platina.uz
Jamiyat

Ohangarondan oʻtgan magistral yoʻlda harakat tezligi pasaytiriladi

Yengil avtomobillar, mikroavtobuslar hamda 3,5 tonnagacha yuk koʻtaradigan transport vositalari uchun maksimal tezlik 80 km/soat etib belgilanadi.

Ohangarondan oʻtgan magistral yoʻlda harakat tezligi pasaytiriladi

A-373 magistralining Ohangaron tumani hududidan oʻtgan qismida tezlik pasaytiriladi.

​Toshkent viloyatidan oʻtuvchi xalqaro ahamiyatga ega A-373 “Toshkent–Ohangaron–Angren–Qoʻqon–Shahrixon–Andijon” avtomobil yoʻlining Ohangaron tumani hududidagi ayrim uchastkalarida transport vositalari uchun ruxsat etilgan maksimal tezlik pasaytiriladi.

Bu haqdagi qaror Xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashining 8 iyun kungi yigʻilishida qabul qilindi.

​Qarorda qayd etilishicha, mazkur choralar yoʻl-transport hodisalarining oldini olish, harakat xavfsizligini taʼminlash hamda fuqarolar hayoti va sogʻligʻini muhofaza qilish maqsadida joriy etilmoqda. Gap Toshkentni Fargʻona vodiysi bilan bogʻlaydigan eng muhim transport yoʻlaklaridan biri hisoblangan A-373 avtomobil yoʻlining Ohangaron tumani hududidan oʻtuvchi 103–131-kilometrlari oraligʻi haqida bormoqda.

​Yangi tartibga koʻra, yengil avtomobillar, mikroavtobuslar hamda 3,5 tonnagacha yuk koʻtaradigan transport vositalari uchun maksimal tezlik 80 km/soat etib belgilanadi. Ogʻirligi 3,5 tonnadan ortiq boʻlgan yuk avtomobillari uchun esa ruxsat etilgan eng yuqori tezlik 50 km/soatni tashkil etadi. Hozirda ushbu yoʻl uchastkalarida maksimal tezlik 100 km/soat etib belgilangan. Shunday qilib, yengil transport vositalari uchun tezlik 20 km/soatga, ogʻir yuk mashinalari uchun esa 50 km/soatga kamaytirilmoqda.

​Cheklovlar yoʻlning bir nechta qismida joriy etiladi. Xususan, 103–104, 105–106, 108–109 hamda 109–131-kilometr oraligʻidagi uchastkalarda yangi tezlik rejimi amal qiladi. Qaror ilovasida ushbu hududlarning aniq geografik koordinatalari ham keltirilgan.

​Hujjatda taʼkidlanishicha, mazkur masala Ichki ishlar vazirligi Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati, Toshkent viloyati hokimligi hamda Yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash boʻyicha hududiy maxsus komissiya tomonidan oʻrganilgan. Shuningdek, qaror loyihasi regulation.gov.uz portalida jamoatchilik muhokamasiga qoʻyilgan va muhokama muddati yakunlangach xalq deputatlari tomonidan maʼqullangan.

​Qarorga asosan, “Qamchiqavtoyoʻl” ixtisoslashtirilgan yoʻllardan foydalanish korxonasi oʻn kun muddat ichida mazkur uchastkalarga 80 km/soat va 50 km/soat tezlik cheklovchi yoʻl belgilarini oʻrnatishi lozim. Shu bilan birga, viloyat hokimligi hamda ichki ishlar organlariga yangi cheklovlar haqida aholi va haydovchilarni ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali xabardor qilish tavsiya etilgan.

​ Endilikda hududlarda avariya xavfi yuqori boʻlgan yoʻl uchastkalarida tezlikni oshirish yoki kamaytirish boʻyicha takliflarga mahalliy kengashlar ham rozilik berishi mumkin.

​Qaror qabul qilingan kundan boshlab kuchga kirgan. Shu sababli yaqin kunlarda A-373 magistralining Ohangaron tumani hududidagi ayrim qismlarida yangi tezlik cheklovchi belgilar oʻrnatilishi va haydovchilar harakat rejimiga amal qilishi talab etiladi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid