Soliq, "Oʻzbekneftgaz" va xususiy korxonalar masʼullari 643,2 mlrd soʻmni talon-toroj qilgani aniqlandi
Ular Shoʻrtan gaz-kimyo majmuasiga berilgan 5,3 trln soʻmlik xizmatlar QQSdan ozod etilgan boʻlsa-da, byudjetda asossiz ravishda QQS mablagʻini hosil qilishgan.

Byudjet mablagʻlarining 643,2 mlrd soʻmi talon-toroj qilindi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departament tomonidan Soliq qoʻmitasi komplayens va korrupsiyaga qarshi nazorat boshqarmasi bilan hamkorlikda tergovga qadar tekshiruv oʻtkazildi.
Unda Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasi, Buxoro viloyati soliq boshqarmasi, “Oʻzbekneftgaz” AJ, “SH.G.” MChJ, “S.E.” MChJ QK, “A.” MChJ va “E.E.” MChJ QKning Oʻzbekistondagi doimiy muassasasi masʼul shaxslari oʻzaro til biriktirgani aniqlandi. Ular Shoʻrtan gaz-kimyo majmuasining ishlab chiqarish quvvatini kengaytirish boʻyicha berilgan 5,3 trln soʻmlik xizmatlar QQSdan ozod etilgan boʻlsa-da, QQS summasini elektron hisob-fakturalarga noqonuniy kiritib, byudjetda asossiz ravishda QQS mablagʻini hosil qilib, ushbu mablagʻni “A.” MChJning hisob raqamiga qaytarilishiga va “S.E.” MChJ QKning davlat oldidagi kreditorlik qarzdorliklarining yoʻq qilinishiga erishib, 643,2 mlrd soʻmlik byudjet mablagʻlarini oʻzlashtirish va rastrata qilish yoʻli bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.
