Raqobat qoʻmitasi bukmekerlik boʻyicha ogohlantirish bilan chiqdi
Jahon chempionati boshlanishi arafasida internet tarmogʻida bukmekerlik xizmatlari, qimor oʻyinlari va tavakkalchilikka asoslangan boshqa oʻyinlarni targʻib qiluvchi reklama materiallari tarqalishi koʻpaydi.

Raqobat qoʻmitasi bukmekerlik boʻyicha ogohlantirish bilan chiqdi.
2026 yil futbol boʻyicha jahon chempionati boshlanishi arafasida ijtimoiy tarmoqlar, internet saytlari hamda Telegram messenjeridagi guruh va kanallarda bukmekerlik xizmatlari, qimor oʻyinlari va tavakkalchilikka asoslangan boshqa oʻyinlarni targʻib qiluvchi reklama materiallari tarqalishi faollashishi kuzatilmoqda.
Yirik sport musobaqalariga boʻlgan qiziqishning ortishi ayrim shaxslar tomonidan fuqarolarni turli bukmekerlik platformalariga jalb etish vositasi sifatida qoʻllanilmoqda.
Bunda sport natijalari boʻyicha pul tikish, qisqa muddatda daromad topish yoki yirik yutuqlarga erishish haqidagi vaʼdalar orqali aholini tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlarda ishtirok etishga undovchi reklama va axborot materiallari keng tarqatilmoqda.
Alohida taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Respublikasi “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonunining 46-moddasiga muvofiq, qimor oʻyinlari va tavakkalchilikka asoslangan boshqa oʻyinlar, shu jumladan telekommunikatsiya tarmoqlari hamda Internet jahon axborot tarmogʻidan foydalangan holda tashkil etiladigan qimor oʻyinlari va tavakkalchilikka asoslangan boshqa oʻyinlarni reklama qilish taqiqlanadi.
Shuningdek, bukmekerlik xizmatlari va qimor oʻyinlarini targʻib qilish, ularning reklamasini tayyorlash, joylashtirish, tarqatish yoki ommalashtirish bilan bogʻliq harakatlar amaldagi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka sabab boʻlishi mumkin.
Oʻrganishlar shuni koʻrsatmoqdaki, bukmekerlik xizmatlarini targʻib qiluvchi ayrim shaxslar oʻz faoliyatini anonim tarzda yuritish, soxta akkauntlar va taxalluslardan foydalanish hamda xorijiy elektron platformalar orqali reklama tarqatishga urinmoqda. Biroq bu kabi holatlar qonunchilik talablaridan chetda qolmaydi va vakolatli organlar tomonidan oʻrganib boriladi.
Raqobat qoʻmitasi tomonidan oʻz vakolatlari doirasida internet tarmogʻi, ijtimoiy media platformalari va boshqa axborot resurslarida joylashtirilayotgan reklama materiallarining amaldagi qonunchilik talablariga muvofiqligi yuzasidan tizimli monitoring va tahlil ishlari olib borilmoqda.
Aniqlangan qonunbuzilish holatlari boʻyicha tegishli maʼlumotlar vakolatli davlat organlariga, jumladan Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Kiberxavfsizlik boʻlinmalariga qonunchilikda belgilangan choralarni koʻrish uchun taqdim etiladi.
"Hurmatli fuqarolar, sizlarni bukmekerlik xizmatlari va qimor oʻyinlarini targʻib qiluvchi shubhali reklama materiallariga ishonmaslikka, ularni tarqatmaslikka hamda bunday holatlarga duch kelgan taqdirda vakolatli organlarga maʼlum qilishga chaqiramiz", deyiladi xabarda.
