1,5 gektar yerni 750 ming dollarga sotmoqchi boʻlgan shaxs ushlandi
U mazkur ishni arxitektura va kadastr tizimlarida ishlovchi mansabdor tanishlari yordamida amalga oshirishni moʻljallagan.

1,5 gektar yer uchun 750 ming dollar soʻragan shaxs ushlandi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati boʻyicha boshqarmasi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan yer maydonini noqonuniy rasmiylashtirib berish bilan bogʻliq holat fosh etildi.
Xususan, Toshkent shahrida yashovchi, 1979 y.t. shaxs tadbirkorlik bilan shugʻullanmoqchi boʻlgan fuqaroning ishonchiga kirgan. U Yangiyoʻl tumanida joylashgan hamda davlat zaxirasida boʻlgan 1,5 gektar yer maydonini arxitektura va kadastr tizimlarida ishlovchi mansabdor tanishlari orqali uning nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 750 ming AQSh dollari talab qilgan.
Oʻtkazilgan tezkor tadbirda qonunbuzar soʻralgan pul mablagʻi hisobidan oldindan 20 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda unga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda
