Besh oyda 59 ta yirik uyushgan narkojinoiy guruh faoliyatiga chek qoʻyildi
Uyushgan guruhiy jinoyatchilikka qarshi kurash doirasida esa 40 ta yirik jinoiy guruh faoliyatiga barham berildi.

Uyushgan jinoyatchilik va narkojinoyatlarga qarshi kurashda muhim natijalar qayd etildi.
Joriy yilning yanvar–may oylarida huquq-tartibot organlarining tezkor boʻlinmalari hamkorligida uyushgan narkojinoyatchilik hamda uyushgan jinoiy guruhlar faoliyatiga qarshi kompleks tezkor tadbirlar amalga oshirildi.
Natijada narkotik vositalarni tarqatish bilan shugʻullangan 59 ta yirik uyushgan narkojinoiy guruh faoliyatiga chek qoʻyildi. Ularning 15 nafar yetakchisi va 199 nafar aʼzosi qoʻlga olindi. Shuningdek, 15 ta yashirin narkolaboratoriya fosh etildi. Bu koʻrsatkich oʻtgan yil davomida aniqlangan laboratoriyalar sonidan ham yuqoridir.
Tezkor tadbirlar davomida 1,2 tonna anʼanaviy narkotik moddalar, 54 kilogramm sintetik narkotiklar, 4,6 million dona psixotrop dori vositalari hamda 3 tonnadan ortiq noqonuniy prekursorlar musodara qilindi. Mutaxassislar hisob-kitoblariga koʻra, ushbu jinoiy tarmoqlarning faoliyati toʻxtatilishi natijasida har yili aholi orasida tarqatilishi mumkin boʻlgan millionlab psixotrop vositalar va katta hajmdagi narkotik moddalar noqonuniy aylanishining oldi olindi.
Narkojinoyatchilikka qarshi kurash yoʻnalishida Qozogʻiston, Tojikiston va Qirgʻiziston Respublikalarining vakolatli organlari bilan hamkorlikda 7 marotaba xalqaro tezkor tadbirlar oʻtkazildi.
Tahlillar narkotik vositalarning noqonuniy aylanmasi qisqarib, ularni realizatsiya qilish murakkablashgani sababli “qora bozor”dagi narxlar ham sezilarli darajada oshganini koʻrsatmoqda.
Uyushgan guruhiy jinoyatchilikka qarshi kurash doirasida esa 40 ta yirik jinoiy guruh faoliyatiga barham berildi. Ularning 48 nafar yetakchisi, jumladan, 6 nafari xorijiy davlatlarda ushlanib, Oʻzbekistonga olib kelindi. Shuningdek, 224 nafar aʼzo qoʻlga olindi.
Mazkur jinoiy guruhlar mamlakatning 50 ta shahar va tumanida talonchilik, bezorilik, tovlamachilik, tadbirkorlik faoliyatiga toʻsqinlik qilish hamda fuqarolarga tan jarohati yetkazish kabi ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlarni sodir etib kelgan.
Amalga oshirilayotgan tizimli va manzilli choralar natijasida mamlakatda jamoat xavfsizligini taʼminlash, fuqarolar osoyishtaligini mustahkamlash hamda uyushgan jinoyatchilikning ildizlariga zarba berish borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
