platina.uz
Madaniyat

Yangi yulduzlar kashf etilayotgan sahna: “Boʻzatov FEST” hal qiluvchi pallaga kirdi

“Yoshlar ovozi – Boʻzatov FEST” respublika tanlovining eng hayajonli va hal qiluvchi bosqichi boshlandi. Umumiy mukofot jamgʻarmasi 2,5 milliard soʻmni tashkil etgan mazkur tanlovning yakuniy gʻoliblari yaqin kunlarda boʻlib oʻtadigan super finalda eʼlon qilinadi.

Respublika boʻylab 370 mingdan ortiq yoshlarni qamrab olgan “Yoshlar ovozi – Boʻzatov FEST” tanlovi oʻzining hal qiluvchi pallasiga kirdi. 29 may kuni start olgan mazkur respublika tanlovi doirasida 3 iyun kuni Nukus sahnasida uning eng nafis yoʻnalishlaridan biri anʼanaviy ijro boʻyicha hududiy bosqichlardan saralangan 42 nafar eng iqtidorli yoshlar toʻliq jonli ijroda oʻzaro kuch sinashdi.

Mazkur tanlov yoshlarning ijodiy salohiyatini qoʻllab-quvvatlash, milliy sanʼatga qiziqishini oshirish hamda yangi isteʼdodlarni kashf etish maqsadida tashkil etib kelinmoqda.

3 iyun kungi dasturda ishtirok etgan 42 nafar ishtirokchi 3 ta yosh toifasida oʻz ovoz imkoniyatlarini namoyish etishdi. Tanlovning oʻziga xos jihati shundaki, barcha ijrolar toʻliq jonli musiqa joʻrligida taqdim etilmoqda. Sozandalar va konsertmeysterlar ishtirokchilar chiqishiga mos musiqalarni sahnaning oʻzida ijro etib, haqiqiy ijodiy muhitni yaratmoqda. Jarayonlarni Toshkent shahridan kelgan tajribali hakamlar hayʼati xolis baholab bormoqda.

Gʻolib va sovrindorlarni munosib taqdirlash maqsadida tanlovning umumiy mukofot jamgʻarmasi 2,5 milliard soʻmni tashkil etgan. Unga koʻra, yoʻnalishlar va yosh toifalari boʻyicha 1-oʻrin sohiblari 50 million soʻm, 2-oʻrin 30 million soʻm, 3-oʻrin esa 20 million soʻm pul mukofoti bilan taqdirlanadi.

Shuningdek, finalgacha yetib kelgan har bir ishtirokchi ham 10 million soʻmdan pul mukofoti bilan ragʻbatlantiriladi.Eʼtiborli jihati, oʻtgan yillar davomida mazkur tanlov koʻplab isteʼdodlarni kashf etdi. Bugun davlat mukofotlari, nufuzli tanlovlar va xalqaro sahnalarda muvaffaqiyat qozonayotgan bir qator yosh sanʼatkorlar oʻz vaqtida aynan «Yoshlar ovozi» sahnasi orqali keng jamoatchilikka tanilgan.

Boʻzatovdagi qizgʻin bellashuvlar yakuniga yetib bormoqda. Koʻp minglab ishtirokchilar orasidan saralangan eng kuchli ovoz sohiblarining gʻoliblikka loyiqligi aynan shu sahnada hal boʻladi. Tanlov gʻoliblari nomi esa super final yakunida eʼlon qilinadi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid