platina.uz
Jamiyat

Oliy sud tarkibida Komplayens nazorati xizmati tashkil etiladi

Mazkur xizmat toʻgʻridan-toʻgʻri Oliy sud raisiga boʻysunib, hududiy sudlarda ham faoliyat olib boruvchi komplayens inspektorlaridan iborat boʻladi.

Oliy sud tarkibida Komplayens nazorati xizmati tashkil etiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev sudlarda komplayens nazorat tizimi samaradorligini oshirishga oid taqdimot bilan tanishdi.

Mamlakatimizda sud-huquq tizimini isloh qilish, odil sudlovga boʻlgan ishonchni mustahkamlash, sudlar faoliyatida ochiqlik va qonuniylikni taʼminlash boʻyicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, sud tizimida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni barvaqt aniqlash, manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish va xodimlarning kasbiy masʼuliyatini yuksaltirish muhim vazifa boʻlib qolmoqda.

Bu borada nafaqat sudyalarning, balki qariyb 4,8 ming nafarga yaqin sud apparati xodimlarining halol va pok faoliyat yuritishi ham doimiy eʼtiborda boʻlishi lozim.

Shu munosabat bilan taqdimotda sudlarda komplayens nazoratini kuchaytirishga qaratilgan takliflar muhokama qilindi.

Sud apparati xodimlari orasida korrupsiyaning oldini olish maqsadida Oliy sud tarkibida Komplayens nazorati xizmatini tashkil etish taklif etildi.

Mazkur xizmat toʻgʻridan-toʻgʻri Oliy sud raisiga boʻysunib, hududiy sudlarda ham faoliyat olib boruvchi komplayens inspektorlaridan iborat boʻladi.

Komplayens xizmati korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash, baholash va oldini olish, ularning sabablarini bartaraf etish, xodimlar tomonidan qonunchilik va kasb etikasi talablariga rioya etilishini monitoring qilish bilan shugʻullanadi.

Taqdimot davomida sud tizimida korrupsiyaning oldini olish boʻyicha qator boshqa choralar ham muhokama qilindi. Xususan, sudlar apparatida xavfi yuqori boʻlgan lavozimlar roʻyxati tasdiqlanadi, xavf darajasi yuqori jarayonlarni raqamlashtirish va inson omilini kamaytirish choralari koʻriladi.

Sudyalar uchun manfaatlar toʻqnashuvi, daromad va mol-mulk deklaratsiyalarini taqdim etish hamda tahlil qilishning avtomatlashtirilgan elektron tizimi ishga tushiriladi. Xuddi shunday tizim sud apparati xodimlari uchun ham joriy etiladi.

Shuningdek, korrupsiya, shubhali sxemalar va intizom buzilishlariga olib keluvchi xavflarni aniqlashga qaratilgan elektron axborot tizimlari ishga tushiriladi. Bu borada korrupsiya haqida xabar bergan xodimlarni himoya qilish, fuqarolar uchun xavfsiz aloqa kanallarini yaratish muhimligi taʼkidlandi.

2026 yil yakuniga qadar sud tizimida korrupsiyaga qarshi barqarorlik boʻyicha diagnostika oʻtkaziladi. Sudyalikka nomzodlarni tayyorlash jarayonida ularning shaxsiy-professional va korrupsiyaga qarshi barqarorligini baholash amaliyoti ham joriy etiladi.

Sud ishlarini avtomatik taqsimlash dasturi takomillashtirilib, ishlarni taqsimlash va qayta taqsimlash mezonlari aniq belgilanadi, jarayon shaffofligi taʼminlanadi.

Sud apparatiga ishga qabul qilish tizimi ham tubdan yangilanadi. U ochiq tanlov, shaffof tartib-taomillar va meritokratiya tamoyillari asosida tashkil etiladi. Nomzodlarning kasbiy, maʼnaviy-axloqiy va halollik sifatlarini baholashning zamonaviy tizimi joriy qilinadi.

Xodimlar uchun manfaatlar toʻqnashuviga olib keluvchi faoliyat va tadbirkorlik bilan shugʻullanish, chet elda hisobvaraq ochish kabi cheklovlar nazarda tutiladi.

Taqdimotda sud apparati xodimlari uchun ixtisoslashgan xizmat kiyimini joriy etish taklifi ham koʻrib chiqildi. Bu xodimlar masʼuliyati, xizmat intizomi va etika madaniyatini mustahkamlashga xizmat qilishi qayd etildi.

Davlatimiz rahbari sud tizimida shaffoflik, halollik va adolat muhitini mustahkamlash aholining sud himoyasiga boʻlgan ishonchini oshirishning muhim omili ekanini, takliflarni puxta ishlab chiqish, komplayens xizmatiga malakali kadrlarni jalb etish zarurligini taʼkidladi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid