tanishuv katta qiziqish uygʻotdi.
Oʻtkazilgan uchrashuvlar tomonlarning media va kommunikatsiyalar sohasida ochiq muloqotga, tajriba almashishga hamda qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga tayyorligini tasdiqladi.
