OʻFA Jaloliddin Masharipov boʻyicha bayonot bilan chiqdi
Oʻtkazilgan MRT tekshiruvi natijalariga koʻra, futbolchida umurtqalararo disk churrasi qayta huruj qilgani maʼlum boʻldi.

Tarmoqda Oʻzbekiston terma jamoasi futbolchisi Jaloliddin Masharipov boʻyicha turli xabarlar tarqaldi. OʻFA Jaloliddin Masharipov boʻyicha bayonot berdi.
Aytilishicha, Oʻzbekiston milliy terma jamoasi futbolchisi Jaloliddin Masharipov AQShdagi yigʻin davomida bel qismidagi ogʻriqlar bilan bogʻliq muammo sabab soʻnggi mashgʻulotlarda, shuningdek, Kanada va Niderlandiyaga qarshi oʻrtoqlik uchrashuvlarida ishtirok etmadi.
Soʻnggi haftalarda futbolchining bel qismida ogʻriqlar kuzatilgan boʻlib, dori-darmon va fizioterapiya muolajalari orqali uning holati yaxshilangandi.
Biroq keyinchalik ogʻriqlar qayta bezovta qila boshladi. Oʻtkazilgan MRT tekshiruvi natijalariga koʻra, unda umurtqalararo disk churrasi qayta huruj qilgani maʼlum boʻldi.
Ayni paytda Jaloliddin Masharipovning sogʻligʻi boʻyicha Milliy jamoa tibbiy shtabi tomonidan ish olib borilmoqda. Holat yuzasidan yakuniy tibbiy xulosalar olingach, qoʻshimcha maʼlumot taqdim etiladi, deyiladi OʻFA bayonotida.
