“TBC Bank” guruhiga aloqador kompaniyaning OLXʼni sotib olishiga ruxsat berildi
OLX raqamli platformasi orqali xizmatlar uchun toʻlovlarni amalga oshirishda faqat “Payme” yoki “TBC bank” mobil ilovalaridan foydalanishga majburlamaslik koʻzda tutiladi.

“TBC Bank” guruhiga aloqador kompaniyaning OLX Classifieds'ni sotib olishi boʻyicha iqtisodiy konsentratsiya bitimiga rozilik berildi.
Raqobat qoʻmitasi tomonidan BAAda roʻyxatdan oʻtgan “Tapuz Limited” kompaniyasining OLX Classifieds MChJ XKning (OLX savdo belgisi ostida onlayn reklama xizmatlarini koʻrsatuvchi raqamli platforma) 100 foiz ulushini sotib olish boʻyicha arizasi koʻrib chiqildi.
Maʼlumot uchun,
- “Tapuz Limited” — korxonalarga investitsiya kiritish faoliyati bilan shugʻullanuvchi (holding) tashkilot;
- “OLX Classifieds” MChJ XK — “OLX” savdo belgisi ostida onlayn reklama xizmatlarini koʻrsatuvchi raqamli platforma operatori hisoblanadi.
Qoʻmita tomonidan oʻtkazilgan tahlillar davomida “Tapuz Limited” kompaniyasining asosiy aksiyadori boʻlgan “TBC Bank Group PLC” kompaniyasi Oʻzbekistonda “TBC bank” raqamli tijorat banki hamda “Payme” onlayn toʻlov xizmatiga bilvosita egalik qilishi, shuningdek, “Payme” AJ va “OLX Classifieds” MChJ XK raqamli platformalar sohasida ustun mavqega ega korxonalar roʻyxatiga kiritilganligi inobatga olindi.
Shu bilan birga, “Tapuz Limited” kompaniyasi Oʻzbekistonda onlayn reklama xizmatlari sohasida faoliyat yurituvchi boshqa xoʻjalik yurituvchi subʼektlar ustav fondida ulushga ega emasligi aniqlandi.
Qoʻmitaning Maxsus komissiyasi tomonidan oʻtkazilgan tahlil natijalariga koʻra, mazkur bitim boʻyicha raqobat muhitini saqlash va isteʼmolchilar manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan qator majburiy talablar belgilangan holda iqtisodiy konsentratsiya bitimiga oldindan rozilik berish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.
Jumladan, quyidagi talablarga rioya qilinishi belgilandi:
-“Tapuz Limited” kompaniyasining aksiyadorlaridan biri hisoblangan “TBC Bank Group PLC” kompaniyasi nazoratidagi raqamli platformalar orqali OLX raqamli platformasining hozirgi va kelgusidagi foydalanuvchilari uchun xizmatdan foydalanish shartlariga bir tomonlama va asoslanmagan tarzda taʼsir koʻrsatishga yoʻl qoʻymaslik;
-OLX raqamli platformasi orqali toʻplanadigan yoki qayta ishlanadigan maʼlumotlardan foydalanishda, shuningdek “TBC bank” ATB va “Payme” AJ bilan raqobatda boʻlgan tijorat tashkilotlarining mijozlariga oid shaxsiy yoki tijorat maʼlumotlaridan raqobatni cheklash maqsadida foydalanmaslik yoki ularni oshkor qilmaslik, ustun mavqeni suiisteʼmol qilmaslik hamda isteʼmolchilar huquqlarini kamsitmaslik choralarini taʼminlash;
-OLX raqamli platformasi orqali xizmatlar uchun toʻlovlarni amalga oshirishda faqat “Payme” yoki “TBC bank” mobil ilovalaridan foydalanishga majburlamaslik hamda raqobatchi toʻlov xizmatlari uchun teng sharoitlar yaratish choralarini koʻrish;
-Oʻzbekiston Respublikasining “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonuni 18-moddasi hamda Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 1 maydagi 256-son qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablariga toʻliq rioya qilish.
