Ukraina oʻz kuchiga koʻproq ishona boshladimi?
Zelenskiyning Putin bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar oʻtkazish haqidagi taklifi xalqaro vaziyat oʻzgara boshlagan bir paytda ilgari surildi. Tahlilchilar mazkur tashabbusni majburiy murosa emas, balki nisbatan ishonchli pozitsiyadan turib boshlangan diplomatik harakat deya baholadi.

2026 yil yoziga kelib Rossiya—Ukraina urushi yangi bosqichga kirdi. Bu bosqich front chizigʻining keskin oʻzgarishi bilan emas, balki mojaro atrofidagi siyosiy muhitning oʻzgarishi bilan ajralib turibdi. Bu oʻzgarishning ramzi sifatida Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning Rossiya prezidenti Vladimir Putinga urushni yakunlash boʻyicha toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar oʻtkazish taklifi bilan yoʻllagan ochiq xati, Kremlning javobi va tomonlar oʻrtasidagi keyingi diplomatik muloqotlar namoyon boʻldi.
Yana bir yil avval bunday tashabbus Ukraina zaiflashganining belgisi sifatida qabul qilinishi mumkin edi. Ammo bugungi vaziyat boshqacha koʻrinmoqda. Kiyev muzokaralarni frontdagi magʻlubiyatlardan keyin emas, balki Rossiya hududining chuqur qismidagi obʼektlarga zarba berish imkoniyatini namoyon qilgan bir qator operatsiyalardan keyin taklif qilmoqda.
Shu sababli koʻplab gʻarb tahlilchilari Zelenskiy tashabbusini majburiy murosa emas, balki nisbatan ishonchli pozitsiyadan turib boshlangan diplomatik harakat sifatida baholamoqda.
Zelenskiyning diplomatik tashabbusi: siyosiy dinamikani oʻzgartirishga urinish
Zelenskiyning Putin bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar oʻtkazish haqidagi taklifi xalqaro vaziyat oʻzgara boshlagan bir paytda ilgari surildi. AQSh eʼtibori tobora koʻproq boshqa mintaqalardagi inqirozlarga, avvalo Yaqin Sharqdagi vaziyatga qaratilmoqda. Kiyev Ukraina doimiy ravishda Gʻarb tashqi siyosatining asosiy ustuvor yoʻnalishi boʻlib qolmasligini yaxshi tushunadi.
Shuning uchun Ukraina rahbariyati bir vaqtning oʻzida bir nechta vazifani hal qilishga harakat qilmoqda.
Birinchidan, xalqaro hamjamiyatga tinch siyosiy yechim izlashga tayyor ekanini koʻrsatmoqchi.
Ikkinchidan, ittifoqchilarga Ukraina tinchlikka toʻsqinlik qilayotgan tomon emasligini namoyish qilishga urinyapti.
Uchinchidan, oxirgi oylardagi muvaffaqiyatlar hisobiga oʻz muzokaraviy pozitsiyasini mustahkamlashdan iborat.
Ayniqsa muhim jihati shundaki, Zelenskiy toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotga tayyorligini Ukraina Rossiya hududidagi nishonlarga uzoq masofadan zarba berish imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytirgan bir paytda bildirmoqda. Kiyev Rossiya uchun muammolarni nafaqat front chizigʻida, balki undan ancha uzoqda ham yuzaga keltira olishini koʻrsatishga intilmoqda.
Shunday qilib, diplomatik tashabbus harbiy strategiyaning muqobili emas, balki uning davomiga aylandi.
Rossiya: hujumdan holdan toydirish urushiga
Urush boshlangan paytda koʻpchilik tomonlardan biri tez orada gʻalaba qozonadi deb oʻylagan edi. 2026 yil oʻrtasiga kelib esa mojaro mutlaqo boshqacha xususiyat kasb etgani maʼlum boʻldi.
Rossiya hali ham bir qator muhim ustunliklarga ega. U kattaroq aholi soniga, yirik mudofaa sanoatiga, safarbarlik resurslariga va katta hajmda qurol-yarogʻ hamda oʻq-dorilar ishlab chiqarish imkoniyatiga ega. Biroq shu bilan bir vaqtda sekinlashish belgilari ham koʻzga tashlanmoqda. Rossiya qoʻshinlari ukrain pozitsiyalariga bosim oʻtkazishda davom etmoqda, ammo ilgarilash surʼatlari cheklanganligicha qolmoqda. Har bir kilometr hudud uchun katta resurslar sarflanmoqda. Yirik operativ maqsadlarga erishish uchun oylab tayyorgarlik koʻrish talab etilmoqda.
Bir necha yil avval Kreml Ukraina asta-sekin holdan toyishini kutishi va oʻzi nisbatan xavfsiz qolishidan umid qilishi mumkin edi. Bugun esa vaziyat oʻzgardi. Rossiyaning neftni qayta ishlash korxonalari, oʻq-dori omborlari, aerodromlari va logistika obʼektlari muntazam ravishda Ukraina zarbalari nishonlariga aylanmoqda. Hatto toʻgʻridan-toʻgʻri harbiy zarar har doim ham hal qiluvchi boʻlmasa-da, ulkan hududni himoya qilish zarurati Rossiya havo mudofaasi tizimiga qoʻshimcha bosim boʻlyapti.
Rossiya iqtisodiyoti: defolt chegarasidagi noaniqlik
Uzoq davom etayotgan qarama-qarshilikka Rossiya iqtisodiyoti qay darajada bardosh bera olishi eng muhim masalalardan biri boʻlib qolyapti.
Urushning dastlabki yillarida aytilgan Rossiya iqtisodiyoti tez orada qulaydi degan bashoratlar oʻzini oqlamadi. Rossiya sanksiyalarga moslashdi, aniqrogʻi sobiq sovet respublikalari unga sanksiyalarni aylanib oʻtishda faol yordam berishga majbur boʻlmoqda.
Ammo bu muammolar yoʻq degani emas. Harbiy xarajatlar tarixiy yuqori darajaga chiqdi. Inflyatsiya oʻsmoqda. Malakali ishchi kuchi tanqisligi kuchaymoqda. Koʻplab korxonalar kadrlar yetishmasligiga duch kelmoqda. Markaziy bank inflyatsiyani jilovlash uchun yuqori foiz stavkalarini saqlab turishga majbur. Iqtisodiyot ishlashda davom etmoqda, ammo bu doimiy bosim sharoitida kechmoqda.
Hozircha yaqin iqtisodiy inqiroz haqida gapirish qiyin, biroq tobora koʻproq belgilar tizimli muammolar yigʻilib borayotganini koʻrsatmoqda.
Shu sababli koʻplab gʻarb tahlilchilari Rossiya imkoniyatlarining asosiy cheklovchisi qurol-yarogʻ tanqisligi emas, balki harbiy harakatlarni yanada kengaytirishning qimmatga tushayotgani ekanligini taʼkidlashyapti.
Qolaversa, Putinning Rossiyadagi 2030 yildagi prezident saylovlarida ham ishtirok etishga va urushni davom ettirishga tayyorligi hamda ayrim propaganda ruporlarining “rus xalqi 2030 yilgacha urushga, moliyaviy qiyinchlik va cheklovlarga tayyor turishi kerak” degan bayonotlar rossiyaliklarda kelajakka umidni pasaytirib yubordi.
Putin Zelenskiyning xatini “surbetlik” deb atagani va yuzma-yuz uchrashuvga jurʼat qilmaganiga moliyaviy bozorlar ham keskin reaksiya qildi: turli birja indekslari tushib ketdi, bitkoin narxi pasaydi.
Ukraina: eyforiyasiz umid va ishonch
Agar Rossiya urush xarajatlarining oshib borishi muammosiga duch kelayotgan boʻlsa, Ukraina cheklangan resurslar sharoitida omon qolish vazifasini hal qilmoqda.
Ukraina iqtisodiyoti hajmi jihatidan Rossiyanikidan ancha kichik. Mamlakat xalqaro moliyaviy yordamga hanuz bogʻliqligicha qolmoqda. Safarbarlik bilan bogʻliq muammolar saqlanib turibdi. Infratuzilmaning katta qismi vayron qilingan yoki zarar koʻrgan.
Shunga qaramay, Ukraina yaqin vaqtgacha deyarli imkonsiz deb hisoblangan natijalarga erishdi. Soʻnggi yillardagi eng muhim yutuq mamlakatning harbiy dron texnologiyalari sohasida jahon yetakchilaridan biriga aylanganidir. Dronlar endi yordamchi vosita emas, balki urushning markaziy quroliga aylandi.
Aynan uchuvchisiz tizimlarning rivojlanishi Ukrainaga Rossiyaning son jihatidan ustunligini qisman qoplash va jangovar harakatlar geografiyasini frontdan ancha uzoq hududlarga kengaytirish imkonini berdi.
Ukraina rahbariyati tobora koʻproq ishonch bilan urush endi faqat pozitsiyalarni saqlab qolish uchun kurash emasligini taʼkidlamoqda. Kiyevning fikricha, u Moskva uchun urush narxini bosqichma-bosqich oshirishga qodir.
Biroq muhim jihat shundaki, ishonch hal qiluvchi ustunlik mavjudligini anglatmaydi. Ukraina hamon qurol-yarogʻ yetkazib berilishiga, moliyaviy yordamga va Gʻarbning siyosiy qoʻllab-quvvatlashiga muhtoj.
Nega muzokaralar ehtimoli past?
Bir qarashda Zelenskiy va Putin oʻrtasidagi ommaviy bayonotlar tomonlarni muzokaralarga yaqinlashtirayotgandek koʻrinishi mumkin. Amalda esa aksincha holat kuzatilmoqda.
Asosiy muammo shundaki, har ikki tomon oʻz holatini yetarlicha kuchli deb hisoblaydi. Rossiya oʻzining demografik va iqtisodiy ustunligidan foydalanib bosimni davom ettirish mumkin deb oʻylamoqda. Putining imperiyani qayta tiklash borasidagi xomxayollari va qaysarligi bois hali beri urush toʻxtamasligi mumkin.
Ukraina esa Rossiya iqtisodiyoti borgan sari choʻkib borishi va Kiyevning texnologik ustunliklari vaqt oʻtishi bilan kuchayib borishiga ishonmoqda.
Tomonlar kelajakda oʻz pozitsiyalarini yanada yaxshilash mumkin deb hisoblayotgan ekan, murosaga kelish uchun ragʻbat ham cheklangan boʻlib qoladi.
Shuning uchun bugungi diplomatik faollik koʻproq xalqaro jamoatchilik fikri uchun siyosiy kurash elementiga oʻxshaydi. Yaqin orada tinchlik kelishuvi imzolanishiga ishora qiluvchi omillar hali mavjud emasdek koʻrinadi.
Abulfayz Sayidasqarov
