Qashqadaryodagi gaz shoxobchasi portlashida 6 kishi halok boʻldi
5 nafar fuqaro turli darajadagi tan jarohatlari bilan shifoxonaga yuborilgan. Hodisa sabab Hukumat komissiyasini tashkil etish boʻyicha Vazirlar Mahkamasining farmoyishi qabul qilindi.

Qashqadaryoda gaz shoxobchasi portlashida 6 kishi halok boʻldi.
8 iyun kuni soat 13:50 da Qashqadaryo viloyati FVBga, Qarshi tumani, “Chaman” MFYda joylashgan masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi maishiy gaz ballonlariga suyultirilgan gaz quyish shoxobchasida portlash boʻlganligi toʻgʻrisida xabar kelib tushgan.
Dastlabki maʼlumotga koʻra, 4 ta avtomobil (2 ta Kobalt, 2 ta gaz tashishga moʻljallangan avtomobil) hamda 2 ta yer ostidagi yoqilgʻi saqlash rezervuari yonib zararlangan.
Oqibatda 6 nafar fuqaro halok boʻlgan, 5 nafar fuqaro turli darajadagi tan jarohatlari bilan shifoxonaga yuborilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning topshiriqlariga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari O.Ramatov boshchiligida masʼul vazirlik va idoralar vakillaridan iborat Hukumat komissiyasini tashkil etish boʻyicha Vazirlar Mahkamasining farmoyishi qabul qilindi.
Hukumat komissiyasiga jabrlanganlarga zarur yordam koʻrsatish, portlash oqibatlarini bartaraf qilish, ushbu baxtsiz hodisaning kelib chiqish sabablarini aniqlash hamda kelgusida bu kabi noxush holatlarning oldini olish choralarini koʻrish vazifasi yuklatildi.
Hozirda yongʻin sodir boʻlgan hudud toʻliq nazoratga olinib, uning oqibatlarini bartaraf etish ishlari amalga oshirilmoqda.
