platina.uz
Tahlil

Armanistonda parlament saylovlari boʻlib oʻtdi

Armaniston faqatgina yangi parlament uchun ovoz bergani yoʻq. Bu saylovlar mamlakat kelajagi, uning dunyodagi oʻrni va oʻz taqdirini mustaqil belgilash huquqi haqidagi oʻziga xos referendumga aylandi.

Armanistonda parlament saylovlari boʻlib oʻtdi

Armanistonda parlament saylovlari yakunlandi. Parlament oʻrinlari uchun 19 ta partiya kurashgan boʻlsada, asosiy raqobat amalda uch siyosiy kuch - amaldagi bosh vazir Nikol Pashinyanning «Fuqarolik shartnomasi» partiyasi, tadbirkor Samvel Karapetyanning «Kuchli Armaniston» harakati hamda sobiq prezident Robert Kocharyan boshchiligidagi «Armaniston» («Ayastan») bloki oʻrtasida kechdi.

Muddatidan ilgari gʻalaba

Garchi bayonot paytida byulletenlarning atigi 10 foizi qayta ishlangan boʻlsada. Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan oʻzining «Fuqarolik shartnomasi» partiyasi gʻalaba qozonganini maʼlum qildi, Fuqarolarning 49 foizdan ortigʻi amaldagi hukumat rahbari partiyasiga ovoz bergan. «7 iyun kuni Milliy majlis saylovlari boʻlib oʻtdi va ushbu saylovlar yakunlariga koʻra, “Fuqarolik shartnomasi” partiyasi gʻolib chiqdi hamda hukumatni yakka oʻzi shakllantiradi», — dedi siyosatchi jurnalistlarga.

Pashinyan bu haqda nima uchun Markaziy saylov komissiyasi emas, aynan oʻzi gapirayotganini izohladi. Uning soʻzlariga koʻra, barcha uchastka saylov komissiyalarida ovozlarni sanaydigan ishonchli vakillar faoliyat yuritmoqda.

«Biz (Gʻarb bilan. — muallif izohi) yaqinlashuvni davom ettiramiz, biroq Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqidagi ishtirokimiz va aʼzoligimizni ham saqlab qolamiz. Shuningdek, Rossiya Federatsiyasi va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining boshqa davlatlari bilan munosabatlarimizni rivojlantiramiz. Albatta, YeOII doirasidagi aloqalarni mustahkamlashga koʻmaklashamiz», — deya qoʻshimcha qildi u. Siyosatchi, shuningdek, respublika hozircha Yevropa Ittifoqiga aʼzo boʻlishga tayyor emasligini tan oldi. Shu bilan birga, Pashinyanning aytishicha, u mamlakatni Yevropa Ittifoqi darajasiga yetkazish uchun isloh qilish niyatida.

Hozirgi vaqtga kelib byulletenlarning 100 foizi qayta ishlangan boʻlib, Markaziy saylov komissiyasi maʼlumotlariga koʻra, Nikol Pashinyan partiyasi 49 foiz ovoz toʻplamoqda. Shu tariqa, amaldagi bosh vazirning ustunligi pasaydi.

Ikkinchi oʻrinni 23,29 foiz natija bilan tadbirkor Samvel Karapetyanning «Kuchli Armaniston» blogi egallab turibdi. Uchinchi oʻrin esa sobiq prezident Robert Kocharyanning «Armaniston» blogiga tegishli boʻlib, u 9,9 foiz (ayrim maʼlumotlarga koʻra, 17 foiz) ovoz olmoqda.

Bu toʻliq gʻalaba emasmi?

Armanistonda saylovlar yakunlandi, ammo asosiy voqealar endi boshlanmoqda. Bu haqda arman fuqarolik faoli Mikael Badalyan maʼlum qildi. Uning bildirishicha, saylovchilar faolligi taxminan 60 foizni tashkil etgan boʻlib, bu, uning taʼbiri bilan aytganda, «hokimiyat uchun halokat»dir. «Endi bizni “moldovacha” yoki “rumincha” ssenariy kutmoqda. Joylardagi barcha faollar tayyor tursin. Hammasi endi boshlanmoqda», — deb yozdi Badalyan oʻzining Telegram kanalida.

Faolning gapida jon bor. Agar Parlamentga rossiyaparast nomzodlar 10 foiz boʻlsa ham oʻtib qolsa, ular kelasi 5 yil davomida Moskva buyruqlari asosida “suvni loyqalatish”da faol boʻlishadi. Keyingi saylovlarda esa “mana, oʻtgan safar siz Pashinyanni tanlab xato qilibsiz, uddalay olmadi, endi Rossiya bilan hamkorlik tarafdorlarini tanlang” deyishlari uchun asos boʻladi. Gruziyadagi oxirgi saylovlarda xuddi shunday yoʻl tutilgan va bosh vazir lavozimga Moskva tanlagan nomzod chiqib qolgan edi. Natijada garchi gruzin xalqi va prezidenti qarshi boʻlsada, Gruziya Moskva chizib bergan yoʻldan yurmoqda.

Izchil transformatsiya

Taʼkidlash kerak, Armaniston faqatgina yangi parlament uchun ovoz bergani yoʻq. Bu saylovlar mamlakat kelajagi, uning dunyodagi oʻrni va oʻz taqdirini mustaqil belgilash huquqi haqidagi oʻziga xos referendumga aylandi.

Zero, SSSR parchalanganidan keyingi oʻttiz yildan ortiq vaqt davomida Armaniston xavfsizlik, energetika va iqtisodiyot sohalarida Rossiya bilan yaqin bogʻliq boʻlib qoldi. Koʻpchilik bu aloqalarni barqarorlik kafolati deb hisobladi. Biroq soʻnggi yillardagi voqealar arman jamiyati bu qaramlik mamlakat xavfsizligini taʼminlashdan koʻra, uning mustaqil rivojlanish imkoniyatlarini cheklaganiga amin boʻlmoqda.

Maʼlumki, Armaniston parlament respublikasi hisoblanadi. Asosiy hokimiyat bosh vazir va parlamentdagi koʻpchilik qoʻlida jamlangan. Shuning uchun parlament saylovlari amalda davlatning kelgusi bir necha yillik yoʻnalishini belgilab beradi.

2018 yilda tarixga Baxmal inqilobi sifatida kirgan voqealardan keyin Armaniston siyosiy tizimi anchagina raqobatbardosh tus oldi. Eski elitalar monopoliyasi barham topdi va jamiyat hokimiyatga saylovlar orqali taʼsir koʻrsatish imkoniyatiga ega boʻldi.

Bu oʻzgarishlarning asosiy siyosiy benefitsiari «Fuqarolik shartnomasi» partiyasi va uning yetakchisi Nikol Pashinyan boʻldi.

“Kimsiz, janob Pashinyan?”

Nikol Vovayevich Pashinyan 1975 yil 1 iyunda Armaniston SSRning Ijevan shahrida tugʻilgan. Nikol Pashinyan jurnalist va muxolifat faolidan hukumat rahbarigacha boʻlgan yoʻlni bosib oʻtdi. 2018 yilda aynan u korrupsiyalashgan hokimiyat tizimiga qarshi ommaviy norozilik harakatiga boshchilik qildi.

U Armanistondagi «baxmal inqilob» yetakchisi hisoblanadi. 2012–2018 yillarda Armaniston Milliy majlisi deputati, 2017–2018 yillarda esa «Yelk» fraksiyasi rahbari boʻlgan.

1991 yilda maktabni tamomlagach, Nikol Yerevan davlat universiteti filologiya fakultetining jurnalistika boʻlimiga oʻqishga kirgan. 1993–1994 yillarda Armaniston gazetalarida muxbir boʻlib ishlagan.

Pashinyan siyosiy faoliyatini 2007 yilda boshlagan. 2012 yilda deputat etib saylangan. 2015 yilda u «Fuqarolik shartnomasi» partiyasi asoschilaridan biri boʻlgan. 2018 yil 13 aprel kuni Serj Sargsyanning bosh vazir etib saylanishiga qarshi norozilik aksiyalarini tashkil etgan.

Pashinyan 2018 yil 8 maydan buyon Armaniston Bosh vaziri lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda. Shuningdek, u 2021 yil 25 apreldan 2 avgustga qadar bosh vazir vazifasini bajaruvchi sifatida ishlagan va iyun oyida boʻlib oʻtgan parlament saylovlarida gʻalaba qozongan.

2026 yil 30 mart kuni «Fuqarolik shartnomasi» partiyasida oʻtkazilgan ichki ovoz berish natijalariga koʻra, Nikol Pashinyan boʻlajak saylovlarda bosh vazirlik lavozimiga partiya nomzodi sifatida koʻrsatilgan.

Pashinyan oʻz tarafdorlari uchun demokratik oʻzgarishlar, korrupsiyaga qarshi kurash va zamonaviy davlat qurishga intilish ramziga aylandi.

Muxoliflari uchun esa u 2020 yilgi urushning ogʻir oqibatlari va Qorabogʻ ustidan nazoratning yoʻqotilishi uchun masʼul siyosatchi boʻlib qolmoqda.

Biroq hatto koʻplab tanqidchilar ham shuni tan oladiki, aynan Pashinyan davrida Armaniston butun postsovet davridagi eng raqobatbardosh siyosiy tizimga ega boʻldi.

“Qon oqayotgan jarohat”

Qayd etish joiz, Togʻli Qorabogʻ mavzusi arman jamiyati uchun hamon ogʻriqli masala boʻlib qolmoqda. Pashinyanning raqiblari uning siyosati magʻlubiyatga va keyinchalik arman aholisining mintaqadan chiqib ketishiga olib kelganini taʼkidlaydilar.

Amaldagi Bosh vazir tarafdorlari esa bu inqiroz avvalgi hokimiyatlarning oʻnlab yillar davomidagi xatolari hamda Rossiyaning xavfsizlik boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajara olmagani natijasi ekanini aytishadi.

Pashinyanning oʻzi esa Armanistonni ushbu muammodan xalos etganidan faxrlanishini bildirgan. Uning soʻzlariga koʻra: «Bu — Armaniston oldidagi eng katta xizmatimdir. Biz kelajak avlodga qon oqib turadigan jarohatni emas, tinchlikni meros qilib qoldirishimiz kerak».

«Biz bu falokatga chek qoʻydik. Mana ikki yildirki, Armaniston chegaralarida oʻq ovozi eshitilmayapti, askarlarimiz halok boʻlmayapti», — degan Pashinyan.

Qorabogʻ inqirozidan keyin Yerevan va Moskva oʻrtasidagi ishonch keskin pasaydi. Shu fonda Pashinyan hukumati Yevropa, AQSh va boshqa xalqaro hamkorlar bilan munosabatlarni faolroq rivojlantira boshladi. Aynan shu siyosat Yerevan va Moskva munosabatlaridagi taranglikning asosiy manbalaridan biriga aylandi.

Parlament saylovlari arafasida Putin Pashinyan emas, rossiyaparast va Rossiya pasportiga ega oligarxlar Armaniston hukumati tepasiga kelishini istashini bildirdi. Armanistonning Yevropa Ittifoqi sari intilayotgani unga yoqmasligini ochiq bildirdi.

Amaliy chora sifatida Armanistondan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini Rossiya bozoriga yetkazishni taqiqladi. Armanistonga esa gaz va olmoslar sotilishini taqiqladi. Shuningdek, 100 ming nafar Rossiya va Armaniston pasportiga ega fuqarolarni pul evaziga Armanistonga yuborish rejasi ishlab chiqilgani aytiladi.

Bu amalga oshirildi ham. Masalan Rossiyaning Irkutsk viloyatidagi arman diasporlari rahbarlariga shunday loyal armanlarni Armanistonga joʻnatish topshirigʻi berligani aytildi. Ular uchun Rossiya hukumati yoʻl kira ham bergan.

Armaniston hukumati esa saylovga Rossiyadan kelgan fuqarolarni 1 oylik harbiy yigʻinga joʻnatishini maʼlum qildi. Keyinchalik ularga Armanistonga chiqib ketishga taqiq qoʻyilishi ham mumkin.

Bu yerda absurd jihat shundaki, Armanstonda yashamaydigan armanlar goʻyoki bir zumda bu yerga kelib rossiyaparast nomzodni saylab berishadi va oʻzlari yana gʻoyib boʻlisharmish. Ammo Armanistondagi armanlar ular uchun boshqalar saylab ketgan rahbar qoʻli ostida yashashga mahkum emish!

Saylovga qoʻpol aralashuvlar

Shu mojaro fonida Armaniston Tergov qoʻmitasi "Kuchli Armaniston" alyansidan deputatlikka nomzod boʻlgan olti kishi hibsga olinganini maʼlum qildi. Ular fuqarolarning erkin iroda bildirishiga toʻsqinlik qilish va oʻta katta miqdorda pul yuvish bilan bogʻliq jinoyatlarda sheriklikda ayblanmoqda. Surishtiruv saylovchilarga moddiy manfaatlar berish va pul mablagʻlarini legallashtirish ishi doirasida olib borilmoqda. Nomzodlar Artur Abramyan, Ashot Saakyan, Syuzan Badoyan, Vage Yegiazaryan, Ayk Avagyan va Vage Tavakalyan qamoqqa olingan.

Shuningdek, Putinning, Armaniston Rossiya bilan aloqalarni uzsa, YaIMning 14 foizini yoʻqotishi mumkinligini aytib tahdid qildi.

Biroq ekseprtlarning aytishicha, Armaniston va Rossiya oʻrtasidagi savdo aylanmasi hajmiaynan Moskva Ukrainaga bostirib kirgach tez surʼatda osha boshlagan. Chunki Armaniston Rossiyaga sanksiyalarni aylanib oʻtishda yordam bergan. Rossiya gazai va olmoslari Armaniston orqali xorijga sotilgan. Gʻarb texnikalari esa goʻyoki Armaniston mahsuloti sifatida rasmiylashtirilib Rossiyaga oʻtkazilgan. Shu bois Rossiya bilan aloqalar toʻliq uzilsa ham, bu Putin aytganidek dahshatli salbiy oqibatlarga olib kelmaydi.

Urush xavfi

Shuningdek, Xroniki Kavkaza" nashrining yozishicha, Rossiya nafaqat demokratik saylovlarga aralashish, balki, Pashiyanni kuch bn agʻdarish rejasini ham tuzib chiqqan.

Rossiya maxsus xizmatlari xodimlaridan birining telefoni xakerlar tomonidan buzib kirilgach, bu rejaga oid materiallar borligi aniqlangan.

AQSh esa tabiiyki, Pashinyanning tinchlik va demokratini barqaror qilish yӯlidagi qarorlarini olqishladi va uni qӯllab quvvatlashini maʼlum qildi.

“Ayiq xizmati”

Ruslarda “Ayiq xizmat” degan naql bor. Yaʼni bir ertakda ayiq uxlab yotgan doʻsti yuziga qoʻngan pashshani oʻldiraman deb, doʻstini boshiga kaltak bilan urib oʻldirib qoʻdi.

Moskvaning saylovlarga aralashishgai urinishlari ham shunday aks-taʼsir koʻrsatdi. Armaniston xalqining Rossiyaga nafrati oshib, Pashinyan atrofida uyusha olishiga xizmat qildi. Moskva oʻzi xohlamagan holda Pashinyanning reytingini yana koʻtarib berdi.

Saylovlar oldidan Rossiya propagandasi zoʻr berib Pashinyannni yomonlash va Ukraina ahvoliga tushirib qoʻyishi mumkinligi bilan tahdid qila boshladi.

Hali saylov boshlanmasidan Rossiya Xavfsizlik kengashi raisining oʻrinbosari Vladimir Medvedev saylov natijalarini tan olmasligini, rossiyaparast nomzodlarning huquqlari cheklanayotgani haqida bayonot berdi.

Putin esa jurnalistlar bilan uchrashuv ӯtkazgan Yerevan YeOIHTdagi faoliyati YeIga intergratsiyalashuvga urinish qadamlariga mos kelmasligini taʼkidladi. Keyinchalik rossiyalik siyosatchilar kelasi 1 oy ichida Armanistonni YeOIHT aʼzoligidan mahrum qilishi mumkinligini aytishdi. Bu esa avvalgi bojxona, import-eksport boʻyicha imtiyozlarning bekor qilinishini anglatadi.

Biroq Pashinyan bunday qilish huquqiy jihatdan mumkin emasligini, bu tashkilot ichidagi qarorlar yagona konsensuns asosida qabul qilinishini eslatdi.

YeOIHTdagi norozilik

Nikol Pashinyan saylovda ovoz bergach, Rossiya bilan munosabatlardagi taranglik sunʼiy ravishda yaratilayotganini taʼkidladi.

"Rossiya bilan munosabatlar institutsional asosga ega va oʻzaro hurmatga tayanadi. Armanistonda faoliyat yuritayotgan ayrim kuchlar arman-rus munosabatlarida taranglik yaratishga urinmoqda", — dedi Pashinyan va Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan "juda yaqin munosabatda" ekanini ham qoʻshimcha qildi.

Bosh vazirning soʻzlariga koʻra, Armaniston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga aʼzolik maqomidan mahrum qilinishi mumkin emas, chunki u yerda barcha qarorlar kelishuv asosida qabul qilinadi, Armaniston esa boshqa barcha davlatlar kabi veto qoʻyish huquqiga ega.

Shuningdek, Qozogʻistonda oʻtgan YeOIHT sammitida aʼzo davlatlar Armanistondan tashkilot bilan aloqalarini aniqlashtirib olishini talab qilishdi. Rossiya esa YeIga kirish boʻyicha Armaniston xalqidan ruxsat soʻrash, yaʼni referuyendum oʻtkazish kerakligini maʼlum qildi.

Biroq Pashinyan bunga hojat yoʻqligini, chunki hali Yerevan YeIga aʼzolik uchun ariza topshirmaganini bildirdi.

Qisqa qilib aytganda, Pashinyan juda nozik va puxta siyosat yuritmoqda. Yangi uyni qurmay turib, eskisini buzgisi kelmayapti. YeIga kirish jarayoni yakunlanguniga qadar YeOII imtiyozlaridan voz kechmaslikka urinyapti. Bu siyosatni ayrim ekspertlar Yerevan Rossiyaning “gʻazabi”ni kuchaytirmaslik maqsadi bilan izohlashadi.

“Botqoq emas, gulzor tanlandi”

Bir soʻz bilan aytganda ushbu parlament saylovlarda Armaniston aholisi nafaqat parlament aʼzolari va bosh vazirni, balki Armaniston kelajagini ham tanladi. Agar Pashinyan yana qayta saylansa, Rossiya yana bir ittifoqchisidan ayriladi. Mashhur jurnalist Aleksandr Gordon aytganidek, Rossiya oʻzining oxirgi forposti, ittifoqchisidan ayrilmoqda.

Bunga esa faqat Moskvaning oʻzi aybdor. Oʻz ittifoqchilari va qoʻshnilari bilan kibrlik va xudbinlik asosida yuritilayotgan tashqi siyosat Rossiyaga shunday oqibatlarni hadya qildi...

Armaniston tarixidagi burilish pallasi

Tarixdan maʼlum, xalqlar hayotida shunday pallalar boʻladiki, ularda gap alohida siyosatchilar yoki partiyalar haqida emas, balki butun millatning kelajak yoʻli haqida ketadi. Armaniston uchun bu saylovlar aynan shunday sinov boʻldi. Ovoz berish qutisi oldida turgan har bir fuqaro amalda ikki nomzoddan birini emas, ikki xil kelajakdan birini tanladi.

Albatta, hech qaysi yoʻl mukammal emas. Mustaqil qaror qabul qilish huquqi hamisha xavf-xatarlar, xatolar va ogʻir masʼuliyat bilan birga keladi. Biroq boshqalar belgilab bergan taqdir boʻyicha yashashning bahosi koʻpincha bundan ham ogʻirroq boʻladi.

Shu maʼnoda Armanistondagi bu saylovlar faqat hokimiyat almashinuvi yoki parlament tarkibini shakllantirish jarayoni emas, balki millatning oʻz taqdirini oʻzi belgilashga boʻlgan intilishining navbatdagi namoyoni boʻldi. Tarix esa odatda xatosiz qaror qabul qilganlarni emas, balki oʻz kelajagi uchun masʼuliyatni zimmasiga olishga jurʼat etgan xalqlarni eslab qoladi.

Balki shuning uchun ham bu saylovlarning asosiy natijasi qaysi partiya qancha oʻrin olganida emas, balki arman jamiyati oʻz kelajagi haqidagi qarorni tashqi bosimlar emas, aynan oʻz irodasi bilan qabul qilishga uringanidadir. Zero, erkinlikning haqiqiy maʼnosi ham aynan shunda — tanlov qilish huquqida va oʻsha tanlov uchun javob berish jasoratida.

Abulfayz Sayidasqarov

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid