Raqobat qoʻmitasi qurilish kompaniyalarini ogohlantirdi
Soʻnggi vaqtlarda qurilish sohasida shartnoma shartlarining bajarilmasligi, muddatlarning kechikishi va ruxsat olinmasdan uylar uchun oldindan toʻlov olish holatlari yuzasidan murojaatlar koʻpaygan.

Raqobat qoʻmitasi qurilish kompaniyalarini ogohlantirdi.
Soʻnggi vaqtlarda Raqobat qoʻmitasiga kelib tushayotgan murojaatlar soni ortib bormoqda. Jumladan, qurilish sohasidagi qonunbuzilishlar boʻyicha 2025 yilda 1 706 ta murojaat kelib tushgan boʻlsa, 2026 yilning birinchi choragidayoq ularning soni qariyb mingtaga yetgan.
Bu, bir tomondan, Qoʻmita faoliyatining ochiqligi va aholi hamda tadbirkorlar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot yoʻlga qoʻyilgani, tizimga ishonch ortib borayotganini koʻrsatsa, boshqa tomondan ayrim sohalarda qonunchilik talablariga toʻliq amal qilinmayotganini anglatadi.
Xususan, soʻnggi vaqtlarda qurilish sohasida shartnoma shartlarining bajarilmasligi, muddatlarning kechikishi va ruxsat olinmasdan uylar uchun oldindan toʻlov olish holatlari yuzasidan murojaatlar koʻpaymoqda.
Ushbu murojaatlarda asosan:
-qurilish ishlarining sifatsiz bajarilishi;
-koʻrsatilmagan xizmatlar uchun haq undirilishi;
-shartnoma shartlariga rioya qilinmasligi;
-uy-joylarni belgilangan muddatda topshirmaslik;
-texnik talablarga javob bermaydigan materiallardan foydalanish hamda reklamada vaʼda qilingan loyihalarning amalda bajarilmasligi kabi holatlar qayd etilmoqda.
Yuqoridagilarga asosan, Raqobat qoʻmitasi fuqarolarimizga xonadon sotib olish jarayonlarida quyidagilarga alohida eʼtibor qaratishni tavsiya etib, eslatadi:
Ulush kiritish asosida uy-joy sotib olishda (hali qurilmagan uy-joy uchun pul toʻlashda) yoki yangi qurilgan koʻp qavatli uy-joylardan xonadon sotib olishda:
-shartnoma shartlari bilan batafsil tanishib chiqish, shartnomaning asosiy jihatlariga eʼtibor qaratish, xususan:
-quruvchi va isteʼmolchining huquq va majburiyatlariga hamda ularning oʻzaro mutanosibligiga;
-qurilish va foydalanishga topshirish muddatlariga;
-muddatlar buzilganda javobgarlik nazarda tutilganligiga alohida eʼtibor qaratish lozim.
Maʼlumot uchun, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-4732 sonli Qaroriga muvofiq, koʻp kvartirali uylarni ulush asosida qurish uchun aholi yoki tashkilotlarning pul mablagʻlarini jalb qilish huquqi faqat yuridik shaxs sifatida roʻyxatdan oʻtgan, maxsus elektron roʻyxatga kiritilgan quruvchi kompaniyalarga beriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining PF-246-sonli Farmoniga muvofiq, xaridor va sotuvchi oʻrtasida hisob-kitoblarning shaffofligi va ishonchliligini taʼminlash, shuningdek, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida toʻlovlar eskrou hisobvaragʻi orqali, shu jumladan bank kassalari yoki naqdsiz hisob-kitob shaklida amalga oshirilishi belgilangan.
Quruvchi korxonalarni esa ogohlantirildi:
“Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq, isteʼmolchilar tovar va xizmatlarni erkin tanlash, ularning sifatli boʻlishini talab qilish, shuningdek, yetkazilgan moddiy va maʼnaviy zararning toʻliq qoplanishini talab qilish huquqiga ega. Shuningdek, isteʼmolchi huquqlarini cheklaydigan yoki qonunchilikka zid shartlar haqiqiy emas deb hisoblanadi va bunday hollarda yetkazilgan zarar ishlab chiqaruvchi yoki xizmat koʻrsatuvchi tomonidan qoplanishi lozim.
Konstitutsiyaning 65-moddasiga koʻra, davlat isteʼmolchilarning huquqlari ustuvorligini hisobga olgan holda tadbirkorlik erkinligini kafolatlashi belgilangan.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining "Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida"gi Qonunining 9-moddasiga koʻra tadbirkorlik subʼektlari raqobat va isteʼmolchilar huquqlari toʻgʻrisidagi qonunchilikka amal qilishi shartligi qayd etilgan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, barcha quruvchi korxonalardan qonunchilik normalariga qatʼiy amal qilgan holda, fuqarolar bilan shartnoma tuzishlari, qurilishni bitkazish imkoniyatlaridan kelib chiqib, oqilona va aniq muddatlarni belgilashlari hamda fuqarolarning qonunchilikda belgilangan imtiyoz va huquqlarini cheklamaslik choralarini koʻrishlari shartligini eslatib oʻtildi.
Belgilangan qonunchilik talabalarining buzilishi, tegishli taʼsir choralari qoʻllanilishiga sabab boʻladi.
