platina.uz
Siyosat

Bosh reja va master-rejalar bilan ishlashning yangi tizimi taklif etildi

Tizimning birinchi bosqichida bosh rejalar boʻyicha maʼlumotlar toʻliq jamlanadi va aktuallashtiriladi, ikkinchi bosqichda raqamlashtirish ishlari amalga oshiriladi, uchinchi bosqichda monitoring tizimi yoʻlga qoʻyiladi, toʻrtinchi bosqichda esa kompleks axborot-tahlil tizimi shakllantiriladi.

Bosh reja va master-rejalar bilan ishlashning yangi tizimi taklif etildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev urbanizatsiya va shaharsozlik sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini oshirish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda shahar aholisi ulushi 50 foizdan oshdi va kelgusi yillarda mazkur koʻrsatkich yana oʻsishi kutilmoqda. Aholi soni va qurilish surʼatlari ortib borayotgani shaharsozlik rejalarini zamonaviy talablar asosida ishlab chiqish, yashil hududlarni saqlash, tarixiy-madaniy merosni muhofaza qilish, muhandislik va transport infratuzilmasini uygʻun rivojlantirishni tobora dolzarb qilib qoʻymoqda.

Bugungi kunda respublikadagi 8 ming 604 ta aholi punktidan 2 ming 506 tasi yoki 29 foizi bosh rejalar bilan qamrab olingan. 2026 yilda yana 154 ta, 2027 yilda esa 144 ta aholi punkti uchun bosh rejalar ishlab chiqilishi rejalashtirilgan. Mavjud bosh rejalarning 1 ming 44 tasi elektron shaklga oʻtkazilgan.

Shu bilan birga, alohida hududlarni rivojlantirish boʻyicha 2024-2025 yillarda 275 ta master-reja ishlab chiqilgan boʻlsa-da, ularning yagona hisobi yuritilmagan, bosh rejalar bilan oʻzaro bogʻlanmagan. Bu esa hududlarni kompleks rivojlantirish, infratuzilma, transport, muhandislik tarmoqlari va ijtimoiy obʼektlarni uygʻun rejalashtirishda qator muammolarni keltirib chiqarmoqda.

Shu munosabat bilan bosh reja va master-rejalar bilan ishlashning yangi tizimi taklif etildi. Unga koʻra, birinchi bosqichda bosh rejalar boʻyicha maʼlumotlar toʻliq jamlanadi va aktuallashtiriladi, ikkinchi bosqichda raqamlashtirish ishlari amalga oshiriladi, uchinchi bosqichda monitoring tizimi yoʻlga qoʻyiladi, toʻrtinchi bosqichda esa kompleks axborot-tahlil tizimi shakllantiriladi.

Bu jarayonda shaharsozlik hujjatlarining yagona elektron reyestri yuritiladi. Roʻyxatdan oʻtkazilmagan hujjatlar yuridik kuchga ega boʻlmasligi belgilanadi. Urbanizatsiya markaziga shaharsozlik geoaxborot tizimini yuritish, kompleks qurilish jarayonlarida topogeodeziya ishlarini muvofiqlashtirish va hududiy arxitektura-rejalashtirish kengashlarining faoliyatini uslubiy taʼminlash kabi qoʻshimcha vazifalar yuklanadi.

Urbanistika, geodeziya, kadastr, loyihalash, aglomeratsiyalarni boshqarish va geoaxborot tizimlari bilan ishlay oladigan oʻrta va oliy boʻgʻin mutaxassislariga ehtiyoj ortib bormoqda.

Shu maqsadda Toshkent geodeziya va kartografiya texnikumini Urbanistika, geodeziya va kadastr texnikumi sifatida qayta tashkil etish taklif qilindi. Unda oʻrta boʻgʻin uchun oʻlchovchi mutaxassislar, kadastr va geodeziya, kompyuter grafikasi dizayn operatorlari hamda kompyuter kadastr dasturlari yoʻnalishlarida kadrlar tayyorlanadi.

Oliy taʼlim tizimida Toshkent arxitektura-qurilish universitetida “Zamonaviy urbanistika va aglomeratsiyalarni boshqarish” fakultetini ochish rejalashtirilgan.

Barcha hududlarda urbanistika, loyihalashtirish va arxitektura yoʻnalishlarini bir joyda jamlaydigan kreativ parklar tashkil etish ham taklif qilindi. Ularda laboratoriyalar, konstruktorlik ustaxonalari, dasturiy taʼminot, loyihalash xizmatlari, onbording, netvorking va kovorking maydonlari tashkil etiladi. Kreativ park rezidentlariga jismoniy shaxslar daromad soligʻi va ijtimoiy soliq boʻyicha imtiyozlar berish koʻzda tutilmoqda.

Taqdimotda shaharsozlik sohasidagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni kuchaytirish masalasi ham koʻrib chiqildi. Noqonuniy va ruxsatsiz qurilishlar, qurilish muddatlarining sunʼiy ravishda uzaytirilishi, yer uchastkalaridan samarasiz foydalanish kabi muammolar saqlanib qolayotgani qayd etildi.

Amaldagi jarimalar taʼsirchan emasligi koʻrsatib oʻtildi. 2025 yilda 1 ming 952 ta noqonuniy qurilish aniqlangan. Shu munosabat bilan huquqbuzarliklar uchun moliyaviy sanksiyalarni kuchaytirish taklif qilindi.

Ulush kiritish asosida koʻp kvartirali uy-joy qurilishi sohasidagi holat ham tahlil qilindi. Soʻnggi yillarda bunday uylar qurilishi hajmi 2,5 barobar koʻpayib, oʻtgan yili 11 million kvadrat metrdan oshdi. Qolaversa, ulushli uy-joy qurilishi bilan bogʻliq huquqbuzarliklar ham koʻpaygan. Oʻtgan yilning oʻzida 3 mingga yaqin fuqaroga 668 milliard soʻmlik zarar yetkazilgan.

Shu bois, ulushli qurilishga oid qonun loyihasi ishlab chiqilgan. Unda ulushli qurilish loyihalarini yangicha yondashuvlar asosida tartibga solish, fuqarolar mablagʻlarini himoya qilish va qurilish jarayonlarida shaffoflikni taʼminlash nazarda tutilgan.

Ulushli qurilishni moliyalashtirishning yangi tizimi – eskrou hisobvaraqlari mexanizmi ham muhokama qilindi. Bunda xaridorlar mablagʻi vakolatli bankdagi maxsus hisobvaraqda saqlanadi, qurilish ishlari belgilangan shartlar asosida bajarilgandan keyingina quruvchiga oʻtkaziladi.

Eskrou tizimi toʻrt asosiy qoidaga asoslanadi. Birinchidan, eskrou hisobvaraqlariga tushgan mablagʻlar kreditorlarning undiruviga qaratilmaydi. Ikkinchidan, investorlar va quruvchilar faqat vakolatli banklar orqali ishlaydi. Uchinchidan, topshirish dalolatnomasi imzolangandan soʻng mablagʻlar quruvchiga oʻtkaziladi. Toʻrtinchidan, shartnoma bekor qilinganda ulushdor mablagʻi toʻliq qaytariladi.

Yangi tizimda “Uy-joy” yagona axborot platformasi muhim oʻrin tutadi. Ushbu platformada barcha qurilish jarayonlari ochiq elektron tarzda yuritiladi, developerlar reytingi, ruxsatnomalar, loyiha va qurilish jarayoni, eskrou hisobvaraqlari va shartnomalar boʻyicha maʼlumotlar birlashtiriladi.

Taqdimotda bitta qurilish obʼekti boʻyicha maʼlumotlar hozirda bir nechta axborot tizimlarida alohida yuritilayotgani ham koʻrsatib oʻtildi. “UzKad”, “E-auksion”, “E-qaror”, “Shaffof qurilish”, “Mening uyim” kabi tizimlardagi maʼlumotlar oʻzaro bogʻlanmagani sababli yer uchastkasi, loyiha hujjatlari, ekspertiza, qurilishga ruxsatnoma va obʼektni foydalanishga topshirishgacha boʻlgan jarayonlar tarqoq holda shakllanmoqda.

Shu munosabat bilan qurilish jarayonlariga yagona identifikator, hududning raqamli pasporti, loyihaning raqamli pasporti va obʼektning raqamli pasportini joriy etish taklif qilindi. Bu obʼektning butun hayot siklini yagona raqamli konturda qamrab olish imkonini beradi.

Shaharsozlik renovatsiyasi masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi. Respublikadagi 1991 yilgacha qurilgan 17 mingta uylar oʻrniga zamonaviy, energiya tejamkor, infratuzilma bilan taʼminlangan koʻp kvartirali uylar qurish mumkinligi koʻrsatildi.

Hozirgacha renovatsiya jarayonlarini tartibga soladigan yagona qonun mavjud emas edi. Shu bois, shaharsozlik renovatsiyasi toʻgʻrisidagi yangi qonun loyihasi ishlab chiqilgan. Unda renovatsiya hududlarini belgilash, aholi roziligini olish, kompensatsiya va koʻchirish tartiblari, investorlar majburiyatlari hamda davlat organlari vakolatlarini aniq belgilash nazarda tutilmoqda.

Renovatsiya loyihalari orqali eskirgan uy-joy fondini yangilash, aholi uchun xavfsiz va qulay yashash sharoitlarini yaratish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilish, yashil hududlar va ijtimoiy infratuzilmani kengaytirish maqsad qilingan.

Prezidentimiz shaharsozlik va urbanizatsiya sohasidagi islohotlar aholi uchun qulay muhit va barqaror rivojlanish tamoyillariga asoslanishi zarurligini taʼkidladi.

Mutasaddilarga bosh rejalar va master-rejalarni raqamlashtirish, “Uy-joy” yagona platformasini ishga tushirish, ulushli qurilishda fuqarolar huquqlarini kafolatlash, eskrou mexanizmlarini joriy etish hamda renovatsiya boʻyicha aniq va adolatli tartiblarni shakllantirish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid