Avtobusga chiqqandan toʻlov qilish qoidasi joriy etiladi
Yoʻlkira avtobusga chiqish vaqtida toʻlanmaganda, yoʻlovchi chiptasiz yurgan deb hisoblanadi.

Avtobuslarda yoʻlovchi tashish takomillashtiriladi.
“Shahar yoʻlovchi transporti tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Hukumat qarori (276-son, 03.06.2026 y.) qabul qilindi.
Qarorga koʻra, haydovchi bilan birga 60 yoki undan ortiq kishini tashishga moʻljallangan, “Yevro-5” va undan yuqori ekologik toifa talablariga mos keladigan M3 toifadagi (III sinfga mansub boʻlmagan) yangi transportlarni (avtobus/elektrobus yoki trolleybuslar):
- 2027 yil 31 dekabrgacha Oʻzbekistonga import qilishda utilizatsiya yigʻimining nol stavkasi qoʻllaniladi.
2026 yil 1 sentabrdan:
- yoʻlovchi tomonidan yoʻlkira validatorlar bilan jihozlangan avtobusga chiqish vaqtida quyidagi usullar orqali toʻlanadi:
- transport kartasini validatorga tekkizgan holda uni validatsiya qilish;
- bank kartasi, smartfon va boshqa kontaktsiz elektron toʻlov turlaridan foydalanish (NFC, QR, Biometric, BLE, UWB va boshqa joriy etilayotgan texnologiyalar yordamida toʻlash);
- ijtimoiy/transport kartasini validatorga tekkizgan holda imtiyozli yoki bepul yurish huquqini tasdiqlash;
- yoʻl haqi mazkur usullar orqali avtobusga chiqish vaqtida toʻlanmaganda, yoʻlovchi chiptasiz yurgan deb hisoblanadi.
