Shavkat Mirziyoyev Amin Tojiyevning vafoti sabab hamdardlik bildirdi
Amin Tojiyev Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, qishloq xoʻjaligi vaziri, Oʻrmon xoʻjaligi boshqarmasi boshligʻi va boshqa lavozimlarda ishlagan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Amin Tojiyevning vafoti sabab hamdardlik bildirdi.
Taniqli davlat va jamoat arbobi, mehnat faxriysi Amin Hamroyevich Tojiyev 2026 yil 4 iyun kuni 79 yoshida vafot etdi.
Amin Tojiyev 1947 yil 12 aprelda Toʻrtkoʻl tumanida tugʻildi. Oʻrta maktabni tugatganidan soʻng Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalashtirish muhandislari instituti (hozirgi Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti milliy tadqiqot universiteti)ni muhandis-mexanik mutaxassisligi boʻyicha tamomladi.
Mehnat faoliyatini 1968 yil Toʻrtkoʻl tumanidagi Al-Xorazmiy nomidagi jamoa xoʻjaligining texnika xavfsizligi muhandisi sifatida boshladi. Keyinchalik Toʻrtkoʻl, Elikqalʼa, Amudaryo tumanlarida rahbarlik lavozimlarida ishladi.
Katta tashkilotchilik qobiliyatiga ega boʻlgan Amin Tojiyev Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, qishloq xoʻjaligi vaziri, Oʻrmon xoʻjaligi boshqarmasi boshligʻi, Oʻzbekiston Respublikasi davlat agrosanoat qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari kabi masʼul lavozimlarda fidokorona mehnat qildi.
Amin Tojiyev oʻzining 50 yildan ziyod mehnat faoliyati davomida Orolboʻyi mintaqasidagi murakkab sharoitda hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, infratuzilma tarmoqlarini yaratish, aholining turmush darajasini yuksaltirish boʻyicha koʻplab ishlarni amalga oshirdi.
Xususan, suv tanqisligini bartaraf etish maqsadida “Tuyamoʻyin – Nukus – Taxtakoʻpir” sugʻorish tarmogʻi va koʻplab ijtimoiy va madaniy obʼektlarni barpo etishda jonbozlik koʻrsatdi.
U nafaqaga chiqqanidan keyin ham Qoraqalpogʻiston Respublikasi ijtimoiy hayotida faol ishtirok etib, ekologik muhitni yaxshilash, aholi uchun qulay sharoitlar yaratish, keng koʻlamli qurilish, obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlarini olib borishga qaratilgan loyihalarni roʻyobga chiqarish, keksa avlod manfaatlarini himoya qilish, yoshlarni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashga oʻzining boy hayotiy bilim va tajribasini baxsh etdi.
Amin Tojiyevning mamlakatimizni taraqqiy ettirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “El-yurt hurmati”, “Doʻstlik” va “Mehnat shuhrati” ordenlari, “Qoraqalpogʻiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan mexanizator” faxriy unvoni bilan mukofotlangan edi.
