Toshkentda ikki nafar soliq inspektori qoʻlga olindi
Ular tadbirkorga “Chilonzor buyum bozori kompleksi” AJdan 3 ta savdo doʻkonini ijaraga olishda yordam berishni vaʼda qilishgan.

Soliq inspektorlariga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Davlat xavfsizlik xizmati Koll-markaziga kelib tushgan murojaat asosida Xizmatning Toshkent shahar boʻyicha boshqarmasi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazildi.
Xususan, Yunusobod tumani Soliq inspeksiyasining 2 nafar inspektori oʻzaro til biriktirgan holda, xizmat mavqeidan foydalanib, tadbirkorga “Chilonzor buyum bozori kompleksi” AJdan 3 ta savdo doʻkonini ijaraga olishda yordam berishni vaʼda qilishgan.
Ular oʻzlarining tanishlari orqali tadbirkorga tegishli MChJni ochiq savdo tenderida gʻolib boʻlishini taʼminlash va doʻkonlarni ijaraga olish boʻyicha shartnomalarni rasmiylashtirib berish evaziga 5 ming AQSh dollari talab qilishgan.
Oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida soliqchilar soʻralgan pul mablagʻini olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda ularga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
