Barhayot Meliyev Olmaliq shahri hokimi etib tayinlandi
Avvalgi hokim Qobil Hamdamov Nurafshon shahriga rahbar boʻldi.

Meliyev Barhayot Baxtiyorjonovich Olmaliq shahri hokimi etib tasdiqlandi.
Olmaliq shahrida Xalq deputatlari shahar Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi boʻlib oʻtdi.
Sessiya ishida Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev shaharni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha navbatdagi muhim vazifalar yuzasidan maʼruza qildi.
Sessiyada tashkiliy masala koʻrib chiqildi.
Shahar hokimi lavozimida ishlab kelgan Hamdamov Qobil Murodqulovich boshqa ishga oʻtishi munosabati bilan egallab turgan lavozimidan ozod etildi.
Zoyir Mirzayev Olmaliq shahar hokimi lavozimiga shu vaqtga qadar Toshkent viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasi boshligʻi lavozimida ishlab kelgan Meliyev Barhayot Baxtiyorjonovich nomzodini tavsiya qildi.
Xalq deputatlari Olmaliq shahar Kengashi deputatlari tomonidan Meliyev Barhayot Baxtiyorjonovich Olmaliq shahri hokimi etib tasdiqlandi.
