Putin Rossiyasining Markaziy Osiyodagi taʼsiri qanday kamaymoqda?
Qozogʻiston endi uni faqat “kichik sherik” sifatida qabul qilish mumkin boʻlmagan darajada muhim oʻyinchiga aylanmoqda.

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning 2026 yil 27-29 may kunlari Qozogʻistonga amalga oshirgan davlat tashrifi soʻnggi yillardagi postsovet hududidagi eng koʻrsatkichli voqealardan biri boʻldi.
Rasman olganda, gap anʼanaviy ittifoqchilar muzokaralari, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi tadbirlarida ishtirok etish va ikki tomonlama kelishuvlarning navbatdagi paketini imzolash haqida borayotgan edi. Tashrif yakunlariga koʻra atom energetikasi, neft-gaz sohasidagi hamkorlik, moliyaviy oʻzaro munosabatlar, valyuta svopi va davlatlararo sheriklikka oid hujjatlar imzolandi.
Biroq diplomatik protokol ortida ancha chuqurroq jarayon yashirin edi. Ostonaga shunchaki Rossiya prezidenti emas, balki soʻnggi yillardagi eng yirik Rossiya delegatsiyalaridan biri ham tashrif buyurdi. Uning tarkibiga iqtisodiy blok, energetika, transport, sanoat va moliya sohalari vakillari kirgan edi.
Bu holat muhim savolni tugʻdiradi: agar Rossiya hamon mintaqaning shubhasiz yetakchisi boʻlsa, nega u oʻzining eng yaqin ittifoqchisiga nisbatan bunchalik keng koʻlamli diplomatik safarbarlikka ehtiyoj sezmoqda?
Javob Yevroosiyoning oʻzgarib borayotgan geosiyosiy arxitekturasida yotadi. Rossiya endi oʻn yoki oʻn besh yil avvalgi kabi Markaziy Osiyoda siyosiy, iqtisodiy va strategik monopoliyaga ega emas. Shu bilan birga, Qozogʻiston ham yirik davlatlar tashqi siyosatining obʼekti boʻlishdan chiqib, mintaqaviy jarayonlarga taʼsir koʻrsata oladigan mustaqil oʻyinchiga aylanib bormoqda.
Putinning may oyidagi Ostonaga tashrifi aynan bir qutbli mintaqaviy tizimdan koʻp qutbli va murakkabroq modelga oʻtish jarayonini namoyon qildi.
Markaziy Osiyo endi Rossiya vassali emasmi?
Postsovet davrining katta qismi mobaynida Rossiya Markaziy Osiyo uchun asosiy tortish kuchi boʻlib qoldi. Moskva asosiy transport yoʻlaklarini nazorat qilar, mintaqaning bosh harbiy hamkori hisoblanar, mehnat migratsiyasining katta qismini qabul qilar va koʻplab tovarlar uchun eng yirik bozor vazifasini bajarar edi.
Biroq 2022 yildan keyin mintaqaviy muvozanatni oʻzgartirayotgan jarayonlar boshlandi.
Birinchidan, Xitoyning taʼsiri keskin kuchaydi. Agar yigirma yil avval Pekin asosan savdo hamkori sifatida qabul qilingan boʻlsa, bugungi kunda Xitoy Markaziy Osiyo infratuzilmasiga eng koʻp sarmoya kiritayotgan davlat, xomashyoning eng yirik xaridori va yirik loyihalarning asosiy moliyalashtiruvchisiga aylandi.
Qozogʻistonga tashrifidan oldin Putin Xitoyga borgan edi. Anʼanaviy “strategik sheriklik” haqidagi bayonotlarga qaramay, Moskva oʻzining eng muhim masalalari boʻyicha kutilgan yutuqlarga erisha olmadi. Rossiya uchun Yevropa gaz bozorini yoʻqotish oʻrnini bosishi kerak boʻlgan Sibir kuchi-2 gaz quvuri loyihasining yakuniy boshlanishi eʼlon qilinmadi. Xitoy ham Rossiya tashqi siyosatini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yangi siyosiy majburiyatlar olmadi. Pekin pragmatik yondashuvini saqlab qoldi va Rossiya bilan faqat oʻz milliy manfaatlariga mos keluvchi sohalardagina hamkorlikni davom ettirdi. Xitoy Rossiya uchun toʻliq iqtisodiy yoki geosiyosiy “qutqaruv halqasi” boʻlishga tayyor ekanini koʻrsatuvchi belgilar ham kuzatilmadi.
Asosiy xulosa shundan iboratki, bu tashrif Rossiya-Xitoy munosabatlarining muvaffaqiyatsizligini emas, balki yangi voqelikni koʻrsatdi. Bu voqelikda Rossiya tobora koʻproq Xitoyning kichik sherigi sifatida harakat qilmoqda va Pekin shartlarini hisobga olishga majbur boʻlmoqda.
Shu sababli Putinning keyingi Qozogʻiston tashrifini Rossiya oʻz taʼsiri nisbatan kuchliroq boʻlib turgan hududlarda pozitsiyalarini mustahkamlashga urinish sifatida baholash mumkin.
Ikkinchidan, Turkiya, Fors koʻrfazi davlatlari, Yevropa Ittifoqi va Hindiston faolligi sezilarli darajada oshdi.
Uchinchidan, mintaqaning oʻzidagi davlatlar ham mustaqil tashqi siyosat yuritishda ancha ishonchli boʻlib qoldi. Bu holat ayniqsa Qozogʻiston va Oʻzbekiston misolida yaqqol koʻrinadi. Natijada Markaziy Osiyo tashqi boshqaruv maydonidan bir nechta kuch markazlari raqobatlashadigan hududga aylanib bormoqda. Moskva hanuz muhim oʻyinchilardan biri boʻlib qolmoqda, ammo endi u maydonda yagona emas.
Nima uchun Qozogʻiston mintaqaning asosiy davlatiga aylandi?
Markaziy Osiyo davlatlari orasida aynan Qozogʻiston resurslar, geografiya va siyosiy vaznning eng qulay uygʻunligiga ega. Qozogʻiston mintaqadagi eng yirik iqtisodiyot hisoblanadi. U neft, gaz, uran va nodir yer metallarining ulkan zaxiralariga ega. Mamlakat Yevroosiyoning asosiy transport yoʻlaklari kesishmasida joylashgan. Bundan tashqari, Qozogʻiston Markaziy Osiyo davlatlari ichida nisbatan rivojlangan moliyaviy tizim va eng diversifikatsiya qilingan tashqi siyosatga ega. Ayniqsa Kaspiy dengizi, Janubiy Kavkaz va Turkiya orqali Yevropaga chiquvchi “Oʻrta koridor”ning rivojlanishi muhim ahamiyat kasb etdi. Rossiya-Ukraina mojarosi boshlanganidan keyin mazkur yoʻnalishning ahamiyati yanada oshdi. Xitoy uchun bu Yevropa bozorlariga chiqishning qoʻshimcha kanaliga aylandi. Yevropa uchun esa Rossiya tranzitiga qaramlikni kamaytirish vositasi boʻldi. Qozogʻiston uchun geografik joylashuvni siyosiy kapitalga aylantirish imkonini berdi. Agar avval Qozogʻiston Rossiya va Xitoy oʻrtasidagi tranzit hudud sifatida koʻrilgan boʻlsa, bugun u Yevroosiyoning mustaqil logistika markaziga aylanmoqda.
Toʻqayev va yangi qozoq diplomatiyasi
Qozogʻiston prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayev postsovet hududidagi eng tajribali diplomatlardan biri sifatida namoyon boʻldi. Soʻnggi yillarda Qozogʻiston Rossiya bilan strategik sheriklikni saqlagan holda Xitoy, Yevropa Ittifoqi, AQSh, Turkiya va arab monarxiyalari bilan munosabatlarni ham chuqurlashtirishga muvaffaq boʻldi.
Qozogʻiston tashqi siyosatining asosiy xususiyati bir tomonni tanlash emas, balki barcha tomonlar bilan bir vaqtning oʻzida ishlay olish qobiliyatidir.
Zero, Ostona Rossiyaga qarshi koalitsiyalarga qoʻshilmaydi. Biroq Rossiya siyosatining vositasiga ham aylanmaydi. Xitoy bilan yaqin aloqalarni saqlaydi. Lekin haddan tashqari iqtisodiy qaramlikdan qochadi. Gʻarb bilan munosabatlarni rivojlantiradi. Biroq Rossiyaga qarshi platsdarmga aylanmaydi. Bu yondashuv Qozogʻistonga bir vaqtning oʻzida barcha yoʻnalishlardan manfaat olish imkonini beradi. Amalda bu global yetakchilikka daʼvo qilmaydigan, ammo mustaqil siyosat yuritish uchun yetarli resurslarga ega boʻlgan “oʻrta davlat” modeli shakllanayotganini anglatadi.
Putin aslida nima istagan edi?
Koʻplab kuzatuvchilar ushbu tashrifni Rossiya kuch-qudrati namoyishi sifatida koʻrsatishga urinmoqda. Biroq delegatsiya tarkibi va muzokaralar mazmuni boshqacharoq talqinni ham taklif qiladi.
Rossiya Qozogʻistonga birinchi navbatda iqtisodiy kun tartibi bilan keldi. Imzolangan kelishuvlar atom elektr stansiyasi qurilishi, energetik hamkorlikni kengaytirish, moliyaviy mexanizmlar va yangi investitsiya loyihalariga taalluqli boʻldi. Shuningdek, AES va valyuta svopiga oid bitimlar kiritilgan qariyb oʻn beshta hujjat imzolandi. Rossiya va Qozogʻiston oʻzaro savdo hajmini taxminan 30 milliard dollarga yetkazish maqsadini ham tasdiqladi.
Bu Moskva oʻz taʼsirini siyosiy bayonotlar emas, balki aniq iqtisodiy loyihalar orqali mustahkamlashga intilayotganini koʻrsatadi. Oʻn yil avval Rossiya taʼsiri tabiiy hol sifatida qabul qilingan boʻlsa, bugun uni iqtisodiy takliflar bilan doimiy ravishda tasdiqlab borish talab etilmoqda. Bu soʻnggi yillardagi eng muhim oʻzgarishlardan biridir. Rossiya endi faqat tarixiy aloqalarga tayana olmaydi. U raqobat qilishga majbur. Qolaversa, avvalgidan ancha keng doiradagi oʻyinchilar bilan raqobat qilmoqda.
Shu nuqtai nazardan, katta delegatsiya Rossiya qudratining emas, balki Qozogʻiston ahamiyati ortib borayotganining belgisi sifatida ham baholanishi mumkin.
Rossiya taʼsirini yoʻqotyaptimi yoki uning taʼsir shakli oʻzgaryaptimi?
“Rossiya taʼsirining tugashi” degan fikr hozircha erta xulosa boʻlib koʻrinadi. Rossiya hanuz Qozogʻistonning eng yirik savdo hamkori hisoblanadi. Ikki davlat oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 2024-2025 yillarda taxminan 27-28 milliard dollar atrofida boʻlgan va Qozogʻiston Rossiyaning Markaziy Osiyodagi asosiy hamkoridir. Bundan tashqari, YeOIH doirasida ham Rossiya Qozogʻiston uchun asosiy savdo yoʻnalishi boʻlib qolmoqda. Harbiy hamkorlik ham muhim ahamiyatga ega.
Oʻnlab yillar davomida shakllangan millionlab insonlar oʻrtasidagi aloqalarni esa qisqa vaqt ichida almashtirib boʻlmaydi. Shuning uchun Rossiya Markaziy Osiyodan siqib chiqarilmoqda, deb aytish notoʻgʻri boʻladi. Aniqroq taʼrif boshqacharoq – mintaqada hukmronlikdan raqobatga oʻtish jarayoni kechmoqda.
Moskva endi yagona kuch markazi emas. Ammo u hanuz eng muhim kuch markazlaridan biri boʻlib qolmoqda.
Qozogʻiston va Oʻzbekiston: mintaqaviy hamkorlikning shakllanishi
Takʼkidlash kerak, tashqi monopoliyaning zaiflashishi bilan bir vaqtda mintaqaning ichki subʼektligi ham kuchaymoqda. Bu jarayonning eng yaqqol koʻrinishi Qozogʻiston va Oʻzbekistonning yaqinlashuvida namoyon boʻlyapti. Avval Markaziy Osiyo davlatlari koʻproq tashqi qaror qabul qilish markazlariga qaragan boʻlsa, bugun ular tobora faolroq tarzda oʻzaro harakatlarni muvofiqlashtirmoqda.
Mintaqa yetakchilarining muntazam uchrashuvlari, qoʻshma infratuzilma loyihalari va transport koridorlarining rivojlanishi yangi siyosiy makon shakllanayotganidan dalolat beradi. Bu tizimda Qozogʻiston eng katta iqtisodiy vaznga ega. Oʻzbekiston esa eng katta demografik salohiyatga ega. Birgalikda ular yangi Markaziy Osiyoning oʻzagini shakllantirmoqda. Rossiya uchun bu alohida qaram davlatlar bilan emas, balki yaxshi tashkillashgan mintaqa bilan munosabat qurish zarurligini anglatadi.
Nima uchun XXI asr Qozogʻiston foydasiga ishlayapti?
Qozogʻiston uchun qulay boʻlgan bir nechta tuzilmaviy omillar mavjud.
Birinchi omil – geografiya. Mamlakat Xitoy, Rossiya, Kaspiy havzasi va Janubiy Osiyo oʻrtasida joylashgan.
Ikkinchi omil – resurslar. Uran, neft, gaz va nodir yer metallari energetik oʻtish davrida strategik ahamiyat kasb etmoqda.
Uchinchi omil – transport. Oʻrta koridor ahamiyatining oʻsishi Qozogʻistonning xalqaro mavqeini kuchaytirmoqda.
Toʻrtinchi omil – diplomatiya. Koʻp vektorli siyosat izolyatsiyadan qochish va manyovr imkoniyatini saqlash imkonini beradi.
Beshinchi omil – nisbatan siyosiy barqarorlik.
Ushbu afzalliklar yigʻindisi Qozogʻistonni shakllanayotgan koʻp qutbli dunyoning asosiy benefitsiarlaridan biriga aylantirmoqda.
Xulosa
Hozirda Rossiya Ukrainadagi urush oqibatida ham jiddiy qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Ukraina dronlar urushi sohasida maʼlum muvaffaqiyatlarga erishdi va Rossiya armiyasi harakatlarini murakkablashtirishga muvaffaq boʻldi.
Biroq hozircha orqa hududlarga berilgan zarbalar Rossiya hujumini toʻliq toʻxtatdi, deb aytishga asos yoʻq.
Shu bilan birga, ukrain dronlarining hujumlari yoqilgʻi, oʻq-dori va texnika yetkazib berish surʼatini sekinlashtirmoqda. Ular Rossiyani orqa hudud mudofaasiga qoʻshimcha resurslar sarflashga majbur qilmoqda, mamlakat ichkarisidagi xavfsizlik hissini pasaytirmoqda va hujum operatsiyalari qiymati hamda murakkabligini oshirmoqda.
Bunday sharoitda Putinning ayrim harakatlari sobiq qudratni saqlab qolishga qaratilgan soʻnggi siyosiy urinishlarga oʻxshab koʻrinadi. Masalan, Armanistonni Yevropa Ittifoqiga yaqinlashmaslikka chaqirish yoki gaz eksporti va arman qishloq xoʻjaligi mahsulotlari importi boʻyicha bosim vositalaridan foydalanish Rossiya rahbariyatining siyosiy nufuzini oshirmaydi.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, Vladimir Putinning 2026 yil bahorida Qozogʻistonga davlat tashrifi bir tarixiy davr tugayotgani va boshqasi boshlanayotganining ramziga aylandi. Markaziy Osiyoda Rossiya deyarli monopol taʼsirga ega boʻlgan davr ortda qolmoqda. Uning oʻrniga raqobat, muvozanat va koʻp vektorlilik davri kelmoqda.
Ha, Rossiya hanuz mintaqaning eng muhim oʻyinchilaridan biri boʻlib qolyapti. Biroq endi u Xitoy, Turkiya, Yevropa Ittifoqi, Fors koʻrfazi davlatlari va eng muhimi – Markaziy Osiyo davlatlarining tobora kuchayib borayotgan mustaqilligi bilan raqobatlashishiga toʻgʻri keladi. Bu oʻtish jarayonining asosiy gʻolibi sifatida hozircha Qozogʻiston deyish uchun asoslar koʻp.
Shuning uchun ham Putin tashrifining asosiy maʼnosi Rossiya qudratini namoyish qilishda emas, balki yangi siyosiy voqelikni tan olishda edi: Qozogʻiston endi uni faqat “kichik sherik” sifatida qabul qilish mumkin boʻlmagan darajada muhim oʻyinchiga aylanmoqda.
Abulfayz Sayidasqarov
