Namangan IIB tergovchisi va advokat ushlandi
Dastlab advokat fuqaroga nisbatan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishini hal qilish evaziga 40 ming dollar olgan. Tergovchi esa advokatdan 30 ming dollar olayotganda qoʻlga tushdi.

Tergovchi va advokatga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Namangan viloyati IIB Tergov boshqarmasi tergovchisi oʻzining ish yurituvida boʻlgan, Chust tumanida yashovchi, 2006 y.t. fuqaroga nisbatan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishini uning foydasiga ijobiy hal qilib, tugatib yuborish evaziga ishga aloqador boʻlmagan advokat orqali 40 ming AQSh dollari talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Chust tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda advokatlar hayʼati advokati gumonlanuvchining otasidan 40 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Soʻngra tezkor tadbir davom ettirilib, advokatdan 30 ming AQSh dollarini olgan vaqtida tergovchining noqonuniy harakatiga chek qoʻyildi.
Hozirda tergovchiga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi (pora olish) bilan, advokatga esa JKning 212-moddasi (pora olish-berishda vositachilik qilish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanildi.
