platina.uz
Jamiyat

Shavkat Mirziyoyev Ibrohim Gʻofurov vafoti sabab hamdardlik bildirdi

Ibrohim Gʻofurov mamlakatda koʻppartiyaviylik va parlamentarizm tamoyillarini rivojlantirishga ham hissa qoʻshdi. U Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi, Oliy Majlis deputati hamda Matbuot va axborot qoʻmitasi raisining oʻrinbosari lavozimlarida ish olib bordi. 

Shavkat Mirziyoyev Ibrohim Gʻofurov vafoti sabab hamdardlik bildirdi

Atoqli adabiyotshunos olim, adib va tarjimon, taniqli jamoat arbobi, Oʻzbekiston Qahramoni Ibrohim Usmonovich Gʻofurov 2026 yil 6 iyun kuni 89 yoshida vafot etdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev adabiyotshunos vafoti sabab hamdardlik bildirdi.

Ibrohim Gʻofurov 1937 yil 27 dekabrda Toshkent shahrida tugʻildi. Oʻrta maktabni tugatganidan soʻng Toshkent davlat universiteti (hozirgi Oʻzbekiston Milliy universiteti)ni filolog – oʻzbek tili va adabiyoti oʻqituvchisi mutaxassisligi boʻyicha tamomladi.

Mehnat faoliyatini 1961 yilda Davlat badiiy adabiyot nashriyotida muharrir sifatida boshlab, keyinchalik uzoq yillar Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyotida boʻlim mudiri, bosh muharrir oʻrinbosari lavozimlarida xizmat qildi.

Ibrohim Gʻofurovning ijtimoiy faol ijodkor, chinakam maʼrifat fidoyisi sifatidagi yuksak fazilatlari u “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasi bosh muharririning oʻrinbosari, “Milliy tiklanish” gazetasi bosh muharriri boʻlib ishlagan yillarda yaqqol namoyon boʻldi.

Filologiya fanlari nomzodi Ibrohim Gʻofurov ijodiy va ijtimoiy faoliyatni pedagoglik bilan uygʻun holda olib borib, Oʻzbekiston Milliy universiteti, Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti singari nufuzli oliygohlarda talabalarga dars berdi va yuqori malakali filolog hamda jurnalist kadrlar tayyorlashda ham jonbozlik koʻrsatdi.

Ibrohim Gʻofurov mamlakatimizda koʻppartiyaviylik va parlamentarizm tamoyillarini rivojlantirishga ham munosib hissa qoʻshdi. U Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi, Oliy Majlis deputati hamda Matbuot va axborot qoʻmitasi raisining oʻrinbosari lavozimlarida samarali ish olib bordi. Yorqin isteʼdod, keng bilim va tafakkur egasi boʻlgan Ibrohim Gʻofurov oʻzidan boy ilmiy, adabiy-badiiy meros qoldirdi.

Uning 60 yildan ziyod mehnat faoliyati mobaynida hassos adabiyotshunos olim, donishmand adib sifatida oʻzbek adabiyotining dolzarb nazariy va amaliy masalalariga, xususan, Abdulla Qodiriy, Oybek, Usmon Nosir, Maqsud Shayxzoda, Mirtemir, Zulfiya, Said Ahmad, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov singari ulugʻ adib va shoirlarimiz asarlarining badiiy tahliliga bagʻishlangan koʻplab maqolalari, kitob va risolalari, ommaviy axborot vositalaridagi chiqishlari milliy maʼnaviyatimiz xazinasiga katta hissa boʻlib qoʻshildi.

Ibrohim Gʻofurov insonning qalb kechinmalarini, yuksak gumanistik gʻoyalarni tarannum etadigan badiiy va publitsistik asarlari, adabiy-maʼrifiy mavzudagi filmlar uchun yozgan ssenariylari bilan ham adabiyotimizda oʻchmas iz qoldirdi. U jahon adabiyotining oʻnlab mumtoz namunalarini, xususan, F.Dostoyevskiy, G.Mopassan, E.Xeminguey, G.G.Markes, J.Joys, Ch.Aytmatov kabi adiblarning mashhur asarlarini oʻzbek tiliga yuksak mahorat bilan tarjima qilib, badiiy tarjimachilik sohasida oʻziga xos ijodiy maktab yaratdi. Mohir soʻz sanʼatkorining serqirra isteʼdodi Yangi Oʻzbekiston sharoitida yanada yaqqol namoyon boʻldi. U mamlakatimizning ijtimoiy-maʼnaviy hayotida, yosh ijodkorlarni qoʻllab-quvvatlash, milliy adabiyotimiz va sanʼatimizni rivojlantirishga qaratilgan islohotlar jarayonida umrining oxiriga qadar faol ishtirok etib keldi.

Ibrohim Gʻofurovning xalqimiz, Vatanimiz oldidagi unutilmas xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “Oʻzbekiston Qahramoni” oliy unvoni hamda “Oʻzbekiston Respublikasi sanʼat arbobi” faxriy unvoni, “Doʻstlik” va “Mehnat shuhrati” ordenlari bilan mukofotlandi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid